800 $ ming pora bilan ushlangan sobiq hokim ozod etildi
2025 yil iyul oyida Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan pora bilan ushlangan Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘taev ozodlikka chiqqan. Uning uyidan topilgan 800 000 AQSh dollari miqdoridagi naqd pul ham qaytarilgani xabar qilinmoqda.
Bu haqda 26 oktyabr kuni Eltuz tahririyatiga yetib kelgan ishonchli ma'lumotda qayd etilishicha, sobiq hokim hozirgi kunda jamoat tadbirlarida erkin qatnashmoqda. Xususan, guvohlar uni Jizzax davlat politexnika institutidagi tadbirda ko‘rishgan.
Bundan avval, 9 iyul kuni Eltuz DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir haqida xabar bergan edi. Unda hokim Xolbo‘taev va uning hamtovog‘i – tuman hokimligi bosh mutaxassisi Nodir Imomqulov, 30 000 dollar pora talab qilganlikda gumonlanib, jinoyat ustida qo‘lga tushgani yoritilgan.
Mashinadan chiqqan pul, hibsga olingan haydovchi
Ma'lumotlarga ko‘ra, Xolbo‘taevga berilgan poraning bir qismi — 10 000 dollarini haydovchisi Alimov Aziz olgan, qolgani esa u avtomashinaga joylashtirayotgan paytda qo‘lga tushgan. Hodisa joyidan qo‘shimcha ravishda 800 000 AQSh dollari miqdoridagi naqd pul aniqlangan va hokim, mutaxassis hamda haydovchi jinoiy javobgarlikka tortilgandi.
Biroq endi, fuqarolik jamiyatida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan ushbu ish g‘alati tarzda “yo‘qolib” ketdi: hokim ozod, pul qaytarilgan, javobgarlikka esa haydovchi Alimov Aziz tortilgan.
Sud-tergovga ishonch so‘roq ostida
Ayni paytda bu voqea jamoatchilik orasida jiddiy e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Poraxo‘rlik aybi bilan qo‘lga olingan mansabdorning ozod etilishi, u bilan bog‘liq pullar qaytarilishi, jazoni esa ehtimol unga mansub haydovchi o‘tayotgani — sud-tergov tizimi shaffofligiga jiddiy soya tashlamoqda.
Bu holat O‘zbekistonda korruptsiyaga qarshi kurash qanday darajada va kimlarga nisbatan amalga oshirilayotganini yana bir bor savol ostiga qo‘yadi.
Eltuz tahririyati mazkur holat bo‘yicha rasmiy izohlarni kutadi.
