Asosiy mavzular
12 february 2019

Tashkent City qurilishi metro uchun qanchalik xavfsiz?

Bugun Toshkent metropolitenidan foydalanayotgan yuz minglab vatandoshlarimiz yana shu savolga javobni bilishga haqli.

Lekin metropoliten rahbarlari nega bir necha oydan buyon metroning “Xalqlar do‘stligi” va “Paxtakor” bekatlari oralig‘ida poezdlar odatdagidan sekin harakatlanishining asl sababini yashirib kelmoqda?

O‘tgan yilning sentyabrida bu bekatlar oralig‘ida poezdlar harakati sekinlashganiga sabab mazkur uchastkalarda shpallar va relslar almashtirilayotgani ekanini ma'lum qilgan edi.

Shu bilan birga, bu ishlar 5-10 kunda nihoyasiga yetkazilishi bildirilib, yo‘lovchilarning ko‘ngli tinchlantirilgan edi.  

“Metro sostavlarining sekinlashishi 5 kundan 10 kungacha davom etadi, yo‘lovchilarning bezovta bo‘lishiga hech qanday sabab yo‘q”,- degandi o‘shanda Toshkent metropoliteni mulozimi.

Biroq oradan 5 oydan ko‘proq vaqt o‘tsa hamki, poezdlarning harakati odatdagi maromga tushmadi. Bu esa turli shov-shuvlarni keltirib chiqarmoqda.

Jumladan, poezdlarning sekinlashuviga sabab Tashkent City qurilishi paytida tunnelga shikast yetganidir, degan gap-so‘zlar ham tarqaldi.

Ammo bu mish-mishlar Tashkent City ma'muriyati tomonidan ham, metropoliten mulozimlari tomonidan ham rad etib kelinmoqda.

“Eltuz” o‘z manbalari orqali bu savolga javob topishga harakat qildi. Ma'lum bo‘lishicha, metroning poezdlar sekinlashayotgan uchastkasida, metropolitendagi manbaning aytishicha, yoriqni mustahkamlash ishlari olib borilayotir.

“Hozir bu yoriqni bartaraf etish maqsadida mustahkamlash ishlari olib borilyapti. O‘sha uchastka temir tirgaklar yordamida mustahkamlanyapti”, dedi manba “Eltuz” bilan suhbatda.

Haqiqatan ham poezd sostavlari sekinlashadigan uchastkada tunnel devorlariga temir tirgaklar o‘rnatilayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Faqat devorning bir tomonidagina kamida 10 ta shunday tirgak o‘rnatilgan.

Lekin “Eltuz” manbasi tunnel devorining yorilishiga nima sabab bo‘lganini aniq ayta olmasligini bildirdi.

“Tashkent City qurilishida og‘ir texnikalar ishlayapti. Bundan tashqari, baland binolar qurilayotgani sababli ularning poydevori ham chuqur olinadi. Hozir poydevor uchun chuqur qazilgandan so‘ng 14 metrlik uzun beton xodalar ham yerga qoqib chiqilyapti. Balki shular ta'sir qilgan bo‘lishi mumkin. Ammo bu faqat mening taxminim, xolos. Hatto bizga ham yoriq paydo bo‘lganining asl sabablari aytilayotgani yo‘q”, dedi manba.

Uning so‘zlariga ko‘ra, metropoliten xizmatchilari o‘zaro gurunglarda bu nosozlikni “yoriq” deb aytadi. Aslida bu tunnelning cho‘kishimi yoki haqiqatan ham qandaydir yoriqmi, mazkur holat Tashkent City qurilishiga qanchalik bog‘liq, buni ko‘pchilik bilmaydi.

Ko‘pchilik, jumladan, yuz minglab yo‘lovchilarga ham aniq ma'lum qilinmayotgan bu nosozlik aslida nima ekanligini ochiqlash turli ortiqcha gap-so‘zlarga chek qo‘yadi.

Shunga qaramay, hozircha birorta rasmiy bunga jur'at etmayapti.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 january 2019
Bekobodlik nashavandning «qiynalib yetishtirgan nasha o‘simligi»ni IIB xodimlari olib qo‘yishgani haqidagi prezident qabulxonasiga 2019 yil 5 yanvarda jo‘natilgan shikoyati ...
11 may 2018
Cobiq sovet davrida rangtasvir asarlar yaratib, yorqin shuhrat qozongan sanoqli o‘zbek rassomlaridan biri Ne'mat Qo‘ziboev bundan 14 yil burun, ...
13 may 2016
O‘qituvchilarga maosh o‘rniga berilayotgan «jo‘janing davlat kursi» bozor narxidan ikki baravar qimmat ekani haqida urg‘ulaydi Ozodlik radiosi. Eltuz.com Nukus ...
27 may 2016
«Adolat ko‘zgusi» gazetasi bugungi o‘zbek maktablaridagi achinarli holatlardan biri, ya'ni ta'lim muassasalarida soxta diplom bilan dars berayotgan o‘qituvchilar borligiga ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...