BUXORODA HARBIYLAR HAQ-HUQUQINI POYMOL ETAYoTGAN QO‘MONDON
Buxoro viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi harbiy xizmatchilari Eltuz tahririyatiga murojaat qilib, boshqarmadagi qonuniylikka zid xatti-harakatlar, korruptsion sxemalar va inson huquqlarining toptalishi haqida hikoya qilishdi. Bu holatlar harbiy tizim ichidagi chuqur ildiz otgan muammolar va adolatsizliklarni ochib tashlamoqda.
Murojaatchilar ta'kidlashicha, boshqarma boshlig‘i lavozimga tayinlanganiga bir yil to‘lmagan bo‘lsa-da, Rustam Jumaev uning faoliyatidagi noqonuniyliklar sanoqsiz.
Qarshi bo‘lganlar turli yo‘llar bilan tahqirlanadi, past lavozimlarga tayinlanadi yoki obro‘sizlantiriladi. Harbiy xizmatchilarning aytishicha, ular qonuniy vazifalaridan tashqari, o‘z mablag‘lari hisobidan boshqarma binolarini ta'mirlashga majbur qilinadi. Bu esa mutlaqo noqonuniy hisoblanadi. Boshliq qo‘mondonning (general-mayor Shermatov) nomini sotib harbiylarning daromadlarini so‘rib yashamoqda.
Murojaatda yana bir og‘riqli nuqta — korruptsion sxemalar. Boshliq Rustam Jumaev o‘z haydovchisining plastik kartasi orqali pullarni yig‘ishni yo‘lga qo‘ygan.
Bu mablag‘lar ba'zan naqdda, ba'zan bank orqali uning qo‘liga topshiriladi. Haydovchi boshliqning «kassachisi»ga aylangan. Undan tashqari, boshliqning turmush o‘rtog‘ining xususiy universitetdagi o‘qish xarajatlari ham harbiylar hisobiga qoplanishini murojaatchilar alam bilan so‘zlamoqda.
Rustam Eshqulovich o‘z tug‘ilgan qishlog‘ida hayit bayrami munosabati bilan ehson dasturxoni tashkil etish uchun mahsulotlarni ham xizmatchilar orqali to‘playdi. Ular bu ishga xohlasa-xohlamasa jalb etiladi. Bunday zo‘ravonlik tizim ichida «odatiy holat» sifatida qabul qilinish darajasiga yetgan.
Harbiy xizmatchilar shikaoyat qilishdan, haqlarini talab qilishdan qo‘rqishadi. Chunki bu boshliqlar qo‘lidagi so‘nggi manba — ish joyini yo‘qotish yoki noxush oqibatlarga duch kelish xavfi bor. Shu bois ular anonim ravishda murojaat qilishga majbur.
Buxorolik harbiylar Eltuz orqali o‘z dardu alamlarini jamoatchilikka yetkazishga urinishdi. Ularning murojaatidan ko‘rinib turibdiki, tizimda ochiq-oydin korruptsiya va xizmatchilarni ezayotgan mansabdor shaxslar bor. Bu kabi holatlarga qarshi keskin choralar ko‘rilmasa, harbiy tizimda insoniylik, qonun ustuvorligi va adolat degan tushunchalar shunchaki so‘z bo‘lib qolaveradi.
Haqiqatni gapirishdan qo‘rqmagan harbiylarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Eltuz vaziyatni kuzatishda davom etadi.
