Dayjest
6 june 2016

Quddus amaki O‘zbekistonning ikkinchi o‘rinda bo‘lishiga rozi emas

O‘quvchilarimizga ma'lumu mashhur Quddus A'zamovning navbatdagi bir ko‘rsatuvi «Tinchlik uchun kurashmoq kerak» mavzusiga bag‘ishlandi. Ana tok shou, mana tok shou. Tushunib ko‘rsangiz haqiqatan ham tok urgandek sezasiz o‘zingizni. Tosh shouning ishtirokchilari ham anoyilar emas, O‘zLiDeP faollari bo‘lgan yoshlar. Bularning har birida qandaydir energiya borday. Biotok desa ham bo‘lsa kerak.

Xullas, shu o‘zlidepchi yoshlardan biri gapni «jahonda 65 million bola ta'lim olish imkoniyatdan mahrumligi»dan qayg‘urish bilan boshladi. Lekin xudoga shukur, gapni chuqurlashtirib, O‘zbekistonda ham ta'lim tizimi bir go‘r bo‘lib qoldi, deyishgacha bormadi. Bunchalik kuyunchakligidan shunday deb yuborsa kerak, deb o‘ylash mumkin edi-da.

Buning o‘rniga, bizda 12 yillik bepul ta'lim tizimi yaratilgani, prezidentimiz ertayu kech faqat shu yoshlarni o‘ylayotganini aytganidan keyin ko‘ngil joyiga tushdi.
Keyin gap dunyoning qaysi burchagiga qaramang notinchlik, beqarorlik hukm surayotgani, bularning markazida yoshlar turganiga burilib ketdi. «Shundan siz yoshlar qanday xulosalar chiqarishingiz kerak», dedi Quddus amaki davrani qizitish uchun.

Davrani qizdiradigan yallachi, kechirasiz, aqlli yoshlar darrov so‘z oldi. Bir qizcha, avvalo, beparvolik, loqaydlikka chek qo‘yishimiz kerak, deb dangal aytdi.
«Afsuski, bugun mana shu beparvolik, loqaydlikning salbiy oqibatlariga guvoh bo‘lyapmiz. Boshqa o‘lkalarda yurgan qochoqlarni ko‘rib, yurtimizda tinchlik va barqarorlik ekaniga ming-ming shukurlar qilyapmiz», dedi qizcha.

Gapni bir yigitcha ilib ketdi. «Bugun ko‘rib turibmiz, yoshlar ijtimoiy muhofazaga, ish bilan ta'minlashga muhtoj qatlam emas, mana shu e'tibor sifatida, kerak bo‘lsa, ular ish bilan ta'minlaydigan qatlam sifatida ham jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lib boryapti. Mamlakatimizda hukumatimiz, yurtboshimizning yoshlarga berayotgan e'tibori biz yoshlarda ham kelajakning egasi sifatida mas'uliyatni o‘z zimmamizga olishimiz kerak, degan ishonchni mustahkamlash kerakligi ko‘rinib turibdi», dedi u.

Namanganlik bir yigitcha balo ekan. «Buzg‘unchi»larni aniqlashda faqat organ xodimlari emas, mahalla ham jonbozlik ko‘rsatishi kerakligini aytib qoldi.

«Eng asosiysi, o‘zimizning ichimizdan chiqqan dushmanlar. Qachon organ xodimlari aniqlamagunimizcha mahalla o‘zini ko‘rsatmaydi,- deb yozg‘irdi u. – Mahalla o‘z oldiga mahalla aholisi qaerga chiqib ketyapti, bu yerga kim kelyapti, qaerga ketyapti, degan masalalarni qo‘yishi, ularga e'tibor berishi kerak».

O‘zbekiston yoshlari juda aqlli ekani, siyosiy hushyorligi, fikri tiniqligi ko‘ngilni xotirjam qiladi. Gapirganda ham biyron-biyron gapiradi, xuddi prezident kitoblarida yozilgandek gapiradi. Ma'naviy tarbiyani biladi bular. Milliy mafkuradan chiqmay gapiradi.

Qoyil deb yuboradi odam. Ishqilib bular ko‘chada ham studiyadagidek gapirsin-da, deb qo‘yadi odam ichida. Chunki qaerda qanday gapirishni biladigan uddaburonlar ko‘pda hozir. Televizorga chiqaraman desang bir gapni gapiradi, ko‘chada o‘rtoqlari bilan ulfatchilik qilsa, xuddi shu narsani boshqacha gapiradi.

Gapdan chalg‘imaylik. Quddus A'zamov haqiqiy vatanparvar ekanini, o‘z yurtining barcha sohalarda doimo birinchi bo‘lishini istashini shunday ko‘rsatib qo‘ydi.
«Kolumbiya universiteti tuzgan eng baxtli mamlakat, eng tinch-osoyishta mamlakatlar reytingida O‘zbekiston 2-o‘rinni egalladi, – deb gap boshladi Q.A'zamov. – Bu yil hatto Yevropada ham yangi yil ko‘chada bayram qilinmadi, ko‘chalarda janjal, odamlarga ko‘chaga chiqishga tavsiya berilmayapti, aeroportlar bekilyapti. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston bugun shak-shubhasiz birinchi o‘rinda desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi».

Fosh qilishga zo‘r-da shu Quddus amaki. Bu safar «ommaviy madaniyat bilan diniy ekstremizm pinhona bog‘langani»ni shartta-shartta aytib tashladi. Jurnalistlar tilida buni «bomba» deydilar. «Avval yoshlarni ommaviy madaniyatga jalb etib, o‘zligidan judo qilganidan keyin ekstremizmga tortadi», dedi Q.A'zamov va uning bu mexanizmni parcha-parcha qilishga tayyorligi shunday ko‘zidan bilinib turardi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 october 2015
Eltuz O‘zbekistonning jasur inson huquqlari himoyachilari Malohat Eshonqulova va Yelena Urlaevalarning monitoring reydlari davomida olgan eksklyuziv fotosuratlar va audio ...
29 december 2020
Antik tarixiy manbalarda buyuk sarkarda Aleksandr Makedonskiy eramizdan oldingi 329-326 yillarda barpo ettirgani aytiladigan Kampirtepa yodgorligi janubi-g‘arbiy devorining o‘rta ...
21 february 2018
Moliyaviy piramida yaratgan chinozlik tadbirkor, 40 yoshli Ahmad Tursunboev 13 yilga hukm etildi. Amnistiya qo‘llanib, jazo to‘rtdan birga qisqartirildi. ...
6 april 2018
Toshkent shahri bosh imom-xatibi 60 yoshli Anvar Tursunov xalq orasida 16-gorbolnitsa deb aytiladigan Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish respublika ilmiy ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...