Catira
17 may 2019

RTdan va'z: Zolim hokimiyat o‘latdan ham qo‘rqinchli

Mana, hafta aylanib yana oylar sultoni ramazonda siz bilan yuz ko‘rishdik. Ramazon oyida shaytonlarni zanjir bilan bog‘lab qo‘yishar ekan.

Lekin odam qiëfasidagi shaytonlar bilgan bo‘qini yeb yuraverar ekan. 14 may kuni oqdarëlik aka o‘z qo‘shnisini shartta so‘yib tashladi.

O‘tgan haftani kino deb tasavvur qilib, uning stsenariysini  bir odam ëzganiga shubha qildim. Bir qarasang, ujas kino. Bir qarasang, komediya. Bir qarasang, tragediya. Bir qarasang, boevik.

Pora olganlikda ayblangan Yunusobod hokimini 5 yilga qamashdi, ammo 400 ming dollar pulini xotiniga sharillatib sanab  berishdi.

«Kaptiva»ni ham, «Malibu»ni ham qaytarishdi. Oddiyroq odamni esa o‘z uyini dollarda sotgani uchun qora maskalilar qamoqqa olib ketdi.

O‘zbekistonda dollarda oldi-berdi qilish taqiqlangan, to‘g‘ri. Ammo negadir bu taqiq hokim va uning xotiniga taalluqli emas. Boy to‘n kiysa, muborak bo‘lsin, kambag‘al kiysa, qaerdan olding?

Oddiy bechora odam 50 dollarini so‘mga almashtiraman deb bozorga borsa, milisalar uni ëvuz niyatli jinoyatchi sifatida qamab qo‘yadi. Bonusiga mahalliy bloger va saytchalar ham uni fosh qilib ëzib chiqishadi. Shahar hokimi Joxaning qo‘lbola sayratmalari desakmikan ularni.

Darvoqe shahar hokimi Ortiqxo‘jaev oyiga 370 dollar oylik olaman, yetib ortadi dedi o‘z sayratma bedanasiga. Komediya bo‘lmasdan nima bu?!

Ikki juma orasida ikki jurnalistga qarshi jinoyat ishi ochildi. Bittasi qamaldi. Bittasini ustida mirshablar kalxat kabi uchib yuribdi. Saidabdullaziz Yusupov tovlamachilikda ayblangan bo‘lsa, Mahmud Rajab kontrabandada. Mantiq durbinidan qarasak, bularning  har ikkalasi muxolifat lideri Muhammad Solih bilan uchrashgani uchun qamalgan kabi tuyuladi.

Muhammad Solih dushman degan estafetani Karimovning go‘ridan olib, marsh brosok qilaëtgan Mirziëev rejimining yuzidan maska tushdi, desak ham bo‘ladi.

Bu xuddi ujas kinoga o‘xshaydi. Qabr toshlari ochilib, ichidan bir vaqtlar Qodiriylarni qamagan organ xodimlari, NKVD, KGB, SNB jallodlari qo‘llarida chalg‘i bilan birin-ketin  chiqib kelishadi.

Shaytoniy tirjayib, odamlarning jonini ola boshlashadi. Ujas kino bundan ortiq bo‘lmaydi. Ammo qassobga ëg‘, echkiga jon qayg‘usi. Suv loyqalanganda baliq tutish oson bo‘lishini tajribali baliqchilar yaxshi biladi.

33 millionlik aholining barcha sho‘pirlaridan o‘lpon olish va ularni sigirday sog‘ish asbobi – «Avtotest»ni yaratgan uddaburron Komil Allamjonov o‘zini mamlakatning bosh jurnalisti deb e'lon qildi. Chet el nashrlarining yuvoshlarini blokdan chiqarib, mulozamat qildi. Qand berdi, holva yedirdi. «Eltuz» va «Ozodlik» kabi gapga kirmas saytlar ustidagi tambalarni ko‘payttirdi. Aynan uning shotirlari bloger va nashrlarga telefon qilib, tashkiliy tarzda «Ozodlik»ni qarg‘ash ma'rakasini o‘tkazmoqda.

