AES – Rossiya bo‘yinturug‘i ostidagi ko‘zbo‘yamachilik
O‘zbekistonning energiya iste'moli yildan yilga o‘sib bormoqda va bu ehtiyojni qondirish maqsadida mamlakat hukumati Rossiya Federatsiyasi bilan hamkorlikda yirik atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi loyihasini boshladi. Biroq bu loyiha Rossiyaning Ukrainaga qarshi qirg‘in keltiruvchi urush boshlagan va bunga javoban rivojlangan g‘arb davlatlarining xonavayron qiluvchi ko‘plab jiddiy sanktsiyalariga uchragan bir pallaga to‘g‘ri keldi. Lekin bizga ko‘rinayotgan bu muztog‘ining uchidan tashqari yetilayotgan yana ancha muammolar bor.
O‘zbekistonda Atom elektrostantsiyasini qurish loyihasi mamlakatning uzoq muddatli energetika xavfsizligini ta'minlashga qaratilgani iddao qilinayotgan bo‘lsada uning aynan mamlakat havfsizligini izdan chiqarishi mumkinligi kundan kunga ayon bo‘lmoqda. Bu reja taniqli tahlilchilar va jamoatchilik faollari tomonidan jiddiy tanqid ostiga olinmoqda.
Xususan, siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov 2 oktyabr kuni o‘zining feysbuk sahifasidagi chiqishida «O‘ZATOM O‘zbekiston manfaatlarini emas, balki Rossiya manfaatlariga xizmat qiladigan ko‘zbo‘yamachilikni qurol qilib oldi», deya loyihaning shaffofligi va milliy manfaatlar masalasini jamoatchilikka olib chiqdi. Ilhomovning tanqidiy qarashlari loyihaning uchta asosiy jihatiga qaratilgan bo‘lib, bu masalalar mamlakatning kelajagi uchun muhimdir.
Shaffoflik tanqisligi va «Ko‘zbo‘yamachilik»
Eng birinchi va eng asosiy tanqid loyihaning xalqdan so‘ramasdan boshlangani va shaffoflik darajasiga taalluqli. Tahlilchining fikricha, hukumat avvaliga jamoatchilik bilan maslahatlashmasdan, ikkita katta va kichik AYeS qurish qarorini imzolagan shundan keyingina jamoatchilik muhokamasini o‘tkazishni rejalamoqda.
Bu yondashuv muhokamaning ma'nosini mutlaqo yo‘qqa chiqaradi. Qarorning allaqachon tasdiqlangani va joyi Jizzax viloyatida ekani aniqligi, har qanday muhokamani legitimlik maqomidan mahrum qiladi, ya'ni bu muhokama Ilhomov aytganidek, «ko‘zbo‘yamachilik»ka aylanadi. Bu holat hukumatning ochiq muloqotga tayyor emasligini va jamoatchilik fikrini hisobga olmasligini ko‘rsatadi. Jamiyatning kelajakdagi manfaatlariga ta'sin ko‘rsatuvchi bu kabi yirik loyihalar yuzasidan har qanday qaror dastlabki bosqichdanoq ochiq-oshkora va keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi shart edi. Lekin bunda qilinmadi.
Iqtisodiy va Ekologik Xavflar
Ikkinchidan, Ilhomov loyihaning iqtisodiy va ekologik nuqtai nazardan zararli ekani va hech qanday tanqidga dosh bera olmasligini ta'kidlaydi.
Iqtisodiy xavflar: AES qurilishi odatda katta moliyaviy xavflar bilan bog‘liq. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bunday loyihalar ko‘pincha rejalashtirilgan muddatidan ancha yillar o‘tib bitadi va dastlabki xarajatlardan bir necha barobar qimmatga tushadi. Uzluksiz kechikishlar va xarajatlarining qimmatlashishi kelajakda ko‘rilishi taxmin qilinadigan foydaning ham yo‘qotilishiga olib keladi. Bundan tashqari, loyihaning Rossiya krediti hisobidan amalga oshirilishi O‘zbekistonni uzoq muddatli qarz va moliyaviy qaramlik botqog‘iga botiradi. Eng muhimi, atom yoqilg‘isini yetkazib beruvchi yagona kompaniya Rosatomga monopol qaramlik mamlakatning energetika suverenitetiga tahdid soladi.
Ekologik va texnogen xavflar: Tahlilchi Shovvozsoy, Sardoba va Chorvoq kabi oldingi falokatlarni misol keltirib, mamlakatning tizimli boshqaruvidagi nuqsonlar va korruptsiya xavfining yuqori ekani texnologik atom ob'ektida xavfsizlik qoidalarining muqarrar buzilishini yuzaga keltiradigan omil bo‘lishi haqida jamoatchilikni ogohlantiradi.
Atom stantsiyasi kabi murakkab ob'ektda xavfsizlik me'yorlarining buzilishi bilan bog‘liq falokat ehtimoli beqiyos darajada yuqoridir, buning oqibatlari esa butun mintaqaga ya'ni Markaziy Osiyoga tahdid soladi.
Geosiyosiy Bo‘yinturuq
Nihoyat ayni qurilish loyihasi orqali O‘zbekistonning dunyodan «eng yomon Atom Elektr Stantsiyalari ko‘rinishidagi bo‘yinturuq» bilan oxir oqibat yakkamoxov Rossiyaga bog‘lanib qolishi ehtimoli. Bu Ilhomovning eng muhim geosiyosiy tanqididir.
Atom stantsiyasi — bu shunchaki energetika inshooti emas, balki bosqinchi davlat bilan uzoq muddatli strategik ittifoq demakdir. Uzoq muddatli kredit, yoqilg‘i ta'minoti va texnik xizmat ko‘rsatish orqali loyiha Rossiyaning O‘zbekiston energetika sektoriga va umuman siyosatiga ta'sirini sezilarli darajada oshiradi.
Tahlilchi buning evaziga mamlakat rivojlanish botqog‘idan chiqib ketish imkoniyatlarini deyarli yo‘qotishini ta'kidlaydi. Chunki Ilhomovning fikrlariga ko‘ra, O‘zbekistonning energetika ehtiyojlarini qondirishning tezroq va arzonroq amalga oshirish mumkin bo‘lgan ko‘plab yechimlari mavjud. O‘zbekiston ulkan quyosh va shamol energiyasi salohiyatiga ega mamlakat bo‘lib, bu qayta tiklanuvchi manbalar atom energiyasidan farqli o‘laroq, tezroq ishga tushiriladi, mamlakatni qarzga botirmaydi va geosiyosiy qaramlikni keltirib chiqarmaydi.
Hukumat garchi AES qurilishi loyihasi O‘zbekiston energetikasi uchun muhim bosqich ekani ta'kidlayotgan bo‘lsada, loyihaning shaffof va milliy manfaatlarga mos emasligi ko‘plab jiddiy savollar tug‘diradi. O‘zbekiston hukumati jamoatchilik xavotirlariga aniq javob berishi shart. Aks holda, AES loyihasi mamlakat uchun uzoq muddatli energetik yechim emas, balki iqtisodiy, ekologik va geosiyosiy xavf xatar manbai bo‘lib qoladi.
Eltuz O‘zbekistonda loyixalashtirilayotgan Rossiyaning Atom Elektr Stantsiyasi qurilishi bilan bog‘liq tahliliy ko‘rsatuvlarini davom ettiradi. Kanalimizga obuna bo‘ling. Video yuzasidan izohlar qoldiring.
