Video
14 november 2019

Turlilikdan qo‘rqmagan jamiyat erkindir

Kecha Lolaning klipidan so‘ng qo‘shtirnoq ichidagi «ma'naviyat» yana dolzarb mavzuga aylandi. Ko‘pchilik Lolaning «isyon»ini olqishlagan bo‘lsa, ma'naviyatchi va radikallar, albatta, uni yomon ko‘rib ketishdi. Yana bir bor «ma'naviyat» degan muammo qanchalik chuqur ekanligini tushungandek bo‘ldik.

Bir narsa aniqki, bir nechta maqolaga, bir nechta kliplarga qaramasdan, oddiy ma'naviyatchi o‘zgarib qolmaydi. Chunki «ma'naviyat» uning ongida dogma darajasiga yetgan. Ma'naviyatchi biror-bir o‘zgacha narsaga qarshi nafrat bilan yashaydigan oddiy mafkurachidir. Nechta ma'naviyatchini bilaman, hatto tanishlarimiz orasida ham bor. Ularni o‘zaro biriktiradigan narsa nafratdir. O‘zgacha fikrga, o‘zgacha dunyoqarashga, o‘zgacha kiyinishga, hatto ayoli bilan o‘zgacha qo‘shilishga ham.

Ular (ma'naviyatchilar) oliy irq, ular o‘zlarini hammadan aqlli, hammadan moral bilan ustun deb bilishadi. Bu ularga go‘yoki hammaga qanday yashashni o‘rgatish huquqini beradi. Ular sening uUniversitetda qaysi paypoqda borishingni, uyingda qaysi pijamada yurishingni, qaysi telekanalni, qaysi kinoni ko‘rishingni, qaysi kitobni o‘qishingni, qaysi qo‘shiqni eshitishingni, facebookda qaysi prikolni o‘qishing joiz yoki joiz emasligini, xullas, hayotingni hal qilishga haqliman, deb bilishadi. Biri uchun ayollar past sortli jonzot bo‘lsa, ikkinchisi uchun chet elda o‘qigan erkin fikrli inson dushman, uchinchisi uchun miniyubka bombadan ham xavfli quroldir.

O‘zlarini hammadan aqlli, har qanday «o‘zgachadan» ustunman deb bilib, ularga nisbatan ichida nafrat bilan yashashadi. O‘zini boshqalardan ustun deb bilib, boshqalarga nafrat bilan yashashi oddiy millatparastni eslatadi go‘yoki.

Ular haq yo‘lda, ular oliy axloqni bilishadi, sen bo‘lsa yirtiq shim kiyganing, «Joker»ni ko‘rganing, Lolani eshitganing, tungi klubga borganing, qizing bilan qo‘l ushlashib yurganing, galstuksiz o‘qishga borganing uchun qanaqa yashashni bilmagan past sortli jonzotsan. Zamon ko‘tarsaki, seni qayta tarbiyalash lagerlariga eltib, qaytadan tarbiyalasa. Qayta tarbiyalash lagerlari haqida orzusi amalga oshmagandan so‘ng qo‘lida uyg‘urlar qayta tarbiyalanayotgan lagerlarni maqtab maqola yozishdan boshqa chorasi qolmaydi.

Sog‘lom fikrli yurtdoshlarimga murojaatim: Siz erkin fikrli, ongli jonzot – insonsiz. Sizni hayvondan farqlab turadigan narsa ong, erkin fikrdir. Erkin fikrli insonlar xilma-xil bo‘lishi, ularning didi ham, xohishlari ham turlicha bo‘lishi tabiiy. Insoniyatni mana shu xilma-xillik, mana shu turlilik, mana shu «o‘zgachalik» bugungi darajaga olib keldi. Kim uchundir Sherali Jo‘raev san'at ustuni bo‘lishi, kim uchun Lady Gaga eng zo‘r qo‘shiqchi bo‘lishi tabiiy holat. Siz o‘z dunyoingizga ega bo‘lishga ma'naviyatchi, radikal va boshqalar bilan teng huquqqa egasiz. Eng muhimi, sizning dunyoqarashingiz, sizning e'tiqodingiz, sizning xohishlaringiz boshqaning erkini chegaralamasa bo‘ldi. Jamiyat uchun yagona mezon bu insoniy, butun dunyoda universal bo‘lgan axloqdir. U axloq chirigan G‘arbda ham bor, Afrikada ham bor. Axloq normalarini hurmat qilish uchun inson bo‘lish yetarli.

Va eng muhim qoidani hech qachon esdan chiqarmang: Sizning erkingiz boshqaning erki boshlangan joyda tugaydi.

Salomat bo‘ling!

Firuz Allaev,
bloger va noshir

Tag‘in o‘qing
24 october 2018
22 oktyabr kuni Andijon viloyati televideniesida viloyat hokimi Sh.Abdurahmonovning paxta yig‘im-terimida qatnashganligi yuzasidan ko‘rsatuv tayyorlandi. Unda 19 oktyabr kuni ...
11 january 2026
1921 yilning 11 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Xorazm Kommunistik partiyasining I qurultoyi — bu shunchaki siyosiy yig‘ilish emas, balki ...
1 february 2016
Samarqand viloyatida chaqaloqlar nogironligi ko‘payib borayotganiga oid surishtiruvimizga bir necha ayollarning bu haqdagi shikoyatlari sabab bo‘ldi. Oqdaryo tuman Ravot ...
27 september 2021
Dunyodagi eng yirik “Ernst & Young“ (EY) auditorlik kompaniyasi Shveytsariya tarixidagi ikkinchi yirik bankrotlikdan keyin jiddiy tekshirilmoqda.  EY auditorlari ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...