Asosiy mavzular
9 february 2025

Erkin so‘zning o‘n yili

Aziz do‘stlarim, 2015 yildan beri meni tinglab tomosha qilgan muxlislar, Eltuz xabar va kontentlari kuniga yaragan mushtariylar. 

2015 yildan beri faoliyat yuritib kelaëtgan Eltuz yutub kanali O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov haqidagi tanqidiy materiallar ortidan oldiniga turli arzimas sabablar bilan shikoyat qilindi, bu shikoyatlarning  asossizligini isbotlaganimiz ortidan kiber ataka yo‘li bilan kanalga porno va terror mazmunidagi kontenlarni yuklab, kanalni vaqtincha o‘chirishga erishishdi.

Bu kanal O‘zbekistonda bolalar mehnati haqida turkum lavhalar qilgan, mavjud rejim ichidagi korruptsionerlarni revizor dasturi orqali fosh qilgan, «Avtobus» kabi hajviy dasturlar va har juma beriladigan animatsion dasturlarda siz bilan birga mushohada yuritadigan kanal edi.

Bugun bu kanal ishlamayapti. Lekin Eltuz jamoasi tirik va ular har qachongidan  ham jipslashgan. Ular siz bilan yaqin kunlarda efirda uchrashish va mavjud muammolarni fosh etishga tayër.

Co‘nggi kunlarda Eltuz kanallariga jiddiy hujumlar boshlangani uchun uning tafsilotlari va hujum ortida turgan konkret shaxslar haqida gapirsam.  

Avvalo, eng jiddiy hujum, ya'ni beshta «strayk», Eltuzning Yutub kanalini yopish va butkul tugatish uchun bo‘ldi. Keyingi uch kun ichida, 2 fevralga qadar beshta strayk kelib tushdi. 4 fevral kuni Eltuzning yutub kanali faoliyati to‘liq tugatildi.

Shu o‘rinda aytib o‘tishim kerak, Eltuzning yopilishiga sabab bo‘lgan bu beshta streyk o‘z absurdligi bilan tsenzura haqidagi dunyo xrestomatiyalariga kirsa kerak.

Bizda bu hujumlarga sabab, albatta, Bosh vazir Abdulla Aripovning korruptsiyasi fosh qilingan kontentlardir degan asosli iddaolar bor. 

Ko‘pchilikka sir emas, Eltuz nafaqat bosh vazir, balki Ichki ishlar vazirligi, Kambag‘allikni qisqatirtirish vazirligi faoliyatini ham tanqid ostiga oluvchi bir muncha keskin chiqishlar qilgan edi. Lekin men bugun bu haqda gapirmoqchi emasman.

Mavzu, aynan hujum ijrochilari va ularning ortida turgan konkret shaxslar haqida. Har holda bu shaxslarning ismlari bizga qarshi yo‘naltirilgan rasmiy arizalarida ko‘rsatilgan. 

Ta'kid joiz, ular orasida birorta vazirlik, yoki ular tanqid qilingan kontentlar yo‘q. O‘zbekiston hukumatidagi hech bir amaldor Eltuzning videolaridan norizo emas. Har holda ularning hech biri Eltuz kanalini yopishni so‘rab Yutub ma'muriyatiga murojaat qilishmagan.  

Mash'um beshta streykda ko‘rsatilgan mualliflarning ismlarini keltiraman: O‘zbekiston opera qiroli Jenisbek Piyozov, metan gaz talabi bilan krosovkasi memga aylangan G‘ayrat Do‘sov, «Metandaman» qo‘shig‘ini aytgan Rustambek Yigitaliev, Karimovning arzanda nevarasi Masha Tillaeva, qo‘shiqchi Munisa Rizaeva, «Shum bola» filmidan olingan 10 sekund va Yangi yil taronalarida yangragan «Jingl Bens». 

Ular Yutubga 28 va 31 yanvar oralig‘ida murojaat qilishgan va Eltuz kanali muallifi, ya'ni menga ularning ayrimlari 2 fevral kuni kanalni 7 kun ichida yopish qaroriga ilova o‘laroq yetib kelgan. 

Gapni aynan «Jingl bells»dan boshlasak va Shum bolaga o‘tsak. Desert o‘rnida sal keyinroq  hurmatli O‘zbekistonning opera qiroli Jenisbek Piyozov va xalqqa metangaz yetkazib berishda zahmat chekkan damas haydovchisi G‘ayrat Do‘sov haqida gapirsak.

«Djingl Bells»mi yoki «Ko‘pkari”?

