Document UZ
2 november 2025

2 noyabr – O‘zbekistonda MXX tashkil topgan kun

2018 yilning yanvarida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziëev farmoni bilan Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) Davlat xavfsizlik xizmati (DXX)ga aylantirildi. Lekin bu bilan ayni maxfiy tizilmaning tamoyili o‘zgargani yo‘q.

Bundan ilgari – 1991 yilning 2 noyabrida Vazirlar Mahkamasining 278-qarori bilan O‘zbekiston SSR – ittifoq respublika Davlat xavfsizligi qo‘mitasi (KGB) O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati(MXX)ga aylantirilgan edi.

Vazirlar Mahkamasining raisi Islom Karimov imzolagan qarorda O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1991 yil 25 avgustdagi va 26 sentyabrdagi farmonlari asosida tashkil etilgani aytiladi.

Qizig‘i shundaki, mazkur qudratli idorani bir qo‘lga topshirilishini anglatuvchi nizom haqidagi prezident farmoni ham, nizomni tasdiqlovchi bosh vazir qarori ham bitta odam – Islom Karimov tomonidan imzolangan.

Yakkahokimlikka asos solingan kun

MXXning o‘sha kuni tasdiqlangan nizomida O‘zbekistonning bu eng qudratli nazorat idorasi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunishi» ta'kidlangan.

Shuningdek, o‘sha yili taqdirning taqozosi bilan prezident Islom Karimov bir vaqtning o‘zida bosh vazir ham edi. Bir vaqtning o‘zida ikkita alohida hokimiyat organi ustidan hukmronlik tizginini qo‘lga kiritgan Karimov arqonni uzunroq tashlash va chuqurroq ildiz otishni ko‘zlagan edi.

Asosiy vazifasi mamlakat ichkarisida va tashqarisida «razvedka va kontrrazvedka faoliyati bilan shug‘ullanish va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hisoblangan» maxfiy idoraning bitta shaxsga bo‘ysundirilishi O‘zbekistonda hokimiyatning keyingi 25 yil davomida Karimov tomonidan uzurpatsiya qilinishiga asos bo‘lgan edi.

Bugungi kun parallelidan kelib chiqib bir vaqtning o‘zida ham bosh vazir va ayni paytda konstitutsiyaga zid bo‘laroq muvaqqat prezidentlik lavozimini qo‘lga kiritgan Shavkat Mirziyoev harakatlarida ayni tarix takrorlanayotganini kuzatish mumkin.

Shuhrat Nusratov: «Ertaga bizni qamashadi, ertaga sizni qamashadi»

1991 yili O‘zbekiston Oliy Kengashining tarixiy yettinchi sessiyasida mazkur nizomning ayni bandini va bu haqdagi prezident farmonini keskin tanqid qilgan sobiq deputat Shuhrat Nusratov ushbu qaror eng yomon oqibatlarga olib kelishini bashorat qilgan edi.

“Razvedka va kontrrazvedka organlari barcha texnik vositalari bilan birgalikda bitta odam, ya'ni Karimovning qo‘liga berib qo‘yilmoqda. Bu mumkin bo‘lmagan bir narsa. Bunga sira yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Agar bunga yo‘l qo‘ysak, bizni 37- 40 yillardagidek qatag‘onlar kutadi. Oqibatlarni hatto taxmin ham qila olmaymiz. O‘rtoqlar, bizni kutaëtgan dahshat ko‘lamini taxmin ham qila olmayapsizlar, ayniqsa, bizning prezidentning jilovsiz xarakterini hisobga olsak. Ertaga bizni qamashadi. Ertaga sizni qamashadi”, degan edi 1991 yili O‘zbekiston parlamenti minbaridan turib Nusratov.

O‘sha sessiyadagi nutqidan ko‘p o‘tmay Shuhrat Nusratov Kuybishev tumani (hozirgi Mirzo Ulug‘bek tumani) partiya qo‘mitasining birinchi kotibi lavozimidan olindi, parlamentdan chetlatildi va keyinchalik iqtisodiy ayblovlar bilan qamoqqa olindi.

Yetti yilga qamalgan 69 yoshli sobiq deputat Shuhrat Nusratov 2016 yilning aprelida ozodlikka chiqarildi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 june 2021
«Milliy tiklanish» partiyasi lideri Alisher Qodirov Alter Ego nashriga intervyu berdi.
22 may 2016
Tojikiston konstitutsiyagi o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutgan referendum prezident Imomali Rahmon hokimiyatini amalda yanada mustahkamlashga qaratilgani aytiladi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlar ...
30 march 2019
Prezident Mirziyoev 27 mart kuni imzolagan qarorga ko‘ra, “O‘zbekenergo” aktsiyadorlik jamiyati “Issiqlik elektr stantsiyalari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” ...
25 november 2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining farmoyishi bilan Komil Ismoilovich Allamjonov maslahatchi-vakil — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining AQShdagi vakili lavozimiga ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...