Ko‘zqarash
10 october 2016

Islom Karimov ochiqchasiga Amir Temurga tenglashtirildi

Yodnomalarni shoir va yozuvchilar bitsin ekan. Chunki ularning tafakkur doirasi boshqalarnikidan ko‘ra kengroq bo‘ladi.

Shu kunlarda marhum prezident Islom Karimovning vafotiga qirq kun to‘lishi munosabati bilan O‘zbekiston matbuoti ana shunday yodnomalar bilan to‘lib-toshdi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasi (07.10) ham bu haybarakallachilikdan ortda qolmaslikka emas, balki bayroqdor bo‘lishga qaror qildi. Gazeta mamlakat Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali tili bilan marhum prezidentni sohibqiron Amir Temurga tenglashtirib qo‘ya qoldi.

To‘g‘ri, Islom Karimovni Amir Temurga muqoyasa qilish harakati uning hayotligi davrida ham kuzatilardi. Lekin bu tenglashtirish gap orasida qistirib o‘tilardi. Muhammad Ali kabi hali hech kim alohida maqola bag‘ishlab, bu kabi ochiq yozmagandi.

U Islom Karimovni Amir Temurga qiyoslash uchun yetarli asoslar borligini da'vo qilar ekan: «Amir Temur arslon yurakli, qo‘rqmas, yovqur edi, bu sifatni Islom Karimovga nisbatan ham ayta olamiz», deydi.

«Dovyurak» Karimov o‘z qarorgohida boradigan yo‘llarga tutash ko‘chalarni butunlay yoptirib tashlaganda, bir joyga borsa, xalq bilan ochiqchasiga tillashish o‘rniga alohida tanlangan kishilar bilan xo‘jako‘rsinga muloqotlar qilganda kimlardan cho‘chigani, Temurbekdek yovqurligi qaerda qolgani haqida, tabiiyki, bir og‘iz ham eslatilmaydi.

«Har ikkisi ham adolat mayog‘ini mahkam tutdi. Amir Temur «Kuch – adolatda!» degan shiorni ko‘tarib chiqqan bo‘lsa, Islom Karimov bu ulug‘ hikmat mazmunini ma'naviy jihatdan boyitib, «Kuch – bilim va tafakkurda!» deya unga yuksak baho berdi. Bejiz emas, har ikki buyuk siymo ham «Yurt adolatsiz tura olmaydi», degan so‘zlarni yaxshi ko‘rishar, hamisha unga amal qilishardi», deya davom etadi Muhammad Ali.

Islom Karimov adolati qanday ekanini bugun qamoqxonalarda begunoh yotgan balki minglab mahkumlar biladi. Xalqning bilim va tafakkuri yuksalib, kuch bo‘lishidan cho‘chibmi, o‘qituvchilari u yoqda tursin, hatto maktab o‘quvchilarigacha paxta dalasiga haydalgan, ta'lim sifati tobora pasayib borayotgan o‘zbek yurti biladi.

Muallif har ikki davlat rahbari ham bemisl bunyodkor bo‘lgani, ularning bu boradagi ishlari bugun «jahonni hayratga solib kelayotgani»ni ta'kidlaydi.

Sohibqiron borasida aytilgan bu gaplar to‘g‘ri. Ammo Islom Karimov qurdirgan birorta bino bugun jahonni hayratga solayotganini hali eshitganimiz yo‘q.

O‘zbek yozuvchilarining serkasi muvaqqat va aftidan bo‘lajak prezidentga paxta qo‘yishni ham esdan chiqarmaydi.

Bosh vazirning vatinchalik prezidentlikka tasdiqlanishi haqida fikr yuritar ekan, Muhammad Ali «har bir vatandoshimiz xalqimiz, davlatimiz taqdiri ishonchli qo‘llarda ekaniga ishonch hosil qilgani»ni ta'kidlaydi.

«Ha, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov boshlagan ishlar aslo to‘xtamaydi. Ulug‘ yo‘l davom etadi!» deya xulosa qiladi muallif.

Umuman, Muhammad Ali bu gaplari bilan Islom Karimovni Amir Temur darajasiga olib chiqishni ko‘zlaganmi yoki sohibqironni marhum prezident darajasiga tushirib qo‘yishni niyat qilganmi, maqoladan anglash mushkul.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 december 2025
Andijon tumani 35-maktab atrofida 30 noyabr kuni Eltuzda e'lon qilingan shikoyatdan so‘ng vaziyat yanada og‘irlashdi. O‘qituvchilar Eltuzga ikkinchi murojaat ...
30 december 2020
Ichida prezident va'zlari qamalgan smartfon sotuvga chiqdi. Eltuz.com
1 november 2021
Toshkentdagi “Hamar” badiiy galereyasi ko‘rgazmalar zalida 1 noyabr kuni taniqli rassom Shuhrat Bobojon asarlari ko‘rgazmasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. “Gilamda ...
18 december 2020
«Toshkent siti»ga kirish pulli bo‘lgani shunday ham mo‘may daromad topish uchun qilinmayapti, albatta. Bu yerda ochofatlik, navbatdagi “lyubaya biznes ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...