Asosiy mavzular
28 february 2017

Jamol Kamol: «Karimov nomi aeroportga qo‘yilmasin»

O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol Toshkent Xalqaro aeroportiga Karimov nomini berish haqidagi prezident qaroriga e'tiroz bildirib Mirziyoevga maktub yozdi.

«Mening nazarimda, Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish haqidagi qaror biroz shoshilinch qabul qilinganga o‘xshaydi», deya fikr bildiradi 77 yoshli adib o‘z maktubida.

Prezident Shavkat Mirziyoev Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish haqidagi qarorini 25 yanvar kuni imzolagandi.

Ko‘plik qilmasmikan?

Qaror, Toshkent davlat texnika universitetiga, Asaka shahridagi avtomobil zavodiga, Farg‘ona shahridagi San'at saroyiga, Toshkent xalqaro aeroportiga, Qoraqalpog‘iston respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi markaziy ko‘chalarga (mahalliy davlat hokimiyati organlari takliflari asosida) Islom Karimov nomini berishni ko‘zlagan.

Jamol Kamolning prezidentga yozgan xatiga ko‘ra, «marhumning faoliyati holis sarhisob etilib, oqi oqqa, qorasi qoraga ajratilmagan».

Uning fikricha, Mirziyoev e'tirof etganidek, «adolatli demokratik jamiyatning atigi poydevorini qura olgan» shaxs uchun «Muzeylar, bog‘lar, oliy o‘quv yurtlari, ko‘chalar, haykallar, jamg‘armalar…» juda ko‘plik qiladi.

«Shunchalar sahovat ko‘rsatish joizmikan. Buning ustiga, Toshkent xalqaro aeroportining ayni shu nom ila atalishi, to‘g‘risini aytganda tasavvurga sig‘maydi», deya pisanda qiladi adib sal istihola bilan mamlakat prezidenti nomiga yozgan maktubida.

«Abadiylashtirish» allaqachon boshlab yuborilgan

Qarorda, shuningdek o‘tgan yiliyoq Karimov xotirasini abadiylashtirish yo‘lida ancha ishlar qilib qo‘yilgani qayd etiladi.

2016 yil oktyabr oyida Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tuzilgan.

Toshkent shahar, Yashnaobod tumani «Farg‘ona yo‘li» ko‘chasida joylashgan jome masjidiga «Islom ota jome masjidi» dem nom berilgan.

2016 yilning 2 dekabrida esa «Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish bo‘yicha xalqaro ijodiy tanlovni tashkil etish to‘g‘risida» qaror qabul qilingan.

Shuningdek qarorga ko‘ra, har yili, Karimov tug‘ilgan sana 30 yanvar kunini keng nishonlash, «2 sentyabr kunini xotira kuni sifatida yod etish», ushbu sanalar munosabati bilan ommaviy axborot vositalarida Islom Karimov hayoti va faoliyatini keng yoritilishi lozim.

E'tirozga o‘rin yo‘qmi?

Keksa adibning fikricha, bunday qaror xalq muhokamasiga qo‘yilishi, kerak bo‘lsa referendum orqali hal qilinishi kerak.

Bugungi O‘zbekiston xududida ming yillar davomida «ne-ne davlatlar, saltanatlar qurilgani» haqida yozarkan, shu o‘rinda, «mamlakatning asosiy darvozasi» sanalgan Xalqaro aeroportga munosib, tarixiy shaxslar sifatida Alisher Navoiy va Sohibqiron Amir Temur nomlarini keltiradi.

«Bobolar ta'biri bilan aytganda, yetti o‘lchab bir kesilsa, ayni muddao bo‘lar edi», deydi u.

Islom Karimov 27 yil davomida O‘zbekistonni shafqatsizlik bilan boshqardi.

U hokimiyatda ekan, O‘zbekiston dunyoning eng avtoritar davlatlaridan biriga aylandi.

Ochiq muhokamalar bo‘lmagan, tanqid uchun jazo qo‘llaniladigan Karimov davriga hos o‘zbek jamiyatida hukumat qarorlari ortiqcha bir shoshqaloqlik bilan ijro etib kelinadi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi bo‘lgan, Jamol Kamol 1938 yili Buxoroda tug‘ilgan. O‘nlab she'riy to‘plamlar muallifi. Fransuz shoiri Bualo va Shekspir asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan va qator mukofotlar sohibidir.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
14 november 2018
Taniqli o‘zbek dissident adibi, 67 yashar Mamadali Mahmudov 13 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAning «Gurung» loyihasi ...
1 october 2016
O‘zbekistonning bir qancha viloyat va tumanlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘istonda bu yil 18 yoshga yetmagan bolalar paxtaga chiqarilganini eltuz.com o‘z manbalari ...
3 september 2019
Andijonda bitkoin yaratish bilan shug‘ullanadigan yangi loyiha amalga oshirilmoqda. Bu ishning boshida “Kubikoin” korxonasi turgani, loyihaning qiymati esa 1,2 ...
27 october 2020
To‘qsoninchi yillarda talaba edim. Dang‘aralik taniqli jurnalist Shokirali Nuraliev: «Kapitalizm huquqsiz, yollanma ishchilarni ezib ishlatishdir. Mayli, SSSR quladi, kommunizm ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...