Audio-kitob
17 may 2022

Imperativ-49. Sof san'at va dekadens

(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 49-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.)

Yuqorida tortishganimiz butun mavzular Edgar Po o‘z hayotida uyg‘ulagan, Sharl Bodler kashf etgan, Pol Valeri ism bergan zehniyatning san'at olamidagi tadbiqotidir.

Bu zehniyat inson tafakkuri injaliklarini matematik hisob bilan tahlil qilib, chiqqan xulosani san'atning barcha turlariga fe'lan tadbiq etadi.

Pol Valeri o‘z qahramoni Edmond Testning hayot tarzini shunday tasvirlaydi: «Unda insonni sarxush qiluvchi tajribalarga bo‘lgan dahshatli qaysar bir ehtirosni sezardim. Bu o‘zining ko‘pqirraligida g‘arq bo‘lgan, o‘zining sistemasiga aylangan, ozod aqlning qo‘rqinchli intizomiga o‘zini taslim etgan, surunkasiga bir quvonchini ikkinchisi bilan o‘ldirgan, zaifini kuchlisiga almashtirgan, oniy va o‘tkinchi bo‘lganini, tamalli quvonchga, tamalli quvonch umidiga almashtirgan bir mavjudot edi. Men uning o‘z fikrining xo‘jayini ekanini his etdim».

Bu xarakteristika «Sof san'at» dohiylarining aksariyatini u yoki bu darajada ta'riflaydi.

Garchand, bu ta'rifidan keyin Valeri: «Men bu yerda absurd yozdim, hislarni tasvirlash doim absurddir», deya ilova qilgan bo‘lsa ham.

Qizig‘i shundaki, Pol Valerining ijodiy kelib chiqishi, uning ilk ilhom qaynog‘i dekadans (cho‘kish) oqimining homiylari (Bodler, Mallarme, Verlen)ning asarlari bo‘lsa-da, esse qahramoni mosyo Test shiddatli tafakkur tarzi bilan dekadentdan keskin fark qiladi.

Bu qahramonni pessimist deyish qiyin. U melanxolik ham, dekadentlarga isnod etilgan «chirkinlikdan go‘zallik ahtaradigan badbin» ham emas. U o‘z fikrining tolmas taftishchisi, yuqorida yozilganiday, hur aqlini temir intizomga bo‘ysundirgan, tanaffusiz tafakkur ichida yashayotgan bir zotdir.

Aslida, «dekadans» so‘zi dekadentlar o‘ylab chiqargan nom emasdi. Bu so‘z ularning adabiyotdagi muxoliflari tomonidan kamsitish uchun ularga urilgan tamg‘a edi. Bu tamg‘a birinchi marta Viktor Gyugo va umuman romantizmga qarshi qo‘llanildi. Keyingi avlod vakillari Teofil Gote va Sharl Bodler esa, bu uyat tamg‘asini g‘urur bilan qabul etdilar. Ular bu so‘zni «bachkana progress» inkorining ramzi sifatida qo‘llana boshladilar.

Bodler: «Dekadent adabiyoti!.. Bu iborani klassik estetikaning «muqaddas» darvozalarini qorovullab turgan sirsiz sfinkslarining balandparvoz esnashida eshitamiz. Xar safar bu tamg‘a jaranglaganida, demak, «Iliada»dan ham qiziqroq bir asar haqida gap ketayotganini taxmin qilish mumkin».

Adabiyotdagi har yangilikka «dekadans» deya hujum qilgan «klassika» qorovullarini Sovet-rus adabiyotida ham, bizning Sovet-o‘zbek adabiyotida ham ko‘rdik.

Sovet-rus she'riyatida Axmatova, Mandelshtam, Pasternak dekadentcha pessimizmda ayblandilar.

Bizda esa, asosan Abdulhamid Cho‘lponning ba'zi asarlarini, xususan, uning simvolizm ohorli she'rlarini bu kategoriyaga kiritish mumkin edi. Va kiritdilar.

Faqat Cho‘lponning she'riyati kabi, nasrida ham Ovrupa dekadans (simvolizm) adabiyotidan keskin farq etgan muhim bir hususiyati bor. Bu Turkiston milliyatchiligi.

Cho‘lpon Ovrupa shoir-yozuvchilaridan farqli o‘laroq, Chor Rusiyasining mustamlakasi bo‘lgan bir o‘lkada yetishgan oydin edi. U simvolizmni milliy ruhni o‘rtish uchun bir parda o‘laroq qo‘llandi.

Yana bir marta urg‘ulaylik: suhbatimiz mavzusi

«sof san'at» vakillarining aksariyati Paul Valeri qahramoni Test kabi «dekadans» ta'rifiga to‘g‘ri kelmaydi. Bu tamg‘aga sohib chiqqanlarning eng buyuklari bu tamg‘aga joriy adabiyotni inkor qilish uchungina sohib chiqdilar.

«Sof san'at» tarafdorlariga estetik cho‘kish(dekadans)kuychilari, deya hujum qilgan muxoliflarga jiddiy zarbani Bodler berdi. Uning fikricha, she'riyatning vazifasi vijdonni mustahkamlash yoki boshqa bir «foydali» aktsiyani amalga oshirish emas. She'riyat uchun asosiy hadaf uning o‘zidir. Ammo bu She'riyat oxir-oqibatda xulqni oliyjanoblashtirmaydi, degani ham emas. U oxir-oqibatda insonni tuban manfaatlar uzra yuksaltirishi mumkin. Faqat she'rdagi nasihatgo‘ylik she'rning poetik kuchini zaiflashtiradi.

Sof san'atchilarga ko‘ra, san'at sof bo‘lish uchun boshka qusurlar qatorida didaktikadan ham tozalanishi kerak.

(davomi bor)

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
18 october 2016
O‘zbekiston nashrlarini kuzatib, internet to‘g‘risida turli vahimalar, uning zararini ko‘pirtirib ko‘rsatish barcha nodemokratik tuzumlardagi matbuotga xos xususiyat, degan to‘xtamga ...
16 february 2017
13 yanvar kuni kechga yaqin Stokgolmning janubida 35 yoshlardagi chimkentlik Shuhrat ismli o‘zbek muxojiri janjal ortidan pichoqlab o‘ldirildi. Voqea ...
29 october 2018
Prezident Mirziyoev 29 oktyabr kungi farmoyishi bilan bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzaevni g‘alla ekish va sug‘orish ishlarini tashkil etish ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...