Multimedia
2 february 2021

Imperativ. To‘g‘rilik kamtarlikdan ustundir

«Eltuz» shoir va muxolifatchi Muhammad Solihning yangi badiiy asari, falsafiy esse formatida yozilgan – «Imperativ» kitobining audioversiyasini taqdim qiladi. Matnni muallifning o‘zi o‘qiydi. Kitob 2020 yil Istanbulda chop etilgan.

SO‘ZBOShI

Bu kitobga so‘ng shaklini berar ekanman, daf'atan o‘zimga dedim:
Buni kim uchun yozding va kim uchun nashrga tayyorlayapsan?

Adabiyot, «etika-estetika» haqidagi fikrlaring bugun kimga qiziq?
Klassik ma'nodagi o‘quvchi qoldimi bugun?
O‘quvchilarning tamomi «ko‘ruvchi»ga aylanmadimi?
Yutub mog‘oralarida tug‘ilib, yutub belanchagida voyaga yetgan, olamga yotib olib (gorizontal) boqayotgan «yangi avlod» uchun bu kitobdagi fikrlarning bir chaqalik qiymati bormi?
Haqorat so‘zlarni maykasiga yozib olib, yutub kanalidan dunyoga «aql» o‘rgatayotgan jaholat obidalari «bloger»larning kufr to‘la leksikasi bilan sening so‘zlaring raqobat qila oladimi?
Bundan 21 yil oldin – 1999 yili ilk xotiralar kitobim – «Yo‘lnoma»ni nashrga tayyorlar ekanman, unga Andre Malroning «21 asr ma'naviyat va ruhoniyat asri bo‘lajak yoki (umuman) bo‘lmayajak», degan iborasini epigraf qilib olgan edim.
Bu epigrafda kelajakka buyuk umid barq urib turardi.
1999 yil – o‘zbek diktatori I.Karimov estirgan davlat terrori butun intellektual nihollarni ildizi bilan qo‘porib tashlab, faqat manqurt bitkilargagina yashash imkoni bergan 1999 yil!
Shu terror yillarida ham biz naqadar optimist edik!
Bugun yutub ya'juj-ma'jujlari yaratgan bu jaholat zindonida o‘sha terror yillarida asragan nekbinligimizni ham yo‘qotayotganimizni kun o‘tgan sari kuchliroq his etmakdamiz.
O‘tgan asr, hatto yangi asr boshida ham tirik bo‘lgan o‘quvchi qatlami bugun vafot etdi.
Sen yaxshilik tarafdorisan, jamiyatda yaxshi insonlarning ustun bo‘lishini istaysan, ammo bu mumkinmi?
Ernest Heminguey bir paytlar bunday kuyingan edi: «Yer kurrasining eng yaxshi insonlari go‘zallikni his eta oladilar va haqiqatni aytish uchun tavakkul qilishga o‘zlarida jasorat va kuch topadilar. Va aynan shu musbat fazilatlari ularni himoyasiz qiladi. Shuning uchun ham ko‘p hollarda ular ichidan yemiriladilar».
Bu so‘zlarni hayotda hur yashab o‘tgan, ideallari uchun kurashda o‘limni ham ko‘zga olgan mard inson aytgan edi. Shunday bir inson fikr shallaqilari oldida o‘z ojizligini ochiq aytishdan imtino qilmayapti.
Holbuki, uning zamonida, o‘tgan asrda jamiyatlar mafkuraviy jihatdan zid qutblarda bo‘lsa ham bu qutblarning har birida bir oz idealizm, bir oz romantizm baribir bor edi. Bugun bu ham yo‘q yoki tobora yo‘qolyapti. Shunday vaziyatda ham yozish, yozganingni chop etish, chop etilgan kitobingni o‘qishlaridan umid qilish mumkinmi?
Jaholat lashkari ming chandon kuchli. So‘zlari emas, o‘zlari. Ular son jihatdan ko‘pchilik. Ustiga-ustak, ularning quroli boshqa. Ularning quroli so‘z emas. Ularning quroli ANTISO‘Z.
Dunyomiz og‘zini ochib, anqaygancha, maykasiga haqorat yozilgan antiso‘zni tinglayapti.
Bu sharoitda kitob nashr qilish – absurd.
Ammo, modomiki, nashr qilishga jazm etibsan, bu jaholat lashkari bilan urushda mag‘lubiyatingni oldindan qabul et.
Kitobing nashrdan chiqsa, uni op-oydin Hechlikka yo‘lla.
Ey, Vijdon, sen ham o‘zingni bos, haqida azob chekishga arziydigan yagona borliq – sen o‘zing qolding.

Muallif

Tag‘in o‘qing
29 october 2015
Amerika – “Sehrli diyor”da yashash ishtiyoqida bo‘lgan o‘zbekistonliklar bir oy mabaynida o‘z omadlarini sinab ko‘rishlari mumkin. AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi ...
2 october 2019
«Yozarning sasi» ruknida «Eltuz» nashri marhum shoir Rauf Parfining o‘z do‘sti Muhammad Solihga bag‘ishlagan kitobidan o‘qigan she'riy turkumni muxlislar ...
26 october 2025
Transport nazorat inspektsiyasining Namangan viloyati hududiy bo‘limi 1069 «Ekipaj taksi» agregatorining faoliyati qonunda belgilangan tartibga muvofiqligi bo‘yicha tegishli tashkilotlar ...
10 april 2018
O‘zbekiston prezidentining baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorining ijrosi bosh vazir Aripov, bosh prokuror Murodov va ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...