«Gulnor» 5-qism, (Ming yil so‘ngra topishgan turklar…)
Axmad Beyjon Erjilasun
Seminarlar boshlanishiga yana o‘n daqiqa bor edi. Ahmad domla mojor professori bilan nimanidir gaplashayotgandi. O‘g‘uz ham ularning yonida edi.
Gulnor ularga yaqinlashdi:
– O‘g‘uz bey, sizdan bir narsani so‘ramoqchi edim, — dedi Gulnor va O‘g‘uzni Ahmad domla bilan mojor professoridan uzoqlashtirdi.
Gulnor O‘g‘uzni uzoqlashtirgan bo‘lsa-da, qulog‘i ikkita professorning suhbatida edi.
– Sizning suhbatingizdan keyin men ham O‘g‘uz dostoni haqida bir narsalarni qoraladim, — dedi Gulnor va O‘g‘uzga qo‘lidagi bir parcha qog‘ozni uzatdi. Gulnor kecha Shcherbakning kitobini varaqlab, doston haqidagi ba'zi fikrlarini qog‘ozga tushirgandi. Gulnor bu bilan O‘g‘uzda o‘ziga ishonch uyg‘otishni istardi va uni ochiqroq suhbatlashishga da'vat etardi. Ayni paytda, O‘g‘uz bu qog‘ozlarga boqar ekan, Gulnor sal nariroqda turgan ikkita olimning suhbatini bemalolroq tinglashi mumkin edi.
– Azizim, Axmad Beyjon, — dedi mojor professori, — bu odamlardan ehtiyot bo‘lishingizning kerak yo‘q. Ular O‘zbekistonning eng millatchi shoir va yozuvchilari. Sizni uylariga taklif qilishgani yaxshi bo‘libdi. Aslida mening o‘zim sizlarni tanishtirmoqchi edim. Agar vaqt topsam bu oqshom men ham Muhammad Solihning uyiga boraman.
Seminarlar boshlanishiga oz qolgandi.
Gulnor hozirgina eshitgan gaplarining muhim ekanini o‘yladi. Demak, mehmonlar bugun Muhammad Solihning uyiga borishmoqchi.
O‘g‘uz:
– Juda yaxshi yozibsiz, Gulnorxonim. Tushlik yemakda bu mavzuni siz bilan tortishamiz deb umid qilaman. Men hozir A-salondagi ma'ruzalarni tinglayman, siz-chi?
– Men B-salonga boraman, O‘g‘uzbey! — dedi Gulnor.
Gulnor doim O‘g‘uzning “izida yurish”dan o‘zini ehtiyot qilgani ko‘rinib turardi. Aslida, B-saloniga ketmoqchi emas edi. Hozirgina eshitgan yangiliklarini Qorlig‘ashovga bildirsa, foydali ish qilgan bo‘lar va O‘g‘uzning ham shubhasini kamroq uyg‘otgan bo‘lardi.
Gulnor Akademiyadan chiqib, metroga tushdi. “O‘zbekiston” mehmonxonasiga keldi. Rashid Qorlig‘ashov o‘z odamlari bilan mehmonxonaning ikkinchi qavatiga joylashgandi. Uning keng xonasi mehmonxonaning o‘rtasida, maydonga qaragan edi. Bu yerdan mehmonxona oldida yurgan har bir kishi nima qilayotgani kaftdagiday ko‘rinib turardi.
Gulnor eshikni chertib, ichkariga kirdi.
– O‘rtoq Qorlig‘ashov, sizga gapim bor edi, — dedi Gulnor.
– Keling, o‘rtoq Kunboeva.
– Bugun ertalab nonushtada turk delagatsiyasidan professor Somiy Oshqin O‘g‘uz Dumanga “kechqurun bir joyga borasizlarmi?”, deb so‘radi. O‘g‘uz bunga javob bermadi, aftidan bilmaydi. A-salonning oldida professor Ahmad Beyjon bilan mojor olimining suxbatiga quloq soldim…
– Professor Ishtvan Vandoki, — dedi Qorlig‘ashov.
– Xa, o‘sha. U Eryigit xo‘jaga Anvar Murodning uyiga borishning bir yomon joyi yo‘qligini aytdi. Anvar Murod va uning do‘stlari turk delegatsiyasini bugun oqshom uyiga taklif etishibdi. Ruxsat bersangiz, bir yo‘lini topib, men ham ular bilan u yerga boraman.
– Tabriklayman o‘rtoq Kunboeva, yaxshi ish qilibsiz. Lekin Solihning uyiga borishga hojat yo‘q. Biz mehmonlarning Muhammad Solihnikiga borishiga to‘siq bo‘lamiz. Bordi-yu, bir-ikkitasi borsa ham, ularning ichida bizning odamimiz bo‘ladi, — dedi Qorlig‘ashov va so‘zini davom ettirdi, — Bu professor Mondoki janoblari haddidan osha boshladi. Turkiyadan olgan kitoblarini bizdagi xoinlarga bergani yetmaganday, endi ular bilan turklar o‘rtasida aloqa ham o‘rnatmoqchi. Uni yurtdan quvib chiqarishga to‘g‘ri keladi, shekilli.
