Asosiy mavzular
9 november 2017

Bu ketishda tibbiyotni isloh qilib bo‘ladimi?

Ma'lum bo‘lishicha, o‘tgan yakshanba kuni Toshkentdagi bir qancha shifoxonayu poliklinikalar xodimlari Sergelida yangi qurilayotgan uylar oldini tozalash, ularni tartibga keltirish, chang-cho‘nglarini artish ishlariga safarbar qilingan.

Prezident to‘rtinchi bor mediklarni tanqid qildi. Rassom Tuz

Bunga sabab mazkur uylarning tez orada prezident ishtirokida foydalanishga topshirilishiga tayyorgarlik ko‘rishdir.

Yaqinda O‘zbekiston prezidenti, adashmasam, to‘rtinchi bor tibbiyot sohasidagi islohotlar bo‘yicha katta yig‘ilish o‘tkazdi.

Bu safar ham mazkur sohadagi kamchiliklarni ayamasdan tanqid qildi, qanchadan qancha rahbarlarni koyidi.

Hali hech bir soha bo‘yicha prezident buncha ko‘p va dam-badam majlis o‘tkazmagan bo‘lsa kerak. Shuning o‘ziyoq tibbiyotning bugungi holati qanchalik nochor ekanidan darak beradi.

Lekin o‘choqqa o‘tin tiqqan bilan uni yoqmasdan ovqat pishirib bo‘ladimi? Tibbiyotimizni «tiriltirish»ga urinishga qaratilgan sa'y-harakatlar ayni shu holatni esga soladi.

Endi mana shu fikrlarimizni isbotlashga harakat qilib ko‘ramiz.

Feysbuk sahifasidan skrinshot

Tibbiyot xodimlari o‘z ishlari qolib, yil davomida boshqa ishlarga jalb qilinadi. Ko‘chalarni tozalash kerakmi, o‘shalar (o‘qituvchilar bilan birga).

Feysbuk yuzeri Angelina Nazarova Sergelidagi qurilishlarni tozalashga tibbiyot xodimlaridan tashqari o‘qituvchilarning ham krepostnoy kabi tekin ishchi kuchi sifatida jalb qilinayotgani haqida yozdi. O‘qituvchilar qo‘pol munosabat sabab ishdan bosh tortishgach, maktab direktoriga hayfsan berilgan, o‘qituvchilarga esa 5000 so‘mdan yig‘ib berish buyurilgan.

Paxta terish kerakmi, birinchi navbatda yana tibbiyot xodimlari va o‘qituvchilar dalaga haydaladi. Biror katta ishga hasharchi kerakmi, marhamat, do‘xtirlar bor, o‘qituvchilar bor.

Paxta terimidagi «ko‘ngillilar» ham asosan shifokor va o‘qituvchilar. Rassom Tuz

Kuni-kecha «Kun.uz»da o‘qib qoldim. Endigina o‘qishni bitirgan yosh, intiluvchan tibbiy mutaxassis tumandagi poliklinikaga ishga kiribdi.

Ko‘p o‘tmay o‘zining shunday qobiliyati uchun bosh shifokor darajasiga yetishibdi.

Lekin oradan sal o‘tmay, do‘xtirlarini paxta terimiga safarbar etish haqidagi buyruqni bajara olmagani uchun ishdan bo‘shatilibdi.

Mana shunaqa gaplar bugun yurtimizda. Tibbiyot muassasalaridagi majburiy mehnat, poraxo‘rliklar, ta'magirliklar va boshqa illatlar haqida ko‘plab misollar keltirish mumkin.

Baraka topgurlar (Islom Karimov ko‘p ishlatardi bu so‘zlarni), tibbiyot xodimlarini o‘z holiga qo‘ymasdan, bevosita vazifasi bo‘lmagan har ishga jalb qilaversak, sohani isloh qilib bo‘ladimi, deydigan mard yo‘q.

Har qancha majlislar o‘tkazmaylik, sohadagi rahbarlarni har qancha almashtirmaylik, avvalo, mana shunday holatlarga barham bermasak, tibbiyotdagi islohotlar ko‘zlangan samarani bermasligi aniq.

Ha aytgancha, bu gaplar boshqa sohalarga ham taalluqli…

Sardor Azim
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
27 march 2019
Ilk bor fazoni zabt etgan sovet kosmonavti Yuriy Gagarin va Seryoginning UTI MiG-15 uchog‘i, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 1968 yilning ...
20 november 2025
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Kusherbaev Rasul Xidralievich lavozimidan ozod etildi.
20 september 2023
Kecha 19 centyabr kuni Shayxontohur tumani sudida prokuror Human.uz sayti asoschisi va rahbari Xurshid Daliev va “O‘zbekneftgaz” shirkati matbuot ...
14 october 2022
O‘zbekistonda birinchi zamonaviy kasaba uyushmasi bir yil avval tashkil etilgan bo‘lsa-da, u duch kelgan muammolar mehnat huquqlari qanchalik keng ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...