Ko‘zqarash
27 october 2015

Qaerda yashayapmiz o‘zi?

Hech televizor ko‘rmayman. Lekin qanday qilib bugun ishdan kelib televizor pultini qo‘limga olib, O‘zbekiston telekanallari bo‘ylab “o‘tlab” ketganimni bilmay qoldim.

Hamma kanalda nasihat, yurtning obod bo‘layotganiyu, yo‘llarning kengayayotgani, xalqning ertangi kunga ishonchi to‘xtamasdan ortib borayotganiyu, kollej o‘quvchilariga sanoqsiz ish o‘rinlari yaratilayotgani haqida boshlovchilar, cho‘ponlar, o‘qituvchilar, talabalar to‘lib toshib gapirib yotishibdi.

Mahalliy telekanalda nima gap ekan deb, Andijon TVga olsam, vahimali muzika boshlanib turgan ekan. “Obbo, birov o‘ldimikin?” deb tursam, yo‘q, «Dolzarb mavzu» nomli ko‘rsatuv boshlanayotgan ekan. Ekranda anjanliklar orasida g‘alamis va lagan laqabi bilan tanilgan G‘ayratbek Sirojiddinov degan “shestyorka” yigit jurnalist qiyofasida chiqdi va mavzuni e'lon qildi.

Nima emish “2015 yilgi kuzgi va qishki mavsumda aholini elektr energiyasi bilan taminlash hakida”mishde… Uning atrofida 6 nafar semiz semiz elektrosetning yemaxo‘r xodimlari va bir kapitan maqomidagi mirshab o‘tiribdi.

Tushunmadim, elektr tokiga mirshabning nima aloqasi bor? G‘alamis jurnalistimiz savol bilan boshladilar. Savolni qarang “dolzarb”ligini! “Avvalo elektr energiyasidan foydalanish uchun nimalarga amal kilishimiz kerak?” dedi jurnalist!

Savolning mag‘zini chaqdingizmi? Savolni eshitib, bir qalqib tushgan bo‘lsam, javobni eshitib stuldan ag‘nab tushdim! Bo‘qaga o‘xshab ketadigan elektroset xodimining javobini eshiting: “Muhtaram yurtboshimizni falon falon qarorini keng jamoatchilikka tadbiq qilish fuqarolarga yengillik yaratish maqsadida aholini elektr energiyasini bilan taminlash joriy yilning falon kunidan boshlab grafik asosida berib boriladi!”

G.R.A.F.I.K nima o‘zi? O‘zbekistonda yashayapmizmi yoki Somalidami? Yoki urush boshlanganmi bizda? O‘zlari biladilarmi nima deyayotganini bular?

Yana bir elektroset xodimining taklifini qarang: “Axoliga bir murojatim bor. Choy qaynatishda sifatsiz elektr vositalaridan emas, mana bunday toza maxsulotlardan foydalaning” deb, stolini ostidan bitta yangi TYeFAL choynagini olib qo‘ysa bo‘ladimi…

Ana shunda ham vaqtdan yutarkanmiz, ham tok oz ketarmish… Darhol televizorni o‘chirdim. Anchagacha tarixdagi Leningrad qamali xaqida o‘ylab yotdim negadir…

O‘shanda Leningradliklar osmonda uchib yurgan nemis samolyotlari shaharni kechasi ko‘rmasliklari uchun hamma derazalarga qara parda ilib chiqishgan ekan.

Ya'ni, “Urush bo‘lyapti! Chiroq kerakmas!” deb elektr toki berishni xech kim to‘xtatmagan ekan. Faqat chiroq nurini kechasi tashqaridan ko‘rinmaydigan qilishga buyruq berishgan ekan xolos…

Biz qaerda va nechanchi asrda yashayapmiz o‘zi?

Aziz,
Anjanlik blogger
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
29 april 2016
O‘zbek matbuotining bu jazavasiga 12 aprel kuni, “Toshkent” telekanalida START berildi. O‘sha kuni bu telekanal, kechki praym taym vaqtida, ...
17 may 2024
RT: Mana xafta zuvv etib aylanib yana siz bilan yuzma yuzman. MS: Ovong og‘o, bugun beshlanjiy gun. Gurungni sizdan ...
15 january 2026
Albert Eynshteyn O‘zbekistondan Parijga kelgan raqqosaning qo‘l ro‘moliga ëzgan formula nima edi? Bu formula vaqt tuynugi borligini ko‘rsatuvchi eng ...
1 february 2019
Kichkinagina moviy qushcha gaz yo‘q, chiroq yo‘q O‘zbekistondan issiq o‘lkalarga uchib ketmoqchi bo‘ldi. U inidan chiqib osmonga parvoz qildi. ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...