KGB davridan meros qolgan «Ozodlik»ni qarg‘ash marakasini O‘zbekistondagi bo‘yniga ip bog‘langan bloger va jurnalistlar qoyilmaqom qilib bajarib, bonusiga dum ham likillatishdi.

Asnoda ularning sariq chaqalik qimmati yo‘qligi, Allamjonov hur desa hurib, qis desa qisadigan irkit ko‘ppak ekani aën bo‘ldi.

Bu endi fojea. Bu fojeani tushungan kam sonli oydinlar ëzuvchi Alber Kamyuning «Erkin matbuot yaxshi ham, yomon ham bo‘lishi mumkin. Erksiz matbuot faqat yomondir», degan fikrini ëzib chiqishdi. Tasanno ularga!

Ofat qo‘padigan joyni hammadan oldin qushlar va hayvonlar tark qilar ekan. Masalan, zilzila bo‘ladigan joydan itlar ipini uzib qochib ketadi. O‘tkan hafta 2 million o‘zbek AQSh grin kardiga ariza topshirib rekord qo‘ydi. O‘risga, qozoqqa, karisga ketsam degan yana qancha ming mardum bor.

Xitoyning eng rutubatli Guanjin viloyatida farroshlik qilaëgan xola O‘zbekistonga qaytishni istamaydi. Turkiyada qayta-qayta zo‘rlangan  o‘zbek kelinchagi  deportatsiya qilinib, O‘zbekistonga qaytarilishdan o‘lgudey  qo‘rqadi. Zo‘rlashsa ham, urib o‘ldirishsa ham  Turkiyada qolib ishlamoqchi.

Rossiyada tepkilab, urib tashlanaëtgan vatandoshlarimiz nima bo‘lsa ham O‘zbekistonga bormaslikni ma'qul ko‘rishadi. Ular O‘zbekistonda shafqatsiz mulozimlar va adolatsiz hokimlar zulmiga duch kelishdan qo‘rqishadi.

Yeri olib qo‘yilishi, uyi buzilishi va asossiz qamalishidan qo‘rqishadi.

Rivoyat esa budir. Bir kuni Konfutsiy tog‘ ënidan aravada o‘tib boraëtib, qabr ustida sochlarini yulib yig‘laëtgan aël farëdini eshitdi. Konfutsiy bu aëlning ëniga dardini bilib kelsin, deya o‘z shogirdini jo‘natdi.

Aël Konfutsiyning shogirdiga dardini doston qildi:

— Men bu o‘lkada ketma-ket qayg‘u bilan yuzlashdim. Oldin qaynonam ichterlama kasalidan o‘ldi. Keyin bu kasal erimni olib ketdi. Hozir esa tifga chalingan o‘g‘limni ko‘mdim, – dedi aël.

— Unday bo‘lsa nega bu o‘lkani tark qilmaysan? — deb so‘radi donishmand Konfutsiyning shogirdi.

— Chunki bu yerda zolim hokimiyat yo‘q , — deya javob berdi aël.

— Buni ëdingda saqlagin, shogird, — dedi Konfutsiy. — Zolim va shafqatsiz hokimiyat o‘lat va ichterlamadan ham qo‘rqinchli.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Video: https://youtu.be/U1ViTAZnArU

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 may 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 47-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) Bu global muhosaba ...
22 july 2022
Amerikada «Gazeta tog‘i» degan cho‘qqi bor. Bir paytlar hindu qabilalari shu cho‘qqi toshlariga o‘z kechmishlarini rasm chizib izhor qilib ...
24 october 2019
Buyuk Britaniyada huquq himoyachilari-huquqshunoslar jamoasi o‘zbek paxtasiga imtiyozli tariflar qo‘llanishini qayta ko‘rib chiqish talabi bilan sudga murojaat etdi.  Ularning ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...