Ko‘zqarash
30 march 2020

Alkashlar ham niqob taqayapdi…

Tuman markaziga borib keldim. Ishim bor edi. Qalampir va pomidor ko‘chatlar sotyapti ekan. «Pomidor ko‘chati yetti donasi ming so‘m», dedi sotuvchi ayol. «Yaxshi», dedim. Keyinroq olarman.

Kartoshkaning kilosini to‘rt mingdan sotishyapti. Pomidor o‘n uch ming ekan. Suzmaning bir kilosini sakkiz mingga oldim. Barra sarimsoqpiyoz qimmatroq. Qari molning go‘shtini sotishyapti ekan. «45 ming» deb yozib qo‘yishibdi.

Bankka kirayotganda peshonangizga teplovizor tirab, kaftingizga antiseptik sepishyapti. Bankka kirmadim. Uzoqdan ko‘rdim.

Tuman markazida olomon har doimgidek ko‘p. Hamma betining yarmini berkitib olgan. Qop ko‘tarib, sassiq ariqchalar, do‘konlar atrofida bakalashka yig‘ib yuradigan, beti va boldirlarini yara bosgan daydilar ham chehrasiga maska taqib olibdi. Alkashlar ham niqob taqishni o‘rganibdi. Faqat ular niqobni iyagiga taqib sigaret tutatib o‘tirishibdi.

«Uyda qoling!» deyilyapti. Lekin ko‘cha to‘la odam. Ko‘chada xotinlar ko‘p.

Cho‘ntagimga odekolon solvogandim. Yo‘l-yo‘lakay qo‘limni, qaytim pullarni dezinfektsiya qilib yurdim.

Damas sho‘pirdan: «Moshinalaringni har kuni dori sepib tozalayapsizlarmi?» deb so‘radim. «Boshida doriladik bir-ikki kun.
Hozir yo‘q», dedi. «Ehtiyot bo‘ling!» dedim.

Bizda quyosh chiqdi. Osmonda yupqaroq oq bulut ham ko‘rinadi. Shovla pishirsammikan. O‘rik qoqi va loviya ham qo‘shardim. Tomorqamda kartoshka unib chiqdi. Chopiq qilish kerak. Olma gullariyam qizarishni boshladi. Uzumtok nishini ko‘rsatdi. Dalaga yalpiz tergani borsammikan. Chuchvara tugardik. Qoqigulni choyga damlab ichsa bo‘ladi. Pandemiya ham tugab qolar. Qo‘limni ko‘p yuvyapman, sartaroshning qo‘lidek noziklashib qoldi. Ko‘chada qayoqqa qarashniyam bilmaysan, hamma qiz-ayollarning beti berk. Azaldan zanjabil choy ichaman. Uch-to‘rt kunda pomidor va bolgarskiy ko‘chatlar arzonlashadi. Dushmanlarimga ham koronavirus yuqmasin. Lekin panos bo‘lsa, mayli. Zarar qilmaydi. Kallago‘shtiniyam mavsumi oxirladi. Sumalak sovuqligimni oshirib yubordi. Yostiqqa qapishib rosa uxladim.

Inson – ona zamin tanasiga sanchilgan tikan.

Rahimjon Rahmat

muallifning feysbukdagi sahifasidan

Tag‘in o‘qing
26 february 2020
25 fevral kuni Gulnora Karimovaning Londonda yashaëtgan qizi Instagram sahifasida onasidan prezident Mirzieevga yo‘llangan maktubni joylashtirdi.  Maktubda Karimova G‘arb ...
26 december 2016
Yer Oydan, Quyoshdan ajralib qolsa, u yo‘q bo‘lib ketadi. Buni bilish uchun astronom bo‘lish shart emas. Lekin O‘zbekiston misolida ...
24 august 2018
O‘zbekistonda shu hafta eng ko‘p pichoqbozlik Qurbon hayiti kuniga to‘g‘ri keldi.  Shu kuni, 21 avgustda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida ...
11 may 2023
Salom qadrli muhlislar. Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Maktublar O‘zbekistonning Farg‘ona, Toshkent, Samarqand viloyatlari dan ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...