Bayonot: Belgiya O‘zbekiston prezident qizining musodara qilingan pulining qolgan yarmini ham qaytarsin.
Nega Belgiya prezidenti qizining musodara qilingan pulining yarmisini O‘zbekistonga qaytarib yarmisini o‘zi olib qoldi? Bol tutgan Belgiya barmog‘ini yaladimi? Musodara qilingan pul O‘zbekistonga qaytganida yana o‘g‘irlanmaydimi? Bu savollar 24 aprel kuni ikkita o‘zbek asos solgan xalqaro tashkilot qo‘shma baënoti markazidan o‘rin oldi.
Central Asia Due Diligence va Uzbek Forum ëyinlagan qo‘shma baënotda “Belgiyaning O‘zbekistonga Gulnora Karimovadan musodara qilingan pulning qaytarishi xalqaro standartlarga javob bermasligi va kelajakda noto‘g‘ri foydalanish xavfini oshirishi” ta'kidlanadi.
Bu qo‘shma bayonot Belgiya tomonidan O‘zbekistonda faoliyat yuritgan telekommunikatsiya kompaniyalaridan sobiq O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova tomonidan qo‘rqitib olingan poralardan tarkib topgan pullarni qaytarib olishga oid.
Adolatning yarmi?
2025 yil mart oyida Belgiya Bryussel sudi orqali O‘zbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova bilan bog‘liq pora va pul yuvish ishlari natijasida orttirilgan aktivlarning bir qismini musodara qilgan edi.
Sud qaroridan so‘ng “New York Mellon” bankining Bryusseldagi filialida saqlanayotgan 216 million dollarlik mablag‘ musodara qilindi. Belgiyaning Musodara va Qamab Qo‘yish Bo‘yicha Markaziy Agentligi (COIV) ushbu mablag‘ning yarmini Belgiya davlat xazinasiga ajratdi, qolgan yarmini esa shartlarsiz O‘zbekiston hukumatiga o‘tkazdi.
Bu qaror xalqaro huquq, adolat va shaffoflik nuqtai nazaridan jiddiy tanqidlarga sabab bo‘ldi. Musodara qilingan mablag‘larning taqsimoti, ularning qay tarzda va qanday mexanizm orqali qaytarilgani, qaytarilgan mablag‘lar ustidan nazoratning mavjud emasligi xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan xavotir bilan qabul qilindi.
Xalqaro huquq va me'yorlarga zid qarorlar
BMTning Korruptsiyaga qarshi Konventsiyasi (UNCAC) 5-bobi, xususan 57-moddaning 5-qismiga asosan, musodara qilingan aktivlar ularning haqiqiy huquq egasi bo‘lgan davlatga qaytarilishi kerak. Bu yerda «haqiqiy huquq egasi» deganda, pul yuvish va korruptsiya tufayli jabrlangan davlat — ya'ni O‘zbekiston, aniqrog‘i uning fuqarolari nazarda tutiladi.
Belgiyaning mazkur mablag‘larning yarmini o‘z qo‘lida olib qolishi mustamlakachilik davridagi imperialistik ochko‘z amaliyotlarni eslatadi. Bunday yondashuv, zamonaviy xalqaro huquq va adolat printsiplariga mos kelmaydi. Belgiya hukumati ushbu mablag‘larni o‘zlashtirishda hech qanday shaffof huquqiy asosni taqdim etmagan. Shu bilan birga, aktivlarning muzlatilishi ham Belgiya tashabbusi emas, balki AQSh Adliya vazirligi (DOJ)ning Kleptocracy Asset Recovery Initiative orqali 2014 yilda boshlangan.
“Aktivlarni qayta tiklash global forumi” (GFAR) tamoyillari va ularning buzilishi
2017 yildagi Jahon Mulkni Qaytarish Forumida (GFAR) bir qator muhim tamoyillar qabul qilingan edi. Bu tamoyillar xalqaro hamkorlik asosida, korruptsiya orqali orttirilgan aktivlarni qaytarish jarayonida shaffoflik, hisobdorlik, fuqarolik jamiyatini jalb qilish va mablag‘lardan xalq manfaatida foydalanishni ta'minlashga qaratilgan.
Belgiya–O‘zbekiston aktivlari masalasida quyidagi GFAR tamoyillari buzildi:
Tamoyil 4: Qaytarish jarayonida shaffoflik va hisobdorlik ta'minlanishi lozim.
Tamoyil 5: Qaytarilgan aktivlar jabrlangan jamoalar manfaati uchun ishlatilishi shart.
