Asosiy mavzular
22 november 2016

Rasmiy ta'kidlar ortidagi anglashmalar

O‘zbekiston rasmiy matbuoti Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning mamlakatga tashrifini yoritishda faqat O‘zA tomonidan berilgan rasmiy xabarlarga tayandi.

Avvalo, bu rasmiy xabarlar o‘ta siyosiy hushyorlik ruhida yozilganini ta'kidlash joiz. Xususan, ushbu tashrif «Turkiyada O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat berilishidan dalolat ekani qayd etilgani» aytib o‘tiladi.

Agar bu rasmiy tilni oddiy xalq tiliga o‘girsak, mazkur munosabatlarni rivojlantirish harakatini boshlash Turkiya tomonining tashabbusi ekani anglashiladi.

Shuningdek, tashrifga bag‘ishlangan bosh maqolada muzokaralar chog‘ida «O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlash masalasi muhokama qilingani» ham bildiriladi.

Buni ikki davlat o‘rtasida ishonch muhiti yaxshi emas, deb tushunmoq kerak. Zero, O‘zbekistonning marhum prezident Islom Karimov davrida Turkiyaga nisbatan yuritgan siyosati ana shunday muhit hukmron bo‘lishiga olib kelgan edi.

Ancha yillardan beri turk biznesi O‘zbekistondan yiroqlashtirilgani, siyosiy aloqalar ham o‘ta past darajada ekani ko‘pchilikka sir emas. Bu esa, avvalo, o‘zbek muxolifati vakillari, birinchi navbatda, «Erk» partiyasi yetakchisi Muhammad Solihning Turkiyadan boshpana topganiga bog‘liq, deb hisoblaydi aksariyat kuzatuvchilar.

Ammo maqolalarda ikki davlat rahbarlarining muzokaralarida o‘zbek muxolifati bilan bog‘liq vaziyat ham muhokama qilinganmi-yo‘qmi, degan savolga javob topib bo‘lmaydi. O‘zbek matbuoti tabiatidan kelib chiqilsa, garchi bu masala muhokama qilingan bo‘lsa ham elga oshkor etilishini kutish kerak emas.

Internet saytlarida Turkiya rahbari Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida bo‘lib, u yerda juma namozini o‘qigani, lekin birorta o‘zbek mulozimi unga ergashmagani haqida yozildi.

O‘zbek matbuoti esa qilingan ziyorat haqida xabar berish bilan cheklanib, namoz masalasida sukut saqladi.

Tashrifga oid bosh maqolaning asosiy qismi o‘zaro iqtisodiy aloqalarga bag‘ishlangan. Agar bu xabarlarga ishonilsa, tomonlar yaqin yillarda o‘zaro savdo aylanmasini 2-3 barobar oshirish (2015 yilda 1,2 milliard dollar) sa'y-harakatini qiladi.

«Suhbat chog‘ida ushbu tashrif ikki mamlakat ishbilarmonlar doiralari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikka yangi sur'at baxsh etishga ishonch bildirildi «, deyiladi maqolada.

«Yangi sur'at» so‘zlari bu gapda eng urg‘u berilgan jumladir. Ammo bu yangi sur'atga erishish Turkiyadagi o‘zbek muxolifati bilan bog‘liq vaziyatga qanchalik aloqador bo‘ladi?

Hozircha tashrifdan so‘ng ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savol aslida shu!

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
12 april 2017
Erkaklarning doyalik qilishiga qarshi ma'ruzasi bilan tanilgan toshkentlik 42 yoshli imom Sayfuddinov mavzuni yoritgan jurnalistlarni fitnada aybladi. «Erkak kishini ...
24 august 2018
Rashid Qodirov davrida shakllangan prokurorlar hali ot ustida va ular uzoqqa boradigan ko‘rinadi. Ular uzoq yillardan buyon qo‘llab kelayotgan ...
19 october 2015
Qudrat Bobojon, Eltuz.com Paxtada urushdagidek odamlar o‘limiga ko‘nikishgan. Shuning uchun 2 oktyabr kuni o‘zini paxta dalasidagi daraxtga osgan litsey ...
4 june 2021
(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 30-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) Qutulishing yagona yo‘li esa ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...