Gulnor metroga tushdi.
Qarshisida kitob o‘qib o‘tirgan bir yigit Muhammad Solihga juda o‘xshardi. Mamlakatning ko‘rkam shoiri, demak, bir xoin edi. Gulnor adabiyot kunlarida uning nutqlarini eshitib, ta'sirlanganini xotirladi. She'rlari ma'nodor, ammo mavhumroq edi. Lekin nutqi nihoyatda ochiq va ta'sirchan. Garchand unda Moskvadagi rahbarlarga qarshi tanqid ruhini sezgan bo‘lsa-da, uning xoin bo‘lishi mumkinligini o‘ylamagandi. Hatto bu kelishgan odamga qandaydir ayolchin muxlislik hissini ham tuygan etgandi. Keyinroq dugonalari bilan gaplashganida muxlislik tuyg‘usida o‘zining yolg‘iz emasligini ham bildi. Muhammad Solih she'rlarining qorong‘u va tushunilmasligi sabablarini endi Gulnor anglaganday edi. Misralar orqasida nimalardir yashiringan bo‘lishi kerak edi. “Uzoq-uzoqlar” so‘zi shoir satrlarida ko‘p uchrashining ham mutlaqo sababi bor. Balki, bu bilan u Turkiyani nazarda tutgandir…
Ro‘parasida o‘tirgan kishi haqiqatan ham Muhammad Solih bo‘lib, fikrlarimni o‘qisa-ya, degan xayol keldi Gulnorga. Lekin notanish odam o‘rnidan turdi va uning mutlaqo Muhammad Solih emasligi ayon bo‘ldi.
Gulnor metrodan chiqib, Akademiyaga yo‘naldi. B-salonga kirdi.
***
Tushlikdan keyin turk delegatsiyasi akademiya salonlarida bir burchakka chiqib, Muhammad Solihnikiga borish yoki bormaslikni maslahatlashishdi. Ularning orasida Tariq To‘ra yo‘q edi. Vaholanki, Toshkentga kelgan kundan beri professor Tariq To‘ra turk delegatsiyasi bilan aloqani tamoman uzgandi. U ko‘proq Moskvadan kelgan delegatsiya odamlari bilan bo‘lardi.
O‘rxon Nodiyning taklifi ma'qullandi: Muhammad Solihning uyiga borish uchun mezbonlardan ruxsat so‘rashga qaror qilishdi.
Turk delegatsiyasini uyiga taklif qilganlar O‘zbekistonda tanilgan shoir-yozuvchilar edi. Ulardan izn so‘ralsa, har holda, o‘zbek mas'ullari bunga qarshi chiqmaydilar, degan fikrga kelishdi.
Ammo bunday bo‘lmadi. O‘zbekiston nomidan konferentsiyani boshqargan kishi Adabiyot Instituti direktori, professor Otaniyoz Karimov bu ziyofatga izn bermadi. Garchi, ochiqchasiga taqiqlamagan bo‘lsa-da, “kokteyl programmasini buzmaslikni” tavsiya etdi. Bunga “mehmonlarning boshiga bir balo kelmasligi uchun shaxsan ma'sul” ekanligini ham pisanda qildi.
Konferentsiya rahbarining bu so‘zlarini O‘rxon Nodiy turk delegatsiyasiga mehmonxonada aytdi. Mehmonlar kokteylga borib, yarim soatdan so‘ng u yerdan “qochish” rejasini tuzdilar: kokteyldan bitta-bitta chiqadilar, keyin taksi ushlab, Solihnikiga ketishadi, ma'lum joyda ularni Muhammad Solihning do‘stlaridan biri qarshilaydi. Qolaversa, So‘nar Oydamirda Muhammad Solihning telefoni va adresi bor edi.
1986 yilda bunday harakat tahlikali hisoblanardi. Professor Oshqin bu sarguzashtga kirish to‘g‘ri bo‘lmasligini aytib, uzr so‘radi va Solihnikiga bormaydigan bo‘ldi. U professor Ahmad Beyjon, Oysha Qilich xonimdan ham bormaslikni iltimos qildi. Oydamir turk hay'atining boshlig‘i sifatida kokteylda qolishi kerak edi. Oysha xonim bu maslahatni qabul qildi. Professor To‘ra bu ishlardan umuman xabarsiz edi. Demak, kokteylda turk xay'atidan 3 ta kishi qoladi va qolganlarning yo‘qligi sezilmaydi. Lekin norvegiyalik olim professor Brendemoen “taklif”ni eshitib, u ham turklar bilan mehmonga borishni xohlab qoldi. U professor Ahmad Beyjonga “sizlar bu yerda juda e'tiborlisizlar, men ham turk hay'ati bilan birga bo‘laman”, dedi. Aslida, oralarida bir yevropalikning bo‘lishi turklar uchun ham yaxshi edi.