Tamoyil 6: Qaytarish korruptsiyaga qarshi kurash va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashi kerak.
Tamoyil 9: Jinoyatchilarga bevosita yoki bilvosita foyda yetmasligi lozim.
Tamoyil 10: Fuqarolik jamiyati tashkilotlari jarayonga jalb qilinishi shart.
Bu tamoyillarga amal qilinmagan holda, qaytarilgan mablag‘lardan ijobiy ijtimoiy ta'sir kutilmaydi.
O‘zbekistondagi mavjud siyosiy muhit va xavflar
O‘zbekiston hukumatiga mablag‘larni shartlarsiz berish — ularning qay tarzda sarflanishi, qanday dasturlarga yo‘naltirilishi haqida aniq mexanizm yo‘qligini anglatadi. Bu esa yuqori darajadagi korruptsiya xavfini oshiradi. Transparency International’ning 2024 yilgi Korruptsiya qabul qilish indeksida O‘zbekiston 180 mamlakat orasida 121-o‘rinni egalladi. Davlat xarajatlari ustidan jamoatchilik nazoratining yo‘qligi, mustaqil ommaviy axborot vositalari va faol fuqarolik jamiyatining zaifligi mablag‘larning manfaatdor elitalar tomonidan o‘zlashtirilishi xavfini yanada kuchaytiradi.
Solishtirma tahlil: Shveytsariyada Karimova va Qozog‘istonda Nazarboev “dafina” si
Shveytsariya va Qozog‘iston misollari xalqaro standartlarga mos tarzda mablag‘larni qaytarish mumkinligini namoyon etgan. 2022 va 2025 yillarda Shveytsariya Gulnora Karimova bilan bog‘liq 313 million dollarlik aktivni O‘zbekistonga qaytardi. Bu jarayonda xalqaro tashkilotlar, mustaqil kuzatuvchi tashkilotlar va fuqarolik jamiyati ishtirok etgan.
2007 yilda Nazarboevniki deya bilingan summa qaytarilgan eedi. Qozog‘istonda qaytarilgan 115 million dollar Bota jamg‘armasi orqali kambag‘al oilalar, bolalar va yoshlar manfaatiga yo‘naltirildi. IREX va Save The Children kabi xalqaro tashkilotlar mablag‘larni boshqarishda ishtirok etdi. Bu amaliyot shaffoflik va hisobdorlikni ta'minlashda muvaffaqiyatli namuna sifatida e'tirof etilgan.
Yevropa Ittifoqi siyosati va bu siësat kemtiklari
2024 yil may oyida Yevropa Parlamenti va Kengashi musodara qilingan aktivlarni qaytarishga oid yangi 2024/1260-sonli Direktivani qabul qildi. Ammo ushbu direktiva faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri jabrlanuvchilarni hisobga oladi, korruptsiyaning keng jamoatchilikka yetkazgan zarari e'tibordan chetda qoladi. Bu hujjatning cheklanganligi Yevropa Ittifoqining aktivlarni qaytarish siyosatidagi kamchiliklarni namoyon etadi.
Tuya qilingan pul
Belgiyaning O‘zbekistonga aktivlarni qaytarish jarayonidagi harakatlari xalqaro huquq va adolat printsiplariga mos kelmaydi. Bu jarayonda shaffoflik, hisobdorlik va manfaatdor tomonlarning ishtiroki ta'minlanmagan.
Central Asia DueDiligence va Uzbek Forum ëyinlagan qo‘shma baënotida quyidagi chora-tadbirlarni tavsiya qilinadi:
Belgiya musodara qilingan mablag‘larning 100% qismini O‘zbekistonga qaytarishi lozim;
Qaytarilgan mablag‘lar ustidan mustaqil, fuqarolik jamiyati ishtirokidagi nazorat mexanizmi joriy etilsin;
Mablag‘lar aniq ijtimoiy loyihalarga, kambag‘allikni kamaytirish va inson huquqlarini himoya qilish yo‘nalishlariga yo‘naltirilsin;
BMT va GFAR tamoyillariga qat'iy amal qilinsin;
Xalqaro tashkilotlar va donorlar ushbu jarayon ustidan monitoring o‘rnatsin.
Aks holda, qaytarilgan mablag‘lar yana korruptsiyaga moyil tizim tomonidan o‘zlashtirilishi, xalq manfaatlariga xizmat qilmasligi xavfi juda yuqori. Xalqaro hamjamiyat ushbu jarayonda faol qatnashishi va adolatni tiklashda mas'uliyatni o‘zida his etishi shart.
