RTdan va'z: Ketga tepadiganlarni ko‘paytirish kerakmi?
Internetning o‘zbek segmentini stakan deb qarasak, bu stakan ichida vaqti-vaqti bilan to‘fonlar yuz berayotganini kuzatamiz. Ëki Matbuot agentligi bu stakanga aspirin tashlab, to‘fon uyushtiradi.
Troll armiyasi bekorga boqilmaydi. Ikki juma o‘rtasida kunduz kuni fara ëqish qaroriga qarshi bo‘lganlar lampochkamiz kuyganidan uyim kuygani yaxshi, deb dodu farëd qilishdi. Bir ikki kunda ular ham tinchib ko‘nikib ketishdi.
Masalan, men o‘zim ko‘rgan voqeani aytib beray. Vazelin olaman deb ippodrom bozoriga qarab, jonajon Rossiyada ishlab chiqilgan «Jiguli» mashinasida yo‘lga chiqdim.
Karimov paytida bunaqa mashinalar qayda deysiz, boz ustiga, qo‘limda mobil telefon. Mirziëev boshlagan o‘zgarishlar sharofati bilan hammaning qo‘lida telefon.
Yo‘lga qarab ko‘zim yayraydi. Atrofda bitta ham daraxt yo‘q.
Yurtboshimiz bosh vazir bo‘lgan vaqtida bizni quëshdan to‘sgan daraxtlar kesilib, ko‘kragimizga shabada tekkanini mamnuniyat bilan eslayman.
Bozorga yaqinlashar ekanman, mirshablar viloyatdan kelganlarni tekshiraëtganiga ko‘zim tushdi.
Tekshiradi-da endi, shahar bedarvoza emas, bo‘lib ham rezinkadan ham emas. Mana, prezidentimizning to‘ng‘ich qizi ham aytdi, muammo bor deb. Malades qiz.
Yurtimiz rahbari va uning qizlariga nisbatan minnatdorlik tuyg‘ulari bilan qalbim limo-lim bo‘lib bozorga kirib bordim.
Qarang, ilgari faqat bitta «Arnasoy» vazelini bo‘lar edi, hozir esa Rossiya va Shimoliy Koreyadan kelgan vazelinlar bisër.
Rossiyalik oligarx Alisher Usmonov O‘zbekistonga bir vagon vazelin yuboribdi. Xayr-ehson bo‘lsa, shunchalik bo‘lar.
Yurtboshimizning tovuq boqish haqidagi hikmatli gaplari ëzilgan shiorni hurmat bilan o‘qib, bozorga kirib vazelin xarid qilib chiqsam, chiqishda tirbandlik paydo bo‘libdi.
Ochered. Nimaga desam, prezident qarori bilan ippodrom eshigidan chiqaëtgan odamlar ketiga bir tepdirib chiqishi kerak ekan.
Odamlar ketiga tepdirish uchun navbatida turishgan ekan.
Yaxshi qaror, dedim quvonib. Odamlarning ketiga tepib turmasa, haddidan oshadi. Masalan, Allamjnovning «Ozodlik» muxbirlarining ketiga tepish haqidagi fikriga mutlaqo qo‘shilaman.
Men ham borib ketimga teptirish uchun navbatga turdim.
Bir soatda ham navbatim kelmadi.
Bozor ma'muriyatiga kirib e'tiroz bildirdim. «Hukumatimiz va prezidentimizning xalqqa g‘amxo‘rlik yo‘lidagi qarorlarini joylardagi sizlarga o‘xshagan byurokratlar bajarmaydi», dedim.
«Nima qilaylik», dedi yurtboshimizning savlatli rasmi ostida o‘tirgan bozorqo‘m Sotdiev Oldiboy aka.
«Ketga tepadiganlarni ko‘paytirish kerak», dedim men.
Gapimni bozorqo‘m tushundimi ë tushunmadimi, bilmayman.
Ammo bozorqo‘m aylantirib ketimga tepdi-da, «Bezochered teptirgan» odam sifatida turniket chetidagi eshikni kalit bilan ochib chiqarib yubordi.
Zamonamdan aylanay deb xarid qilgan vazelinimni olib, tinchlik, osoyishtalik hukm suraëtgan namunali uyimga yetib oldim.
Uyga kelib ijtimoiy tarmoqqa kirib, musaffo osmonimizni ko‘ra olmaëtganlarni qarg‘ab, post ëzib qo‘ysam, bittasi meni «sharikov» deb haqorat qildi. Mana uning gapi:
«Mixail Bulgakovning «Ityurak» asari qahramoni professor Filipp Filippovich Preobrajenskiy o‘z uyida yashaëtan Sharikovga sovet gazetalarini o‘qishni man qiladi. Sharikovning siësat haqidagi gaplarini «astronomik ahmoqlik», deya ataydi.
Internetning o‘zbek segmentida faol bo‘lgan aksariyatning ilmi universitet ëki kutubxonada emas, Rossiya TVsini ko‘rish va radikal-klerikal tiplarning saëz va'zlarini eshitish asnosida tarkib topganini ko‘ramiz. Qolganiga antiamerikan va antiisroil adabiëtidan iborat oldi-qochdi gaplarni ëdlashgan. Rossiyada ularga «vatnik» deyiladi va ziëli qatlam ular bilan munoqashaga kirishmaydi. Darvoqe, demokratiya dushmani bo‘lgan «vatnik»larga «bor, yo‘qol» deyilsa, sizni tsenzura va demokrat emaslikda ayblaydi. (Buniyam ëdlab olgan).
Ayiqning qo‘lida baraban, maymunning qo‘lida smartfon bo‘lgani bilan ular aqlli bo‘lib qolmaydi.
Iqtibos: «V internete vыchitali-s? Da u vas, batenka, s golovoy problemы».
O‘zbek segmenti deb atalgan stakan ichidagi to‘fon edi bu.
Aslida haqiqiy fojea va ijtimoiy to‘fonlar haqiqiy haëtda sodir bo‘lmoqda. 22 mln. so‘m hamda bitta Samsung telefoni uchun bir oila – 5 kishi qatl qilindi. Qotillar marsdan kelmagan, shu mahalla odamlari. Qotillar orasida 23 yashar yigit ham bor.
Uyi buzilishini istamagan tayloqlik 33 yashar yigit kadastr xodimlari oldida ustiga benzin quyib, o‘ziga o‘t qo‘ydi. Yigit bir mash'ala kabi ënib kul bo‘ldi. Ortida uch bolasi va xotini izillab qoldi. Shu alanga ham bizning zang bosgan shuurimizni ërita olmasa, demak haqiqatda ham ketga tepishga arziydigan to‘daga aylanib bo‘libmiz.
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak.
Video: https://youtu.be/19ZUPRVnZKk
Rassom Tuz
Eltuz.com
