Ko‘zqarash
2 march 2021

G‘irt begona

Bir og‘aynim qo‘qqisdan men haqimda daholarcha bashorat qilib bunday deb qoldi: Kerak bo‘lsa, ming foiz kafolat beramanki, seni yurtimizda hech qaerga ishga olishmaydi, chunki sen na olishni bilasan, na berishni!

Peshonani qarangki, uning falsafasi to‘ppa-to‘g‘ri chiqib turibdi, hamon ish qidiraman, oradan besh yil o‘tib ketibdi. Bu davrda bormagan joyim qolmadi, ertaga keling, indinga xabar oling, bir haftadan so‘ng o‘zimiz telefon qilamiz, uch oydan keyinga yuz foiz kafolat beramiz, xullas, yumshoq muomala, hammasi musaffo osmon…

Aybing nimada, deyishingiz mumkin. Ha, aybim bor, birinchi galda, to‘g‘risini gapiraman, halol ishlayman, birovning haqiga xiyonat qilmayman. Eng yomoni, rahbarlarga tilyog‘lamalik, laganbardorlik va chaqimchilik qilishni bilmayman. Mabodo, yangi rejani rahbarning o‘zi taklif qilsa ham ro‘yobga oshmaydigan taklif bo‘lsa, shartta ochig‘ini aytib qo‘ya qolaman, shuning uchun ba'zan betgachopar ham deb qo‘yishardi.

O‘zi biror joyda ishlaganmisan, deyishingiz ham mumkin. Ha, ishlaganman, bir korxonada rahbarning o‘rinbosari bo‘lib 10 yildan ziyod ishlaganman. Yana bir kamchiligim, ishga yangi xodim olsam, yoshiga qaramasdim, avvalo, bilimi, qobiliyati va ishchanligiga e'tibor berardim.

Nihoyat rahbarga yoqmay qoldim shekilli, o‘rnimga boshqa odamni olishdi, oddiy xodim bo‘lib ishlay boshladim. Oradan olti oylar o‘tgach, korxonamizda yangi xodimlar keragidan bir necha baravar ko‘payib ketdi.

Hayron bo‘ldim, yangi xodimlar deyarli hech narsa qilishmas, korxonada o‘ralashib yurishaverardi. Vaqt o‘tgan sayin ulardan ba'zilarining jamoamizda ishlash uchun umuman qobiliyati yo‘q ekani hammaga sezilib qolardi. Yana vaqt o‘tgach, ularning ayrimlari yo‘qolib qolar va yana yangilari paydo bo‘lardi.

Fe'limni bilasiz-ku, bu haqida mening o‘rnimga o‘tirgan boshliqning o‘zidan ochiqchasiga so‘radim. U yashirib ham o‘tirmadi, men uchun to‘g‘risini aytib qo‘ya qoldi.

«Ularning har biridan yuz dollardan olib qo‘yganman, yuraverishsin, biroz vaqt o‘tgach javobini beraman, keyin yana yangisini olaveraman, birov mening mushugimni pisht demaydi, aka, bu biznes», dedi.

Holimni ko‘rgan yana bir tanishim, sen qachon odam bo‘lasan o‘zi, “xo‘p” deyishni o‘rgan, rahbarlar uchun sening qiladigan ishing emas, “xo‘p” deyishing birinchi o‘rinda turadi, deydi. “Lo‘lining eshagini sug‘orib, pulini ol”, deb nasihat qiladi.

Bir kuni katta zalda hamma xodimlar hazil-huzul, qiy-chuv, o‘z vazifasidan boshqa ishlar bilan ovora edi. Men bir chetda jimgina o‘z vazifamni bajarib o‘tirardim, kutilmaganda shartta eshik ochilib, katta rahbar kirib qoldi.

Ko‘z ochib yumguncha vaziyat o‘zgardi. Hamma o‘zini shartta o‘z vazifasi bilan astoydil shug‘ullanayotganga soldi, kimlardir darrov laganbardorlik bilan katta boshliqqa quyuq salom berdi. Men esa o‘sha holda ishimni davom ettirardim.

Rahbar u yoq bu yoqqa astoydil razm solgandek bo‘ldi, ko‘ngli to‘ldi shekilli, menga qarab, aka nega bekor o‘tiribsiz, atrofingizdagi odamlardan o‘rnak olsangiz bo‘lmaydimi, deb menga qattiq tanbeh bergan bo‘ldi-da, shartta eshikni yopib, tashqariga chiqib ketdi.

Shu zahoti atrofimdagilar yana eski takasaltang holiga qaytishdi, g‘ala-g‘ovur boshlandi. Shunda men o‘zimni u yog‘idan o‘qisangiz ham, bu yog‘idan o‘qisangiz ham shunga o‘xshatdim – nodon!

Ba'zan aktyorlarga havasim kelardi, chunki ular har qanday rolga istagan paytida kira oladilar, aslida atrofimdagilar hayotdagi aktyorlikni qoyilmaqom qilib ijro etishardi.

Yoshi ulug‘roq yana bir tanishim, «Endi, uka, zamonni ko‘rib turibsiz, oldin uzatasiz, keyin olasiz, kerak bo‘lsa, katta lavozimdan tortib to oddiy qorovullikkacha uzatasiz, keyin yig‘ishtirib olasiz, qani bo‘lmasam, aytganimning aksi bo‘lgan uzatilmaydigan biror sohani misol qilib keltiring-chi» derdi gerdayib menga. Xullas, bu oluvchiyu beruvchilar yurtida men g‘irt begona edim.

Hayrat,

o‘zbekistonlik muallifning “Eltuz”ga yo‘llagan hikoyasi

Tag‘in o‘qing
16 december 2019
«Va'daboz deputatlarni saylab charchadingizmi, unda «Qo‘ldan kelgancha» partiyasiga ovoz bering». Telegram va yutub tarmog‘ida 2019 yilgi saylov kampaniyasi hajv ...
26 september 2025
Axmad Beyjon Erjilasun Turk hay'ati Muhammad Solih va uning do‘stlarini boshqa ko‘rmadi. Ishtvan Mandoki qo‘ng‘irni ham ko‘rishmadi. So‘nggi muhim ...
22 april 2019
Rassom Kirpi Eltuz.com
28 september 2020
Adliya vazirligining 27 sentyabr kuni bildirishicha, prezidentning 22 sentyabrdagi “Qimmatbaho metallar muomalasini tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...