Farg‘ona aeroporti mulozimi chet ellik pensioner xotinni aldab pulini oldi
Ukrainaning Odessa viloyatida istiqomat qiladigan va umrida O‘zbekistonga kelmagan Ukraina vatandoshi Lyudmila Ginkulning iddaosiga ko‘ra, u Farg‘ona aeroporti mulozimi 39 yashar Maxmudov Ilës Ilxomovich tarafidan virtual aldanib Maxmudov nomiga 4000 AQSh dollar miqdoridagi pulni bank o‘tkazmasi yo‘li bilan qarz o‘laroq o‘tkazib bergan. (Pul o‘tkazmasida qarz ekani ëzilmagan)
Lekin mana ikki yil bo‘lsa ham Maxmudov pulni qaytargani yo‘q.
Lyudmila Ginkul bu yuzadan Farg‘ona viloyati IIB, Farg‘ona viloyat prokurori va Farg‘ona aeroporti o‘z xavfsizlik xizmati mutassaddilariga va Ukraninadagi O‘zbekiston konsulxonasiga shikoyatlar ëzgan va bu shikoyatlardan samara chiqmagan.
Farg‘ona viloyat prokuraturasi «bu shikoyat jinoyat ishi ochish uchun yetarli emasligini» o‘z javob xatida bildirgan.
Lyudmila Ginkulga Farg‘ona shahar Mustaqillik ko‘chasida yashovchi Maxmudov Ilës chiqib, uchta bolasi och qolgani va o‘zining muxtoj, qashshoq va nimjonligini aytib qarzga pul so‘ragan.
Ginkul avvaliga Maxmudovning bolalariga oziq ovqat va boshqa sovg‘alar jo‘natadi. Keyin esa bu «virtual tilanchi»ning oh zoriga dosh bera olmay pul jo‘natgan.
Sal muddat o‘tib Ginkulning onasi o‘lib pulga zarur bo‘lganida u Maxmudovdan qarzni qaytarishni so‘raydi. Ammo «pul uxlatilgani» yuzaga chiqadi.
Ginkulning Eltuzga taqdim qilgan xujjat va audiolarida Maxmudov Qur'on bilan qasam ichib va bolasi bilan masjidda o‘tirgan rasmini jo‘natib pulni qaytarishga va'da bergani aën bo‘ladi.
Ammo ayni paytda ikkala shaxs o‘rtasida pul oldi berdisi qarz ekanligi haqida hech qanday huquqiy shartnoma mavjud emas.
Xullas qarz qaytarilmaydi. Telefonlar o‘chadi va Maxmudov sinalgan firibgarlik sxemasi asosida qumga singgan suvday yo‘q bo‘lib ketishga urinadi.
Eltuz muxbirining o‘rganishicha, Maxmudov Farg‘ona aeroportida yaxshi maosh olib ishlaydi va ko‘chmas mulk hamda yangi transport vositalarini yaqinda harid qilgan. Eltuz tasarrufidagi rasmlarda Maxmudov to‘kin dasturxon atrofidagi bashang davralarda o‘tirganini ko‘ramiz.
O‘zbekiston Oliy sudi ma'lumotlariga ko‘ra, firibgarlik jinoyati mamlakatda keng ko‘lam va qamrov kasb qilgan. Endilikda firibgarlarning O‘zbekiston fuqarolaridan ortib chet el vatandoshlarini ham aldab pulini olaëtgani bu jinoyatning chegaradan oshgani dalolati.
