Rossiya prezidentining yordamchisi WhatsApp orqali «qovun tushirdi»
Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov va Trampning ishonchli vakili Stiv Uitkoff o‘rtasidagi suhbatning oshkor bo‘lishi jamoatchilik uchun kutilmagan va kinoyali burilish yasadi. Kreml vakili suhbat mazmunining tashqariga chiqib ketishida o‘zi foydalangan WhatsApp messenjerini aybladi.
AQSh siyosatchilari uchun eng yomoni, sizdirilgan bu ma'lumotlar Tramp tomonidan muzokara uchun taqdim etilgan Tinchlik bitimining xolis tarzda ishlab chiqilgani haqidagi iddaolarni chippakka chiqarmoqda
Boshqa tarafdan esa bu vaziyat nafaqat Rossiya rasmiylarining axborot xavfsizligiga bo‘lgan yondashuvini, balki o‘zlari joriy qilgan taqiqlarga o‘zlari qanchalik amal qilishini ham shubha ostiga qo‘ymoqda.
Yuriy Ushakov jurnalistlarga bergan izohida ish jarayonida ba'zan WhatsApp messenjeridan foydalanishini tan oldi. Uning fikricha, yopiq va himoyalangan hukumat aloqa liniyalaridan ma'lumot sizib chiqishi deyarli imkonsiz, ammo ommaviy messenjerlar — butunlay boshqa masala.
«Men ba'zida bunday kanallardan foydalanaman va ularni eshitishlari mumkinligini istisno qilmayman», — deya ta'kidladi Ushakov, suhbat ishtirokchilari tomonidan emas, balki uchinchi tomonlarning aralashuvi tufayli yozib olinganiga ishora qilib.
Taqiqlangan ilova va kelib chiqqan paradoks
Ushbu vaziyatdagi taqdirning eng katta hazili shundaki, Rossiya hukumatining yuqori martabali vakili mamlakat uchug muhim bo‘lgan Tinchlik bitimi bo‘yicha o‘z rasmiy yozishmalarida Rossiyada taqiqlangan va «ekstremistik tashkilot» deb topilgan Meta kompaniyasiga tegishli ilovadan foydalangan.
Bir tomondan, davlat propagandasi g‘arb texnologiyalarini xavfsizlikka tahdid deb atayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, prezidentning eng yaqin yordamchilaridan biri muhim siyosiy muzokaralar uchun aynan shu platformani tanlamoqda. Bu holat Kreml ichidagi xavfsizlik protokollari va real amaliyot o‘rtasidagi jarlikni ko‘rsatadi.
WhatsApp buzilganmi yoki muammo boshqa joydami?
Mutaxassislar va «Vajnыe istorii» nashrining tahliliga ko‘ra, agar suhbat haqiqatan ham WhatsApp orqali bo‘lib o‘tgan va yozib olingan bo‘lsa, buni faqat uchta stsenariy bilan tushuntirish mumkin. Meta kompaniyasi ilovada foydalanuvchidan foydalanuvchigacha (end-to-end) shifrlash mavjudligini da'vo qiladi, bu esa oddiy «eshitish»ni imkonsiz qiladi.
Xo‘sh, unda ma'lumot qanday sizib chiqdi? Eng real variantlardan biri — Ushakovning telefoni Pegasus yoki shunga o‘xshash murakkab josuslik dasturi (spyware) bilan zararlangan bo‘lishi mumkin. Bunday holatda, shifrlashning ahamiyati qolmaydi, chunki dastur ma'lumotni ekrandan yoki mikrofondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘qiy oladi.
Nazariy jihatdan, WhatsApp kodida maxsus xizmatlar uchun qoldirilgan «orqa eshik» bo‘lishi mumkin. Biroq, Meta buni qat'iyan rad etib keladi va bunday darajadagi zaiflik hali keng miqyosda isbotlanmagan.
Shuningdek Ushakov shunchaki himoyalanmagan oddiy uyali aloqadan foydalangan bo‘lishi va hozir vaziyatni yumshatish uchun WhatsApp’ni bahona qilayotgan bo‘lishi mumkin. Yoki suhbat karnay orqali olib borilgan bo‘lsa, atrofdagi qurilmalar orqali yozib olingan bo‘lishi ehtimoli ham mavjud.
«Uitkoff-geyt» nafaqat siyosiy, balki texnologik janjalga aylanmoqda. Putinning yordamchisi o‘z oqlovi orqali bilvosita Rossiya kiberxavfsizligining zaifligini va yuqori doiralardagi intizomsizlikni tan oldi. Bu holat G‘arb maxsus xizmatlari uchun Rossiya elitasining so‘zlashuvlarini tinglash qanchalik oson bo‘lishi mumkinligi haqida jiddiy savollarni keltirib chiqaradi.
