Asosiy mavzular
30 may 2023

30 may – ulug‘ shoir Erkin Vohidov vafot etgan kun

Erkin Vohidov 2016 yilning 30 mayida 79 yoshida vafot etdi. U 1936 yil 28 dekabrda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida tug‘ildi. O‘zbekiston Oliy Kengashi deputati bo‘ldi. Oshkoralik yillarida ayni nomdagi qo‘mita raisi bo‘ldi, uni oshkoralik davri va ayni qo‘mita tugagunga qadar boshqardi…

Shuningdek, u parlament deputati bo‘lsa-da, umrining so‘nggi yillarida faoliyat yuritmagani, og‘ir xastalikka uchragani ma'lum. Biroq Erkin Vohidov ko‘plab muxlislari dilida go‘zal tashbehli she'rlari bilan qoldi.

Shoirning «Tirik sayyoralar» kitobiga kirgan she'rlarini men ham yoshligimdan yod olib, sevib o‘qirdim.

Yo‘l chetida behol yotibman,
Ne bo‘ldi deb so‘rar kishi yo‘q.
Ishim yo‘qdir bu olam bilan
Bu olamning ishi yo‘q…

Oshkoralikning so‘nggi kunlari

Shoir bilan mening chorraham kesishgan davr 1991 yilning, adashmasam, iyul oyi oxirlarida, avgust putchi deya tarixga kirgan voqealar arafasida, O‘zbekiston parlamentining Oshkoralik qo‘mitasi tugatilishi kunlarida kechdi.

U paytlarda respublikada oshkoralik ruhi kezar. «Birlik» xalq harakati va «Erk» partiyasi oyoqqa turayotgan davr Erkin Vohidov O‘zbekiston parlamentining Oshkoralik qo‘mitasi raisi edi.

Ertalab Yozuvchilar uyushmasiga borganimda Erkin Vohidovga o‘q uzilgani, shoirning kasalxonaga olib ketilgani haqida gaplar tarqagandi.

Oktyabr inqilobi xiyoboni (hozirgi Amir Temur) va «O‘zbekiston» mehmonxonasi atrofidagi markaziy chorrahada Erkin Vohidovning «Volga» avtomobiliga ustma-ust o‘q tekkan. Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, ikkita o‘q mashina oynasining Erkin Vohidov o‘tirgan burchagini teshib o‘tgan edi.

Men bu haqda o‘sha paytlarda eng ilg‘or sanalgan «Komsomolskaya pravda» gazetasiga telefonda xabar berdim.

Ertasi Oshkoralik qo‘mitasi raisi Erkin Vohidovga suiqasd bo‘lgani haqidagi xabarim gazetada bosildi.

Gazeta mendan tag‘in voqea tafsilotlarini kutardi. Qattiq shok holatiga tushgan Erkin Vohidovni kasalxonaga yotqizishgan. Hammadan ko‘ra uning men bilan uchrashgisi yo‘q edi.

Xabar bosilgach, muxolifatdagi do‘stlar bir-ikki kun ko‘zga ko‘rinmay turishim lozimligini maslahat berishdi.

Ertasi esa Toshkentdagi uyimga men yo‘qligimda militsiya xodimlari keldi.

Biroq oradan ko‘p o‘tmay, yo‘lda meni fuqarolik kiyimidagi yigitlar ushlab, «Jiguli» mashinasida olib ketishdi.

Putch rusumidagi mahkama yoki «troyka»

Meni KGBning markaziy xiyobon yaqinidagi yerto‘lasiga olib kirishdi. Shubhasiz, men advokat talab qildim.

Meni dastlab so‘roq qilgan fuqarolik kiyimidagi o‘zini tanitmagan shaxs ustimdan kulib, Gorbachyovning ham, Yozuvchilar uyushmasidagi «suyangan tog‘»imning ham kuni bitganiga sha'ma qildi.

Uning gapidan meni qandaydir «troyka» sud qilishini, o‘zim esa allaqaysi «beshinchi kolonna»dan ekanimni angladim. U paytda hali mentlarning jargoniga tushunmasdim.

Meni yerto‘ladagi derazasi yo‘q, mebeldan faqat bitta stuli bor bir xonada ikki kun davomida tergov qilishdi.

Tergov kechqurun mening shaxsimni aniqlash bilan boshlandi, garchi shaxsim ertalab «aniqlangandi».

