Ko‘zqarash
14 september 2025

Mustaqillikdan sevingan Davron

1990 yilning 20 iyun kunini yaxshi eslayman. O‘sha kuni O‘zbekiston mustaqilligi haqida baënot qabul qilingan edi.

Oliy kengashdagi «Erk» demokratik partiyasi fraktsiyasi va yanada to‘g‘rirog‘i partiya lideri Muhammad Solihning qattiq harakatlari bois qabul qilingan bu baënot O‘zbekistonni SSSRdan mustaqil davlat deb e'lon qildi.

«Erk» Demokratik partiyasining Xorazmdagi faoli sifatida men ham millat tarixida bir marta bo‘ladigan bu tarixiy baënot qabul qilinishiga ozroq hissa qo‘shganimdan g‘ururlanganim esimda.

Baënotning kompyuterda terilib print qilingan loyihasini (o‘sha davr uchun bu texnika mo‘jizasi edi) Xorazmdan saylangan deputatlarga bir bir taraqatib ular bilan mustaqillik masalasida soatlab tortishganim esimda.

Nihoyat 20 iyun kuni Oliy kengash sessiyasini kanali ombur bilan buraladigan «Gorizont» degan rangli televizorda tomosha qildim.

Baënot qabul qilinganidan sevinchim ichimga sig‘may ko‘chaga chiqdim.

Haëlimda butun xalq ko‘chaga chiqib telpaklarini osmonga otib¸ bir birini quchoqlab o‘padiganday¸ mushaklar otilib¸ qo‘ylar so‘yilib¸ karnay surnay chalinadiganday tuyuldi.

Ammo ko‘cha bo‘m bo‘sh edi. Xorazmning jazirama issig‘i. Bundan bir soat oldin o‘tib ketgan mashina ortidan ko‘tarilgan chang osmonda qimirlamaygina turibdi. Bir ikkita odam bo‘ynini qisib issiqdan lohas bo‘lib yirtiq kalish bilan sudralibgina ketmoqda.

Xudfondga (Rassomlar idorasi) borib¸ «og‘aynilar O‘zbekiston mustaqil bo‘ldi» deb baqirdim.

«Slava KPSS» degan shiorni tunukaga ëzaëtgan shriftovik menga bir telbaga qaraganday befarq tikildi va barmog‘ini peshonasiga niqtab «jinni bo‘ldingmi» ishoratini qildi.

Bu saviyasiz xalturshiklardan hafsalam pir bo‘lib, yettinchi avtobusga chiqib rassom o‘rtog‘im Davronnikiga ketdim.

LAZ rusumdagi oq qizil avtobus ichi issiqdan bo‘g‘riqqan va qimmatchiligu, qahatchilik haqida tinmay gapiraëtgan xorg‘in odamlar bilan to‘la edi.

Ular qo‘llaridagi sovet gerbi tushirilgan 5 tiyinni chipta olish uchun uzatishar edi. Sal o‘ziga to‘qlari esa boshqalar uchun ham to‘lab qo‘yib «Sherpajon opa siza to‘ladim» deb baqirishar edi.

Lekin ularning hech biri o‘z mamlakatining mustaqil bo‘lganini bilmas edi.

Ular mamlakatni boshqaraëtgan va aroq sotuvini cheklagan Gorbachevdan norizo bo‘lishsa ham SSSR tarqalishini haëliga ham keltirishmasdi.

Nihoyat shaharning Nadmes mahallasida yashaydigan rassom do‘stimning uyiga yetdim.

Davron o‘z xovlisining bir chetida o‘ziga ustaxona quraëtgan edi.

Mustaqillik haqidagi habarni eshitib ishini taqa taq to‘xtatdi.

Davron o‘z yurti mustaqil bo‘lganidan chin qalbidan sevindi.

Davronning ko‘zlari «Dacha» filmidagi yo‘qotgan pulini topgan qaxramon kabi sevinchdan charaqladi.

Davron 1990 yilning 20 iyunidan mustaqillik baënotini eshitib sevingan men ko‘rgan ilk odam edi.

U yaqindagina Vilnyusga borib Litvalik rassom do‘stlari bilan uchrashib ularning mustaqillikka bo‘lgan intilishiga havaslanib, bir qo‘ltiq gazetu varaqalar ko‘tarib kelgan edi.

1990 yilning 20 iyunida Urganchdagi ikki rassom men va Davron “Yashasin mustaqillik” deya baqirdik.

Ovozlarimiz chala bitgan ayvon shiftida aks sado bergan bo‘lsa ham atrof suv quygandek jim edi.

SSSR tugashiga hali bir yildan ko‘p vaqt bor edi.



Rassom Tuz sahifasidan

Tag‘in o‘qing
2 december 2017
1 dekabr kuni Toshkent shahri sudida odam savdosida ayblanib, 10 yilga qamalgan 28 yashar Sherali Mahmudov shikoyati bo‘yicha appelyatsiya ...
28 may 2018
Andijon viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida shu kunlarda jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilayotgan uch foizlik kreditning manbai korruptsionerlardan musodara qilinayotgan ...
1 march 2021
Kuch tizimlari xodimlari tomonidan uyidan Andijon viloyatiga olib ketilib tergov qilingan yangi partiya tashabbuskori Xidirnazar Allaqulov 1 mart kuni ...
2 april 2018
So‘nggi vaqtlarda prezidentning viloyatlarga tashriflari davomida uni aldashga urinishlar avjiga chiqmoqda. Internetda kuni-kecha Jizzaxga borgan prezident Shavkat Mirziyoev Zarbdor ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...