Demak – Jingl Bells! Shu yerda yuz yillardan beri har yangi yil oqshomida eshitilaverib, hamma quloqqondi bo‘lib qolgan musiqa yangrashi kerak edi, lekin bizga kelib tushgan eng birinchi streyk mazmuniga ko‘ra, bundan buyon nafaqat Eltuz, demak, dunyodagi jamiki mardum, bu kuyni o‘z kanaliga qo‘ya olmaydi. 

31 dekabr kuni “Yangi yil kayfiyatini bo‘lishdik” deb nomlangan sho‘rt video fonida 13 sekund ishlatilgan «Jingl bells» musiqasi ustidan tushgan arizaga ko‘ra bu kontent Air music shirkatiga tegishli “Ko‘pkari” klipidan olingan emish.

Bu kurakda turmaydigan darajada mutlaqo yolg‘on va asossiz da'vo edi. Chunki videoda «Ko‘pkari» klipidan olingan birorta ohang yoki video parchasi ishlatilmagan. Bor yo‘g‘i bir necha sekund davom etgan «short riils» videoda Eltuzning archa fonidagi yangi yil tabrigi bildirilgan va 13 sekund davomida «Jingl Bells» musiqasi yangragan.

1857 yili Angliyada yaratilgan bu musiqa va qo‘shiq muallifi ingliz qo‘shiqchisi Djeyms Lordom Perpontga tegishli bo‘lib, keyinchalik uni yillar davomida turli qo‘shiqchilar kuylagan. 

Biz eshitib ko‘rgan va Mirziyoevning Yangi O‘zbekistonida yaratilgan “Ko‘pkari” klipida esa bunday ohang umuman yo‘q. Bu yolg‘on va zararli ayblovdir. 

Chunki u nafaqat bizning kontentimizni yo‘qqa chiqarish, balki 300 yil burun yaratilgan va yillar davomida dunyodagi turli xalqlar tomonidan  emin erkin kuylab kelingan, Yangi yil kirganini eslatuvchi ohanglarga egalik iddaosini ham anglatadi. Buning nomi tsenzuradir va bu Eltuzga taqiq tamg‘asini buyurtma qilgan shaxslarga sharmandalikdan boshqa narsa keltirmaydi.

Shum bola yoki Eltuzni yopish uchun 10 sekund

Eltuzning yutub kanaliga ikkinchi streyk – ogohlantirish ham ayni sana 28 yanvar kuni jo‘natilgan. U “Osmonda emchak yezg‘ilagan o‘zbek” deb nomlangan Rassom Tuzning satirik kontenti – «Juma va'zi» ustidan yozilgan. 

O‘zini kontent muallifi deya taqdim etayotgan Uzavtor.uz iddaosiga ko‘ra, Rassom Tuzning navbatdagi «Juma va'zi»da “Shum bola” filmidan olingan 13 sekundlik parcha foydalanilgan. 

Aslida 1977 yili SSSR davrida ishlangan bu film muallifi Shuhrat Abbosov, shu nomdagi roman muallifi esa G‘afur G‘ulom hisoblanadi. Film kinorejissyori va stsenariy muallifi bo‘lgan Shuhrat Abbosov 2018 yilda vafot etgan. 

Yozuvchi G‘afur G‘ulom esa «Shum bola» romanni 1938 yilda yozgan. SSSR davrida yashagan yozuvchi G‘afur G‘ulom 1966 yili olamdan o‘tgan.

SSSR degan mamlakat dunyo xaritasidan o‘chirilgan. Uzavtor deb atalgan va O‘zbekistonda yaqinda tamsil bo‘lgan monopolistning bu filmga ega chiqishiga qanchalik haqqi borligi, film mualliflari bilan qanday bitim tuzishga ulgurgani haqida biz hozircha bilmaymiz.

Buning ustiga Yutub kanalida filmdan ovozsiz va qisqa tarzda foydalanish mumkinligi AQShda qo‘llaniladigan mualliflik huquqlari to‘g‘risidagi qonunning 107 bobida va shunga muvofiq Xalqaro qonunlarda ko‘rsatilgan.

Boz ustiga satira ta'sirini kuchaytirish maqsadida qo‘llanilgan bu qisqa parcha asl filmning bozor qiymatiga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi. Bu asl nusxaning o‘rnini bosmaydi va tomoshabinlarning asl kontentni ko‘rishi yoki sotib olishiga to‘sqinlik qilmaydi.

«Uzavtor Mashami yo Munisa?»

Yana bir shikoyatda uzavtor.uz Eltuz Munisa Rizaevaning Ayrilma Yor qo‘shig‘idan noo‘rin foydalangani, ya'ni qo‘shiqning mualliflik huquqi uzavtor.uz ga tegishliligini ta'kidlaydi.

