Biznes-ombudsmanning NNTlarga ogohlantirish berish vakolati bormi?
Bizga Biznes-Ombudsman tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlariga ham taqdimnoma va ogohlantirish berayotganligi haqida xabarlar kelib tushmoqda, maslahat berishni so‘rashmoqda.
Bizning bilganimiz bunga Adliya vazirligi vakolatli organligidir. Davlat organlari bilan NNTlar o‘rtasida muvozanatni saqlash uchun ham shunday qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 72-moddasiga muvofiq davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta'minlaydi, ularga jamiyat hayotida ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratadi.
Davlat organlari va mansabdor shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga aralashishiga, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
“Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunining 7 moddasiga muvofiq NNTlar o‘z a'zolari va qatnashchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish huquqiga ega.
«Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunining 5-moddasiga muvofiq nodavlat notijorat tashkilotlari qonunchilik bilan taqiqlanmagan har qanday faoliyat turini o‘z ustavlarida belgilangan maqsadlari doirasida amalga oshirishi mumkin.
NNTlar o‘z faoliyatida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan mustaqildir, qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqa hollarda ularga hisobot bermaydi hamda ularning nazorati ostida bo‘lmaydi.
Nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.
10-moddasiga muvofiq nodavlat notijorat tashkilotlari davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
Ma'muriy Javobgarlik Kodeksining 1978-moddasiga muvofiq davlat organlarining mansabdor shaxslari tomonidan NNTlarning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlik belgilangan.
O‘RQ-440-sonli qonunning 8-moddasiga muvofiq Biznes-Ombudsmanga tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishiga doir qonunchilikning buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga yozma ravishda ogohlantirishlar e'lon qilish; qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning rahbarlariga belgilangan muddatlarda bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish; ma'muriy javobgarlikni keltirib chiqaradigan qonunchilik buzilishi holatlari yuzasidan ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzish huquqlari berilgan.
Mazkur normativ-huquqiy hujjatda Biznes-Ombudsmanning NNTlarga taqdimnomalar va ogohlantirishlar berishi vakolati mavjudligi ko‘rsatilmagan.
NNTlar tekshiruv organi emas, huquqiy ta'sir chorasini ko‘rmaydi, o‘rganilgan tizimli muammolarni davlat organlariga yetkazadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda Biznes-Ombudsmanning NNTlar faoliyatini cheklab qo‘yadigan taqdimnomalari va ogohlantirishlari bilan kelishib bo‘lmasligini ta'kidlab o‘tish lozim.
Ustavida belgilangan ijtimoiy foydali faoliyatini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilish huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Juma kunidagi o‘quvlarda yetkazib qo‘yinglar, hali ham pogonim bor deb yurgan bo‘lmasin ayrim inspektorlar.
Bunday holatda NNT qanday yo‘l tutishi kerak? Prokuratura (yoki boshqa HMQO) organlariga shikoyat yuborish, bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga shikoyat qilish mumkin. Vakolat doirasidan chiqib, berilgan taqdimnomalar va ogohlantirishlarni bekor qilishni so‘rab ma'muriy sudlarga da'vo arizasi kiritish mumkin, bunda bojdan ozod bo‘ladi. Xalqaro tashkilotlarga murojaat qilish mumkin.
Boshqa boshqa qutbda bo‘lsa ham foydali balansni topib ishlash mumkin.
Huquqshunos Anvar Bozorov