Avtobusda ular hashamatli liboslarda o‘tirishardi.
O‘g‘uz kokteylda mutlaqo Gulnorning yoniga kelishi va qanday qilib uning ko‘zini shamg‘alat qilib, qochish rejasi haqida o‘ylardi.
Kokteyl zaliga kirishganida 100-150 kishilik bir olomonni ko‘rib, turklar sevinishdi. Bu vaziyatda diqqatni jalb kilmay bu yerni tark etish oson edi.
Gulnor O‘g‘uzni darrov topdi. Turklarga Muhammad Solihni ziyorat qilishga ruxsat berilmaganini Gulnor bilardi. Kokteylda O‘g‘uz bilan uzun-uzun suhbat quraman deb o‘ylardi. Lekin 5 daqiqa o‘tar-o‘tmas O‘g‘uzni ko‘zdan qochirdi. Tezgina butun zalni aylanib chiqdi. O‘g‘uz yo‘q edi. Undan tashqari Oydamir, Ahmad Beyjon, O‘rxon Nodiy, Komil Arslonlar ham olomon ichida ko‘rinmasdi.
Gulnor zalda yurgan Qorlig‘ashevni topdi, unga vaziyatni tushuntirdi.
– Men buni bilaman, — dedi Qorlig‘ashov, Ularni hozir mehmonxonada axtarishayapti. Lekin mehmonga ketishgani aniq. Tashvishga hojat yo‘q. Ular orasida bizning odamimiz bor.
Turk mehmonlarini kelishilgan yerda bir-nechta odam kutib turardi. Birga bino qurilishlari oralab, qorong‘u va loy yo‘ldan bir oz yurishdi. O‘zbeklardan birining professor So‘nar Oydamirga bergan savoli hammani cho‘chitdi:
– Bizning akademik Muhammad Qoraevni nega o‘ldirdingizlar? — dedi o‘zbek.
Bunday savol ayblovchi ohangda berilgani hammani gangitib qo‘ydi.
Ikki yil avval Izmirning Chig‘li havo maydonida kutib olinib, rasmiy mashinada yo‘lga chiqqan boshqird va qoraqalpoq olimi avtomobil qazosida fojeali halok bo‘lgan edi. Muhammad Qoraev, qoraqalpoq akademigi ulardan biri bo‘lib, Izmirdagi folklor konferentsiyasiga kelgandi. Qazoda turkiyalik shofyor ham o‘lgan edi.
Demak, buning avtomobil halokati ekaniga bu yerdagilar ishonmasdi.
So‘nar Oydamir o‘zining doimiy yumshoq uslubi bilan buning bir baxtsiz hodisa bo‘lganligini tushuntirishga harakat qildi.
Turklar “o‘lgan akademikning qasdini bizdan olmoqchi ekanlar-da”, degan gumonga ham borishdi.
Bu orada g‘isht devorlar bilan o‘ralgan bir bog‘chali uyning eshigiga kelib, ichkari kirdilar.
Bog‘chada daraxtlar ostiga qo‘yilgan stolda dasturxon yozig‘lik edi. Daraxtlarga osig‘liq lampochkalar atrofni oydinlatib turardi.
Muhammad Solih, Rauf Parfi va Sharif Jamol bilan Ahmad Beyjon konferentsiyada tanishgandi. Dasturxon atrofida yana ikki kishi bor edi: qisiq ko‘zli sariq odamni Aydar Usmon deb tanishtirdilar. Qrim-tatar yozuvchisi ekan. Yana bittasi soqolli edi. Amerikalik ekan. Olti oydan beri Toshkentda o‘zbek adabiyoti bo‘yicha ilmiy ish yozayotgan ekan.
Turk olimlari va norvegiyalik olim Brendemoen bitta-bitta mezbonlarga tanishtirildi. Va quyuq suhbat boshlandi.
O‘g‘uz Turkiston oqshomlarining bu qadar iliq, suhbatlarning bu qadar samimiy bo‘lishini kutmagandi. Daqiqalar o‘tgan sayin suhbat quyuqlashardi, guyo ming yilning hasratini bir soat ichida ketkazishga harakat qilishardi.
– Ming yilni so‘zda aytish oson, — dedi Sharif Jamol, — biz bu ming yilning eng omadli turklarimiz. Ming yil so‘ngra bir-biri bilan topishgan turklar…
Siz turk yozuvchisi Axmad Beyjon Erjilasunning Gulnor romani audiokitobi beshinchi qismini tingladingiz. Uni Qudrat Bobojon o‘qidi. Davomini Yutubdagi Eltuz kanalining kelgusi yoyinlarida kuzating.
