Asosiy mavzular
12 september 2025

«Gulnor» 3-qism, (Lenin haykali qarshisida)

Axmad Beyjon Erjilosun

“O‘zbekiston” mehmonxonasi keng maydonga qaragan, xuddi bu maydonni quchoqlayotganday, yarim doira shaklida bino etilgandi. mehmonxonaga oldinroq kelgan O‘rxon Nodiy turk hay'atini qarshilab:

– Qabul uchun bu kartlarni to‘ldiringlar. Hammangizning joyingiz ma'lum. O‘g‘uz, sen Komil bilan bir xonada yashaydigan bo‘lding.

So‘nar Oydamir:

– O‘g‘lim, yana hukm qila boshlading. Bu yerda Oyshaxonim borlar, hay'atimizning boshlig‘i u emasmi?

– Zarari yo‘q, So‘nar. O‘rxon menga yordam berayapti, — dedi Oyshaxonim.

– Menga qara, o‘g‘lim, — deya So‘narga xitob qildi O‘rxon Nodiy, — bizni kutganlarga o‘zimni qanday tanishtirdim bilasanmi? Men sekretarman, dedim. Bu yerlarda “sekretar” desang, bas, seni hay'at boshlig‘i deb o‘ylashadi.

O‘g‘uz bu olimlarning hazilmi chinmi gaplashayotganini birdan anglay olmay turardi. U mehmonxona kartini to‘ldirar ekan, bir o‘zbek qizi unga yaqinlashdi:

– Men sizga yordamchi bo‘laman, — dedi u, — otim Gulnor Kunboeva.

– Mamnun bo‘ldim, mening otim O‘g‘uz Duman.

Gulnor O‘g‘uzning kartini olib, to‘ldira boshladi. Ora-sira O‘g‘uzga savollar berib, tez ishini bitirdi. Uning qo‘l yozuvi tez edi, ammo gapirishi sokin va ohista edi.

O‘g‘uz o‘zbek aktsentini ilk bor eshitayotgandi. Uzun va yumaloq “o”lar darrov diqqatini tortdi. Yaxshiyamki, o‘zbekchada yumaloq “O” tovushlari bor ekan, bo‘lmasa Gulnorning dudoqlari bu qadar ohangli shakl ololmasdi. “Gulnor” va “Kunboy” derkan, uning dudoqlari yumaloq bir shaklga kirgandi. O‘g‘uz ayni paytda qizning ko‘zlari yashil ekanini farq qildi. Va oq yuzni gulchambar kabi o‘ragan qora sochlarga e'tibor qildi. Bo‘yi ham kichik emasdi. Egnidagi atlas ko‘ylak Gulnorga durkun bir ko‘rinish bag‘ishlagandi. To‘g‘risi, O‘g‘uz uchun bu ilk o‘zbek chehrasi hiyla go‘zal edi. Ularga ajratilgan xonaga Komil domla bilan birga kirishdi.

– Eh, O‘g‘uz bu fursat har turkka ham nasib bo‘lavermaydi. Navoiyning mamlakatidamiz, biz mehmonxonadamiz. Balkonga chiqaylik-da, shu yashillikni bir tomosha qilaylik.

O‘g‘uz Komil Arslonning Navoiy asarlari ustida ishlaganini xotirladi.

–To‘g‘ri, xo‘jam, go‘zal va yashil o‘lka, dedi O‘g‘uz.

Balkonga chiqarkan, eshik ustidagi lavha-yozuv diqqatini jalb qildi.

– Bu yozuv uchoqda ko‘rganimiz yozuv emasmi, xo‘jam? — dedi O‘g‘uz.

Ha, lavhada “ne kurit”deb yozilgandi. Komil xo‘ja bu taqiqlovchi so‘zlarni yaxshi o‘rganib olgandi.

– Ne kurit, ne kurit, yetar-ey! — deya baqirdi.

