• Foto: Podrobno.uz
Asosiy mavzular
28 october 2019

O‘zbekiston jiddiy qurolni ilk bor amalda sinamoqda

O‘zbekiston harbiylari ilk bor bor havo hujumidan mudofaaga mo‘ljallangan FD-2000 raketalarining amaliy sinovlarini o‘tkazmoqda

Mazkur sinovlar Qashqadaryo viloyatida joylashgan havo hujumidan mudofaa va harbiy havo kuchlari qismlari ishtirokida o‘tkazilayotgani mamlakat bu zenit raketa majmuasi (ZRM) aynan janubiy hududlar mudofaasini kuchaytirishga mo‘ljallanayotganiga ishoradir. 

Xitoyda HQ-9 (HongQi-9, “Xuntsi-9”, “Qizil bayroq-9”) nomi bilan ataladigan bu qurilma xorijga FD-2000 nomi ostida eksport qilinadi.

FD-2000 Rossiyaning S-300 tipidagi xuddi shunday majmua asosida yaratilgan. Ammo uning imkoniyatlari, ba'zi manbalarga ko‘ra, originalidan ko‘ra ancha past.

Shunga qaramay, “Eltuz” bilan suhbatlashgan manbaning bildirishicha, bu ZRM ancha jiddiy qurol hisoblanadi. 

U 30 km.gacha balandlikdagi nishonni ura oladi, qo‘llash masofasi esa 200 kilometrgacha yetadi. Raketasining og‘irligi 1300 kg, uning jangovar kallagi esa 180 kg.dir. Bu ZRM bir vaqtning o‘zida 100 tagacha nishonni kuzatib, 8 tasiga zarba bera oladi. 

“O‘zbekistonning bu ZRMni sotib olishi marhum prezident Islom Karimovning siyosiy kaprizlari bilan bog‘liq, – deydi “Eltuz” manbasi. – Mamlakatimiz Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)dan chiqqanidan keyin Karimov Rossiyaga qurol ta'minotida har doim muqobil yo‘l borligi ko‘rsatib qo‘yish maqsadida Xitoydan shunday qurilma sotib olishga qaror qilgan edi”.

Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston KXShTdan chiqqanidan ko‘p o‘tmay, 2013 yildayoq bu ZRMni xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan. Mamlakat bor-yo‘g‘i bitta divizion ZRM sotib olgan.

Shuningdek, bunday qurilmani Turkmaniston ham sotib olgani to‘g‘risida ma'lumotlar bor. O‘zbekistondan farqli o‘laroq, qo‘shni mamlakat bu qurolini imkoni bo‘ldi degancha ko‘z-ko‘z qilishdan bo‘shamagan. 

O‘zbekiston Xitoydan FD-2000 sotib olgani va uni jangovar safga qo‘shgani to‘g‘risida ilk ma'lumotlar 2018 yilda paydo bo‘lgandi. 

O‘shanda Chirchiqdagi poligonda amaldagi prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokida O‘zbekistonning MDHning birlashgan havo hujumidan mudofaa tizimiga kiruvchi qismlari tomonidan harbiy mashqlar o‘tkazilgani haqida xabarlar e'lon qilingandi. 

2018 yilda bu ZRM Toshkent yaqinidagi joylashtirilganiga doir ma'lumotlar ham yuzaga chiqqandi. 

“Lekin bu qurilma bilan ilk amaliy mashg‘ulotlar Qashqadaryoda joylashtirilgan harbiy qismlar ishtirokida o‘tkazilayotgani uning aynan shu hududda joylashtirilishi yoki joylashtirib bo‘lingani ehtimolidan darak beradi”, deydi “Eltuz” manbasi.

Yaqindagina Rossiya Tojikistonda o‘zining S-300 zenit raketa majmualarini joylashtirdi. U Rossiyaning ushbu mamlakatdagi harbiy bazasining tarkibiy qismi bo‘ladi. 

“Rossiya janubda sobiq SSSR davridagi havo hujumidan mudofaa tizimini deyarli tiklab bo‘ldi,- deydi “Eltuz” manbasi. – Endi Tojikistonda S-300 bor. O‘zbekiston va Turkmaniston esa uning muqobili bo‘lgan FD-2000 ni jangovar postga qo‘ydi. Hech shubha yo‘qki, ular MDHning HHM birlashgan tizimi tarkibida ishlaydi”.

Uning fikricha, ushbu ZRMlar sobiq ittifoqning janubiy chegaralarini himoyalash uchun yetarlidir. Chunki asosiy xavf tug‘iladigan Afg‘oniston tomondan aviatsiya va raketalar ishtirokida jiddiy tahdid hozircha yo‘q.

“Ammo kelajakda O‘zbekiston Rossiyadan yangi avlod zenit raketa majmualarini sotib olmaydi, deb o‘ylash xatodir. Yangi qurilmalar O‘zbekistonning mudofaa qudratiga ishonchni yanada mustahkamlash uchun ham kerak”, dedi “Eltuz” manbasi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 june 2019
Nihoyat 23 iyun kuni Istanbul shahri hokimligi uchun qayta saylov bo‘lib o‘tdi. Istanbul shahri hokimligi uchun 21 mart kuni ...
28 february 2023
Bundan bir yil oldin bosqinchi Rossiya mustaqil Ukraina tuproqlariga xoinlarcha bostirib kirib, ësh go‘daklar, xotin-qiz, qariyalar hamda jami vatansevar ...
17 march 2016
Xususan, “O‘zbekiston ovozi” gazetasi azaldan qishloq va mahallalarda shakllangan hashar endilikda mamlakat miqyosiga chiqqani, bo‘lib o‘tgan hasharda 18 milliondan ...
7 october 2020
Komil Alllamjonov tomonidan asos solingan, haydovchilarni o‘qitishga ixtisoslashgan Avtotest Report kompaniyasi 2017 yilda hukumat qarori bilan to‘la monopoliya huquqini ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...