Asosiy mavzular
5 august 2019

“Avtotest”ning o‘chi

Haydovchilarni qayta tayyorlash va bu haqda sertifikat berish tizimini to‘laligicha monopoliya qilib olgan “Avtotest Report” MChJning kutilmaganda “o‘yindan chiqishi”ni o‘ziga xos o‘ch olish sifatida baholash mumkin. 

Zero, so‘nggi vaqtlarda ta'nayu dashnomlardan boshi chiqmayotgan monopolistning bu qarori aynan malaka sertifikati yo‘qligi uchun jarima qo‘llash amaliyoti joriy etilishi arafasida qabul qilindi. 

Qonunchilikda 3 avgustdan kuchga kirgan o‘zgarishlarga ko‘ra, shu sanadan boshlab barcha yuridik shaxslar haydovchilaridan malaka oshirishdan o‘tgani to‘g‘risidagi sertifikat talab qilinadi. Sertifikat bo‘lmasa, ular eng kam ish haqining bir barobari (223 000 so‘m) miqdorida jarimaga tortiladi. 

“Avtotest”ning qarori qonunchilikdagi ayni o‘zgarishlar ortidan haydovchilarni qayta tayyorlash tizimini falajlab qo‘ydi.

Chunki yuridik shaxslar haydovchilariga malakat oshirish sertifikati berish huquqiga ega yagona tashkilot – “Avtotest” bu ishni qilishdan bosh tortdi, uning o‘rniga esa hali boshqa bir muassasa litsenziya olib ulgurgani yo‘q. 

Natijada endi sertifikat olmagan haydovchilarga tinimsiz jarima yozila boshlanadi. 

Garchi O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti malaka oshirish kurslarini ochish uchun litsenziya olish ishlarini nihoyasiga yetkazayotgani xabar qilingan bo‘lsa-da, hali holva pishmagan, og‘izga tushmagan. 

Hali bu kurslar qachon ish boshlaydi-yu, qachon haydovchilarga sertifikat beriladi, bunisi ham noma'lum. 

Tegishli idoralar esa malaka sertifikati yo‘qligi uchun jarima qo‘llash amaliyoti kechiktirilishi haqida biror gap aytmayotgani inobatga olinsa, haydovchilarning “qonini ichish” avjiga chiqadigan ko‘rinadi. 

Ya'ni “Avtotest”ning qarori ortidan tizimda o‘ziga xos kollaps yetilib kelmoqda va voqealar rivoji bu atayin uyushtirilgan qandaydir “o‘yin” bo‘lishi ehtimoli yuqoriligidan darak bermoqda. 

“Avtotest” manfaati uchun hatto qonunlarni o‘zgartirish, bu haqda mahalliy matbuotda bosilgan maqolalarning saytlardan “yo‘qolib qolishi”ga ham qudrati yetadigan kompaniya xo‘jayinlari shu yo‘l bilan “andishaning oti qo‘rqoq” emasligini yana bir marta ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lyapti. 

“Qudratimizga shubha qilsangiz, jaraq-jaraq jarima to‘laysiz”, demoqchi “avtotest”chilar. 

Bu biznes ortidan hali biror marta daromad olgani yo‘q”ligini iddao qilayotgan kompaniya vakillari “bizsiz holingizni ko‘ramiz, hali yalinib kelasiz”, degan ishora bermoqda. 

Yalinib kelish esa boshlandi. O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi “Avtotest Report”ni yuridik shaxslar haydovchilari malakasini oshirishdan bosh tortish qonun buzilishi sifatida baholanishidan ogohlantirdi. 

O‘yinni ko‘ryapsizmi? Ertaga “Avtotest” “Biz bu biznesdan chiqqan edik, lekin davlatning o‘zi bizni qaytishga majburladi”, deyish uchun zamin tayyorlamayaptimikin? 

“Eltuz”ning O‘zbekistondagi hamkori

Tag‘in o‘qing
18 april 2020
Avrangzeb (toj bezagi) deya tarixga kirgan Abul Muzaffar Muhiddin Muhammad Olamgir (1618—1707) Hindistonda Buyuk mo‘g‘ullar imperiyasi deya atalgan davlatning ...
4 october 2016
SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining 1938 yil 4 oktyabrdan 16 oktyabrgacha bo‘lgan sayyor yig‘ilishlarida 507 nafar o‘zbekistonlik siyosiy maxbuslar ...
5 october 2020
Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi ishchi-xodimlari shifoxonada koronavirus kasalligi bilan og‘rigan bemorlar yotganidan norozilik bildirishmoqda.  Shifoxonada ishlovchi hamshiralardan birining ...
19 april 2019
Folbinlarga ishonmayman, lekin ularning biznes modeliga qoyil qolaman. Bir qarashda kelajakni tavakkal aytib, mijozni bunga ishontirish juda qiyinga o‘xshaydi. ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...