Asosiy mavzular
4 august 2020

«Buyuk ajdod» tushunchasidan voz kechish kerak…

O‘zbekistonda turli matnlarda, kontekstlarda, hatto rasmiy hujjatlarda ko‘p ishlatiladigan “buyuk ajdod” tushunchasidan voz kechish kerak, deb o‘ylayman. Buning sababini tushuntirishga urinib ko‘raman.

“Buyuk ajdodlar” ritorikasi sovet tarixchiligi va tashviqotidan qolgan paradigma. U haqiqatni bus-butun aks ettirmasligi barobarida millatga va millatchilikka eski yondashuvlarni aks ettiradi. Bitta millat ichidagi hamma odamlar bir kishining genetik avlodi emas, shunday ekan, mashhur tarixiy shaxslarni “buyuk ajdod” deb atash unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi. Millatga va tarixga bu nuqtai nazardan qarashning zaifligi ba'zi muammolarni keltirib chiqaradi. Masalan, bir tanishim “Men Amir Temurning avlodi emasman”, deyishni, umuman, Temurning o‘zbeklarga aloqadorligini shubha ostiga olishni, “bu yolg‘on ajdod”, deyishni yaxshi ko‘radi. Ya'ni yuqoridagi paradigmaning zaifligidan kelib chiqib, butun millat kontseptsiyasini va tarixini shubha ostiga olish mumkin. Yuqorida keltirganim – bir o‘zbekning o‘z kelib chiqishiga qarab aytgan andishalari. Ideologik kurashda bu argumentdan yanada kengroq foydalaniladi va yanada kattaroq xulosalar qilinadi. Demakki, “buyuk ajdod” kontseptsiyasi yordamida tarixini yanada yorqinroq qilishga urinish aslida millatning asosini zaiflashtiradi, uning butunligini va o‘tmishini shubha ostiga olish imkonini beradi.

Bugungi kunda deyarli barcha ilmiy qarashlar tan oladiki, millat qarindoshlik birlashmasi emas. Millat genetik jihatdan turlicha kelib chiqishga ega odamlardan tashkil topadi. Menimcha, hech kim hamma millatdoshlarini qarindosh deb hisoblamasa kerak (agar shunday hisoblasa, unda adashadi). Albatta, agar chuqurroq kovlasa, hamma odamlar bir ildizga borib taqaladi, lekin qarindoshlik kategoriyasi faqat eng yaqin ildizlarni o‘z ichiga oladi (shuning uchun “butun insoniyat o‘zaro qarindosh”, deyish ham mantiqan xatodir).

Millat – siyosiy birlashma. Siyosiy birlashmalar siyosiy voqealar asnosida shakllanadi va, aksincha, tarqab ketadi. Siyosiy birlashuv ortidan iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, lisoniy birlashuv ham yuzaga keladi. Lekin bu birlashuv qo‘shimcha va shubhali argumentlarga muhtoj emas. Umumiy ajdod qidirish millat birligini orttirmaydi, aksincha, uni sun'iylashtirib qo‘yadi (chunki hamma uchun umumiy ajdod topish imkonsiz).

Nazarimda, elita ham, ziyoli qatlam ham, xalq ham mana shuni tushunsa va qabul qilsa, millatini siyosiy birlashma deb qabul qilsa, o‘tmishni va bugunni tushunishdagi ko‘p muammolar hal bo‘ladi, shubha-gumonlarga o‘rin qolmaydi. Har bir odamning alohida, o‘z ajdodlari bor. Lekin ajdodlaring kim bo‘lsa bo‘lsin, bugun muayyan millat vakilisan va uning siyosiy o‘tmishida rol o‘ynagan shaxslarni o‘tmishdoshing, deb qabul qilasan. Mana shunday yondashuv, menimcha, haqiqatga yaqinroq bo‘ladi va mustahkamroq birlashuvni ta'minlaydi.

“Buyuk ajdod” termini o‘rniga esa “buyuk millatdosh” yoki “buyuk vatandosh” kabi atamalarni ishlatish mumkin. Bu balki etnik bo‘linishni ham bartaraf etib, chinakam millat tushunchasi hosil bo‘lishiga yordam berar.

Eldor Asanov,
Telegramdagi «Asanov formati» blogeri

Tag‘in o‘qing
24 december 2025
O‘zbekistonda hech qaysi tizim sog‘liqni saqlash tizimichalik korruptsiya botqog‘iga botmagan. Kelgan bemordan ham, o‘lgan bemordan ham soqqa qilish  – ...
21 november 2016
Rassom Tuz o‘zining navbatdagi karikaturasida Shavkat Mirziyoevga yordam so‘rab murojaat qilayotgan o‘zbek yoshlari zehniyatiga nazar tashlaydi. Bosh vazir virtual ...
6 january 2022
O‘zbek muxolifat lideri Muhammad Solih Eltuz muxbiri bilan suhbatda Qozog‘istondagi voqealarga munosabat bildirdi. O‘zbekiston «Erk» demokratik partiyasi lideri Muhammad ...
7 january 2025
Ijtimoiy tarmoqlarda “1000kitob” loyihasi bo‘yicha turli gap-so‘zlar aylanib yuribdi. Mansab talashuvi, ziyolilarning guruh-guruh bo‘lib, bir-biri bilan qirpichoq bo‘lishi, Xushnud ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...