Adolat nuqtai nazaridan aytish kerak, butun tergov davomida menga qiynoq qo‘llanilmadi. 90-yilgi «troyka» KGBning Moskva buyrug‘iga itoatini anglatar, bugungi kun o‘zbek turmasidagi bo‘layotgan gaplar bilan solishtirganda 37-yillar parodiyasiga o‘xshardi.

Qizig‘i shundaki, sudlovchilarning bittasi yolg‘ondakam g‘azabga minar, ikkinchisi muloyimlik bilan menga suv olib kelar, uchinchisi esa kamgap bo‘lib orada bir-ikki savol berib qo‘yardi.

Ularni avvaliga men chizgan detektiv manzara – suiqasd bo‘lgan maydon, merganlar, mashina oynasini teshib o‘tgan o‘qlar ko‘proq qiziqtirdi.

Keyin esa bu xabarni kimlardan va aynan kimdan eshitganimni surishtirishdi.

Gap kimnidir sotish kerakligi haqida borayotganini sezib, avvaliga gapni olib qochmoqchi, vaqtni ozroq cho‘zib, keyin «ayb»ni bo‘ynimga olib qo‘ya qolmoqchi bo‘ldim.

Avval guvoh, keyin asosiy gumonlanuvchi, keyin esa aybdor maqomiga o‘tdim.

Keyin mening tergovdagi ko‘rgazmamga qarshi va Yozuvchilar uyushmasidagi bir quloqning Muhammad Solihni qoralash maqsadida berilgan ko‘rgazmasini ko‘rsatishdi…

Tag‘in bir sutka KGB yerto‘lasida qoldim.

«Uchuvchi mixlar»

Ertalab tergovchi bir taxlam gazetani keltirib oldimga tashladi. O‘zbekistondagi deyarli barcha markaziy gazetalar – «O‘zbekiston adabiyoti va san'ati», «Sovet O‘zbekistoni», «Pravda vostoka», «Toshkent oqshomi», «Toshkent haqiqati», «Qishloq haqiqati» gazetalari mening qanchalik «razil tuhmatchi» ekanim haqida yozib chiqqan edi.

«Komsomolskaya pravda» gazetasi esa «Letayuщie gvozdi» sarlavhali maqola chop etgan, unga ko‘ra, voqea guvohlari endilikda shahar markazida ketayotgan mashina oynasini qandaydir mixlar teshib o‘tganini bildirishgandi.

Meni shahardan chiqmaslik sharti bilan qo‘yib yuborishdi. O‘rtada avgust putchi boshlandi. Tergov unutildi. Oshkoralik qo‘mitasining tugatilgani, «troyka» va Erkin Vohidovga qarshi suiqasd haqidagi gaplar ham.

Bu gaplarni men bugun bizga ko‘plab falsafiy she'rlar qoldirgan, oxir-oqibat «firqa daftari»ni ham uloqtirgan shoir o‘limi bois esladim.

Mening anglashimcha, putch arafasida uning mashinasiga uzilgan o‘qlar aslida Oshkoralik qo‘mitasiga, oshkoralik davriga, parlamentdagi xalq ovozini o‘chirishga qarata otilgan o‘qlar edi va ular mo‘ljalga tekkandi.

Balki bunday ham emasdir, biroq umrining so‘nggi davrida mamlakatni uzurpatsiya qilgan shaxs va uning atrofidagilar bilan bir parlamentda o‘tirish, haqiqatni aytmaslikka mahkumlik shoir uchun qanchalik og‘ir kechishi mumkinligi haqida o‘yladim…

Qudrat Bobojon
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 september 2025
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani hokimining o‘rinbosari Dilfuza Toshmatova O‘zbekistonda oxirgi uch yildan beri terimchilar yetishmayotgan sharoitda bu yilgi paxta ...
20 march 2016
“Diyonat” gazetasi Uchqo‘rg‘on tumanilik hamqishloqlarini Qozog‘istonga olib borib, 500 ming tangaga sotib yuborgan shaxs besh yil muddatga qamoq jazosiga ...
18 august 2020
«Men barmoqlarim ko‘karguniga qadar hokimiyatga osilib o‘tirmayman» degan edi jurnalistlarga Belarus prezidenti 2019 yilning noyabrida. Biroq bugun butun mamlakat bo‘ylab Lukashenko ...
8 december 2025
Rishton tumanida kadastr agentligi bo‘limi bosh inspektori fuqarolardan noqonuniy pul talab qilgani uchun DXX va huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...