Ko‘zqarash
6 december 2021

«Bizga sud kerak, mustaqil sud kerak!»

«Albatta, keragidan ko‘p xato qilganmiz, ulardan juda afsusdaman. Eng katta xatoim sud, jin ursin, mustaqil sud tizimini tuza olmaganimiz ko‘pchilikni qiynadi va mana, navbat menga ham keldi. Mustaqil bo‘la olmagan sudlar azob bergan hammadan kechirim so‘rayman. Bu xato, ammo jinoyat emas».

Yuqoridagi iqtibos shu kunlarda Putinning shotirlariga aylangan Gruziya hukumatining soxta ayblovlari bilan sudlanayotgan Saakashviliga tegishli.

Qarangki, mahkamadan mustaqil sud talab qilgan yagona Saakashvili emas, holbuki, u haddan tashqari qisqa muddatda haddan tashqari katta islohotlarni amalga oshira olgan islohotchi o‘laroq bunga rostdanam haqli.

70-yillarning vahshatli generali Pinochet qilgan jinoyatlari uchun 2005 yilgacha mahkamaga tortilmagan. Immuniteti bo‘lgan. 2005 yilda u immunitetdan mahrum etilgan va uning birinchi talabi mustaqil sud bo‘lgan edi. Afsuski, Pinochet o‘zi istagan odil sudlovgacha yetib bormagan. Omonatini topshirgan.

Misrni 30 yildan ortiq muddat yakka o‘zi idora qilgan Muborak qamoqqa olingach, unga belgilangan sud mahkamasini buyurtma, deya tan olmagan. Vaholanki, kimda iqtidor bo‘lsa, o‘shaning topshirig‘ini ijro qiladigan sud tizimini uning o‘zi yaratgan edi.

Odil sudlov istagan yoki o‘zi yaratgan qo‘g‘irchoq sudlovdan yakunda aziyat chekkan mustabidlarning sanog‘i yo‘q. Miloshevich, Saddam Husayn, Kaddafining o‘g‘illari, Markos, Yanukovich, Atamboev…

Uzoqqa bormaylik, o‘zimizning o‘tgan zamon egalari bo‘lgan Gulnora Karimova, sobiq prokurorlar va ko‘plab sobiq kuchishlatarlarning ham eng katta afsusi mustaqil sud tizimini yaratishga urinmagani va bu yo‘lda qadam tashlamagani bo‘lsa kerak. Balki ular ham eng qulayi yugurdak, qo‘rqoq va shotir sudning bo‘lishi deb hisoblagan. Qarangki, himoyaga zarurat tug‘ilganda ularga eng keragi to‘plangan milliardlab boylik yoki shogirdu shotirlar emas, aynan mustaqil sud bo‘ldi. Afsuski, u yo‘q. Shuning uchun ular o‘zining haqiqatidan, uni namoyon etishdan mahrum.

Sud, mustaqil sud faqat cheksiz hokimiyat egalarigagina kerak emas. Albatta, ularga birinchi navbatda kerak. Chunki cheksiz hokimiyat cheksiz muddat davom etishi amrimahol.

Mustaqil sud oddiy fuqarolarga, soxta jinoyatda ayblanayotgan yoki soliq haqini talab qilayotgan, mulk talashayotgan yoki shunchaki ajrashayotgan fuqarolarga ham kerak.

Mustaqil sud biznesga, puli borlarga kerak, chunki puli borlardan ustunroq katta puli borlar ham bor. Ularni faqat mustaqil sud huquqda tenglashtira oladi.

Mustaqil sud OAVga kerak, qanchalar chinqirishmasin, OAV mustaqil sudsiz mustaqil bo‘la olmaydi, so‘z erkin bo‘la olmaydi.

Mustaqil sud parlamentga kerak. Chunki parlament qoida tariqasida hokimiyatning uchdan biri, xolos. Ijro hokimiyatining noto‘g‘ri va noqonuniy qarorlarini parlamentning bir o‘zi bartaraf eta olmaydi.

Mustaqil sud, qanchalar erish tuyulmasin, hukumatga ham kerak. Haqiqat faqat parlamentda, faqat xalq mandatida bo‘lavermaydi. Ba'zida, qaltis lahzalarda ozchilik qo‘llovidagi professional qaror ko‘pchilik istayotgan absurd populizmdan muhimroq bo‘lib qoladi.

Xullas, sud kerak. Yaratgandan boshqa barchaga mustaqil sud kerak!

Telegram blogeri @the_bakiroo sahifasidan

Tag‘in o‘qing
1 september 2023
Men Rassom Tuz, Sen bilan yuzma yuz! Ëmonliqni buz, Yaxshilikni tuz! Kelaëtir sovuq kuz Issiqdan umidni uz! MS: Og‘o ...
21 january 2019
Bugun prezident Mirziyoev Berlinda. Men so‘nggi 10 yilni o‘tkazgan va menga Islom Karimov mustabidligidan boshpana bergan sevimli shahrimda.  O‘zbekiston ...
11 january 2018
1 yanvardan Toshkent shahrining davlat byudjetidan mablag‘ bilan ta'minlanadigan bolalar bog‘chalarida to‘lov narxlari 24,3 foizgacha qimmatladi. Davlat byudjetidagi maktabgacha ...
22 april 2017
Rossiyalik muxolifatchi bloger Aleksey Navalniyning fikricha, tagi o‘zbekistonlik bo‘lgan milliarder Alisher Usmonov turli yo‘llar bilan pora berganini yashirmoqchi. Aprel ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...