Komil xo‘ja cho‘ntagidan sigaret chiqarib, chaqmog‘ini chaqdi. Lekin xonada qolmay, balkonga chiqdi.

O‘g‘uz ham balkonga chiqdi, ikkovlon nigohlarini yashil daraxtlar qo‘yniga otdilar.

Binolarning oralarida bo‘shliq ko‘p edi bu shaharda. Katta maydonlar va keng yo‘llar binolarni bir-biridan uzoqlashtirgandi. Mehmonxonaning old qismi katta maydon edi. orqasida esa keng yashillik maydoni mavjud edi. O‘ng va so‘ldan o‘tgan yo‘llar ancha kengish edi. Yashillik O‘g‘uzga bir oz avval ko‘rsatgan qizning ko‘zlarini eslatdi. Yana Gulnorning atlas ko‘ylagi-yu qop-qora sochlarini ham xotirladi. “O” tovushlarini naqadar yumaloq va ohangli so‘ylardi u qiz!

– Qani, O‘g‘uz, pastga tushaylik-chi, — dedi Komil xo‘ja, — programmani bilaylik-chi.

Birga pastga tushdilar.

Mehmonxonaning foyesida O‘rxon Nodiy bilan So‘nar Xo‘ja kulishib suhbatlashayotgandilar. Professor Eryigit bilan Somiy Oshqin ularni tinglab, jim turishardi.

– Tariq To‘raga e'tibor berdingmi? — dedi So‘nar xo‘ja, — bu ola-tasirdan zavqlanganga o‘xshaydi.

– Qanaqa ola-tasir? — dedi Arslon xo‘ja.

– Boya Mahmat xonasini o‘zgartirmoqchi edi, ma'murlar har xil bahonalar bilan qarshi chiqdilar. Mahmat “porasini to‘ladik!” deb baqirdi. O‘zbek ma'murlar kulishdi. Chunki pora (turkchada — pul) o‘zbekchada rishvat ma'nosini bildirarkan.

O‘rxon Nodiy bir o‘zbek ma'muri bilan keldi, qo‘lida ertangi kun tartibi bor edi.

– Konferentsiya ertaga soat 9 da boshlanadi. Soat to‘qqiz yarimda Lenin haykaliga gulchambar qo‘yiladi. 10 da salonlarda seminarlar boshlanadi. Bugun, biz oz so‘ngra mehmonxona restoranida tushlik yemagi yeymiz. Yemakdan keyin hammamiz yo‘l ko‘rsatuvchilar bilan birga Lenin muzeyiga boramiz. Kechqurun kokteyl bor.

O‘rxon Nodiy “lenin” so‘ziga maxsus urg‘u berib so‘ylar, go‘yo “yillardir leninni so‘kdingiz, endi uning poyiga bir bosh egib turing-chi, ko‘raylik”, deyayotganday edi.

So‘nar Oydamir va Mahmat Eryigit bu ma'nodor so‘zlarni tinglarkan, miyig‘ida kulib qo‘yishdi.

Oysha xonim dedi:

–Ajabo, yemakkacha tashqarida aylanib kelsak bo‘lmasmikin?, — dedi.

Hamma birdaniga:

–To‘g‘ri, bir aylanib kelaylik!, — deyishdi.

Avtobusda birga kelgan yoshlar ularning yoniga kelib:

– Biz sizlarga yordamchi bo‘laylikmi? — deyishdi.

Hammasi birga tashqariga chiqdilar. Metro bekati mehmonxonaning o‘ng tarafida, bulvarning boshlanishida edi…

Gulnor O‘g‘uzning yonida, unga shahar haqida bilgi berib, odim otardi.

U yemak paytida ham O‘g‘uzning yonida o‘tirdi.

Yemakdan so‘ng soat 3 da uchrashishga kelishib, tarqaldilar.