Amalda esa «Uzavtor» bu qo‘shiqqa egalik qilishi mumkin emas. Ustiga ustak Eltuz Munisa Rizaevaning qo‘shig‘ini to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlatmagan. Kanalda ulashilgan qisqa video «Ayrilma Yor» qo‘shig‘ining kaver versiyasi. Kaver video sobiq prezidentning arzanda nevarasi Masha Tillaga tegishli. Ya'ni biz ulashgan video Munisa Rizaevaning original vizual kontenti, qo‘shiq klipi emas. Bu shunchaki keng ommalashgan kaver edi. Qo‘shiq kaverini yoyinlash O‘zbekistonning mualliflik huquqi haqidagi qonunlariga zid emas. 

Aftidan, hatto qo‘shiqlarning rasmiy egasi bo‘lmagan uzavtor.uz kaver versiyalarga da'vogarlik qilmoqda.

Shu o‘rinda yana bir qancha savollar tug‘iladi nega bunday e'tirozni Uzavtor.uz sobiq prezidentning arzanda nabirasiga bildirmayapti? Nega ayrim qonunlar faqat Eltuzga qarshi ishlaydi? Nega Uzavtor yo‘llagan streykda Munisaning nomi keltirilganu, uni ijro etgan va kadrda ko‘ringan Maryam Tillaeva haqida lom-mim deyilmaydi?

Nedolgo muzыka igrala, nedolgo fraer tantseval»? 

Butun tarmoq «qahramon» deya yerlarga ontarilib, maqtab, yalab-yulqagan yirtiq krossovkachi G‘ayrat Do‘stov «Eltuz mening krossovka videoimni nega ko‘rsatdi?» deb cherez uzavtor shikoyat berdi. 

Bu yirtiq shippakchi zayavasi «Eltuz” yutub kanalini ëpish haqida». 

Xullas sig‘ingan odamingiz bir tiyinga qimmat quloq bo‘lib chiqdi.

Bu yigit metan gazi yo‘qligidan dod-voy qilib, yig‘lab siqtab chiqqanida Eltuz birinchilardan bo‘lib, uning himoyasiga chiqqan edi.

G‘ayrat Do‘stovning video materialini barcha tarqatdi, ular qatorida Eltuz ham. Ammo, hech kimga avtorlik huquqi haqida og‘iz ochmagan G‘ayrat Do‘stovning Eltuzga qarshi ariza yozgani o‘ta shubhalidir.

“Men hamo-o-n metandaman!”

Uzavtorning navbatdagi mualliflik da'vosi ham kurakka turmaydi. Uzavtor.uz qo‘shiqchi Rustambek Yigitalievning “Metandaman” qo‘shig‘i bo‘yicha mualliflik huquqlariga ega ekanligini qayd etgan. Ammo Eltuz olib borgan tekshiruvlarga ko‘ra, uzavtor.uz ushbu qo‘shiqning huquqiy egasi yoki boshqaruvchisi emas, bo‘lishi ham mumkin emas. Yutubga kirsangiz o‘nlab kanallarda Dadaxon Hasanov uslubida kuylovchi Rustambek Yigitalievning o‘nlab qo‘shiqlari borligini ko‘rasiz. Barcha uchun ishlatish bemalol bo‘lgan qo‘shiqning Eltuz uchun mumkin emasligi o‘ta shubhali emasmi? 

Umuman, uzavtor qanday qilib va qachondan beri Rustam Yigitaliev qo‘shiqlarini taqdim etish vakolatiga ega bo‘lib qoldi. Ushbu videolarga nisbatan hech qanday xabar yoki taqiq qo‘yilmagan, bu esa Eltuz joylagan videoga qo‘yilgan da'vo mualliflik huquqini himoya qilish bilan emas, balki Eltuz Yutub kanalida chiqqan tanqidiy mazmundagi xabarlar bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Biz ushbu xabar siyosiy sabablar asosida berilgan deb hisoblaymiz. Ta'kidlash joiz uzavtor.uz to‘g‘ridan-to‘g‘ri hukumat, xususan Bosh vazir nazorati ostida bo‘lib, avval ham bir necha marta asossiz mualliflik huquqi bo‘yicha ogohlantirishlar orqali bizning tanqidiy mazmundagi kontentimizni o‘chirishga urinishgan. Qisqa muddat ichida ko‘plab streyklar berilgani bu holatni jazo maqsadida uyushtirilganini ko‘rsatadi.

Radarmi yoki opera?

Uzavtor  degan kontora yana Eltuz yutub kanalida  opera tenori Jenisbek Piëzov iltimosi ortidan joylashtirilgan radar ko‘pligi haqidagi lavhasini musiqiy asar deb talqin qilib ariza ëzibdi.