Osmonda minglarcha qaldirg‘och uchardi. Sanchqiday quyruqlari bir-birining yonidan katta tezlikda uchsa ham bir-biriga hech tegmasdi. Birdan bu qushlar qop-qora bulutlar kabi Gulnorning ko‘ziga qarab ucha boshladi. Gulnor qo‘rquvdan sapchib turdi. U tush ko‘rayotgan edi.

Soatiga qaradi, tonggi olti edi. Takror yotog‘iga uzandi. Rashid Qorlig‘ashev ko‘z oldidan ketmasdi. Qora, chaqirtikanak ko‘zlari unga tikilib turaverardi.

– O‘rtoq Kunboeva, yana bir xato qildingiz, tashkilotimiz sizni kechirmaydi, – derdi u ko‘pincha.

Gulnor kecha kunlik raportini soat olti yarimda Qorlig‘ashevga topshirgandi. Qorlig‘ashev raportni o‘qib chiqib:

– Ciz bunga nega to‘sqinlik qilmadingiz, o‘rtoq Kunboeva? Bu O‘g‘uz Duman degan odamning yo‘ldan o‘tgan odamlar bilan gaplashishiga nega yo‘l qo‘ydingiz? Ayniqsa, bu odamlar mesxet turklari bo‘lsa?, — dedi.

Gulnor Kunboeva O‘g‘uzning ko‘chada uchratgan mesxetilarga “Siz turklarmisiz”, degan gapini ham o‘z raportiga yozgan edi. U o‘z o‘lkasiga xolis xizmat qilishini va vazifasini ikir-chikirlargacha to‘g‘ri bajarishini istardi. U mesxetilarni O‘g‘uzdan uzoqlashtirgan bo‘lsa-da, ularning bir-biri bilan gaplashgani ham Gulnorning aybi hisoblanayotgandi.

Garchi Gulnorning o‘zi barlos urug‘idan edi. Uning ajdodlarini ham “turk” deb atashganini bilardi. Lekin ular endi o‘zbeklar edi. O‘zbek vatani uchun o‘zbek bo‘lishlari kerak edi. Gulnorning ko‘zlari yana qoraydi, yana qaldirg‘ochlar to‘ldi ko‘zlariga. Agar yanglishib, raportda “o‘zbek vatani” deb yozsami, qo‘yavering, oqibati nima bo‘ladi!

O‘zbek vatani emas Sovet vatani bor edi, u shunday deyishi kerak edi…

Haqiqatan ham, Turkiyadan kelgan hay'atning hammasi panturkchilar edi. Ular o‘zbeklarni ham “o‘zbek turklari” deb atashardi. O‘zbekchani ham “o‘zbek turkchasi” deb atashardi. Gulnor o‘z raportida bularni yozgandi, faqat professor To‘raning panturkchi emasligini ham yozgan edi. Bu haqda Qarlig‘ashev shunday degandi:

– O‘rtoq Afandievni ogohlantirish kerak. Professor To‘ra bizga haqiqatan yaqinmi. Yoki o‘z qiyofasini yashirgan panturkistmi?

Gulnor turkiyaliklarning kokteylda rang-barang chiroyli ko‘ylaklar kiyib kelishganini ko‘rib biroz hayron bo‘ldi. Turkiya hukumati ularga mutlaqo bir maxfiy xizmat topshirgan bo‘lishi kerak edi. Bu chiroyli kiyimlari ham balki bu xizmatning bir bo‘lagidir, deya gumon qildi u. Amerika imperializmi siqib suvini olgan bu Turkiyada odamlar bunaqa hashamatli kiyinishi mumkin emasdi, uningcha. Bu namoyishkorona harakatning tagida albatta tashviqot bo‘lishi kerak edi. Bir necha kun avval Rashid Qorlig‘ashev aspirantlarni to‘plab, ularga vazifalarini tushuntirar ekan, shunday degan edi:

– Imperializm agentlari odatda qimmatbaho kiyimlar kiyishadi. Bu tamoman xalqimizning ko‘zini bo‘yashga mo‘ljallangan. Ular 100-120 kvadrat metrlik uylarda yashashlarini aytishlari mumkin, bunga ishonmanglar. O‘rtoq Qurolboev Turkiyaga bir necha marta borgan, u turklarning naqadar qoloq va qashshoqlik ichida yashayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan.