Bu kontent opera ariyasi emas, balki Jenisbekning yangiliklar kanaliga bergan intervyusi ekaniga Uzavtordagi ovsarlarnig aqli yetmagan shekilli. 

Mualliflik huquqi haqidagi qonunning oltinchi moddasida odamning o‘z fikrini bildirishi san'at asari emasligi ëzilgan. 

Qonnunning sakkizinchi moddasida esa «xabarlar uchun olingan suhbat ham himoya qilinadigan asar bo‘la olmasligi ëzilgan.

Qonunning o‘n oltinchi moddasida esa intervyu, uni bergan odam  roziligi bilaan» nashr qilinishi kafolatlangan.

Jenissbekning o‘zi bugun Eltuz muxbiri bilan gaplashib, radar muammosi haqida Eltuzga gapirgani va bu video boshqa o‘nlab saytlarda turgani, ammo negadir uzavtor idorasi faqat Eltuzni tanlab shikoyat qilganidan taajjubini bildirdi.

Xolbuki Jenisbek Piyazovning o‘zi radar xaqidagi gaplarni TGdan tashab berib nashr qilishimizni so‘ragan edi.

Xurmatli uzavtor xodimlari shu paytgacha sizning ovsar ekaningizni ota enangiz bilardi. Endi esa hamma bildi.

Postskriptum

Bugun salkam 734 ming obunachisi bo‘lgan Eltuzning yutub kanali yo‘q. Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligi yo‘lida misqollab to‘plangan obro‘ni yer bilan bitta qildi. O‘z muxoliflari va erkin nashrlarga qarshi kurashda eng jirkanch, hatto eng nomard dushmanlar ham nafratlanadigan usullardan foydalandi. 3 fevral kuni tunda Aripovning Shermatov va Xadjaev kabi yugurdaklari boshchiligidagi, davlat hisobidan kun ko‘ruvchi trollar fabrikasi Yutub kanalimizda bolalar pornografiyasi va terrorchilar videolarini virus shaklida tarqatishga muvaffaq bo‘ldi. Telegram kanalimizni xakerlar jamoasi buzib kira olmadi, ammo yuborilgan minglab porno spamlar tufayli izohlar bo‘limini vaqtincha yopishga majbur bo‘ldik. 

Aripov va uning gumashtalari bugun shod va masrur! Ertaga «Eltuzdek qudratli nashriyotni yopdik» deb, yolg‘on ichki hisobotlar orqali ochko ishlashlari ham mumkin, ammo unutmasinlarki, Eltuz — mustahkam va o‘z qudratini yo‘qotmagan kuch.

Eltuzning sahifasini yopish mumkin (bu nashriyot ahli uchun begona emas), ammo uning ovozini hech kim o‘chira olmaydi, uning ovozini hech kim bo‘g‘olmaydi, uning so‘zini hech kim kesolmaydi.

Eltuz doim erkin qalamga, erkin fikrga intilgan va doim shunday bo‘lib qoladi.

Eltuz tendentsiya belgilaydi va bu vazifasini ham o‘zida saqlab qoladi.

Eltuz — elning, xalqning so‘zi! Unutmasinlarki, xalq — dengizdir, xalq — kuchdir.

Yillar o‘tib Eltuz tarix kitoblariga kiradi, unga qarshi chiqqan chirkin va qora kuchlar esa axlat qutisiga uloqtiriladi. 

Eltuz hech qaerga ketgani yo‘q. Men Qudrat Bobojon hech qaerga ketganim yo‘q. Mana qarshingizda turibman. Assalom O‘zbekiston, Eltuz siz bilan birga!

Qudrat Bobojon

Jurnalist, Eltuz bosh muharriri

Tag‘in o‘qing
13 december 2021
Qashqadarë viloyatida joylashgan Shayxali qamoqxonasida nozir bo‘lib ishlagan 38 yoshli G‘affor Akmalov jazoni ijro qilish tizimlaridan nohaq bo‘shatilganidan shikoyat ...
2 september 2020
Professor Kristian Lasslett Sovet Ittifoqidan keyingi O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov 2016 yil sentyabr oyida vafot etgach, undan murakkab ...
2 july 2020
6-sinfda o‘qirdim, Kampuchiyada davlat to‘ntarishi bo‘lib hukumatga Pol Pot rahbarligidagi «Qizil kxmerlar» kelganini, ular butun mamlakat bo‘ylab fashistik diktatura ...
14 april 2018
Chex kinorejissyori Milosh Forman 87 yoshida 2018 yilning 14 aprelida hayotdan ko‘z yumdi. O‘tgan asrning 60-yillarda o‘z ijodi bilan ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...