Qorlig‘ashov o‘shanda professor Qurolboevning raportidan bir parcha o‘qigandi.

Haqiqatan ham, O‘g‘uz Duman 100 kvadrat metrlik uyda yashashini Gulnorga aytgandi. Gulnor O‘g‘uzni gapirtirib uning josus ekanini isbotlashi lozim edi. Chunki o‘sha “suhbatda” Qorlig‘ashev Gulnorga qarab shunday degan edi:

– Ayniqsa, o‘rtoq Kunboeva, siz ehtiyot bo‘lishingiz kerak, hay'at ichiga 25 yoshli bir yigitchani kiritishlari tasodif emas. Uning maxsus topshiriq bilan bu guruhga kiritilganiga aminman. Shuning uchun bunga alohida e'tibor bering.

Lekin O‘g‘uz Duman u istaganidek uncha gapdon ham emas edi.

Gulnor soat sakkiz yarimda “O‘zbekiston” mehmonxonasida bo‘lishi kerak edi. O‘rnidan turib kiyindi, bir piyola suv ichdi va keyin yo‘lga tushdi.

Turk hay'ati mehmonxona restoranida nonushta qilayotgandi. O‘g‘uzning stolida Oysha Qilich va ikki ozariy olim o‘tirardi. Gulnor ozoriylarga ko‘z qiri bilan boqdi-da stulga o‘tirdi:

– Sizlarga yordamchi bo‘lolmadim, kechirasizlar, — dedi Gulnor.

Professor Qilich va O‘g‘uz unga tashakkur bildirdi va ozariylarning o‘zlari yordamchi bo‘lganlarini aytdi.

Gulnor ozariylarga:

– Endi bu vazifani men olaman, rahmat sizlarga, — dedi.

Ozariylar bu ma'nodor so‘zlardan keyin o‘rinlaridan turishdi. Ulardan keyin professor Oysha Qilich ham yuqori qavatdagi xonasiga chiqishini aytib, o‘rnidan turdi. Gulnor “mana endi O‘g‘uzni gapirtirish payti keldi”, deb o‘yladi.

– O‘g‘uzbey, Turkiyada “O‘g‘uz” ismi ko‘pmi?, — deya so‘z boshladi u, — eshitishimcha, Turkiyadagilar o‘zlarini O‘g‘uz urug‘idan deb bilisharmish, O‘g‘uz hoqon dostonini ham o‘z dostonlari deb hisoblarmish. Sovet ittifoqida O‘g‘uz hoqon to‘g‘risida akademik Shcherbakning bir yaxshi kitobi bor…

– Ha, Gulnorxonim, biz O‘g‘uz turklarimiz, ammo O‘g‘uzlar faqat Turkiyada emas, boshqa yerlarda ham bor. Bolqonlarda, Iroqda, Ozorbayjon va Turkmanistonda ham bor. O‘zbekiston va Qozog‘istonda ham o‘g‘uz, qorluq va qipchoqlar bir biri bilan aralashib ketgan, deb o‘ylayman. Mana, men ham o‘zbekcha gapirishga harakat qilayapman. Kecha mehmonxonada bir o‘zbek bilan suhbatlashganimda u menga “shevangiz Xorazm shevasiga o‘xsharkan”, degan edi. Balki Xorazm bo‘lgasida qorluqlarga qorishgan O‘g‘uzlar nisbati boshqa mintaqalarga qaraganda ko‘proqdir. O‘g‘uz hoqon dostoniga kelsak…

– Epos mavzusiga o‘tmasdan oldin bir narsani aytishim kerak sizga. O‘zbek nomi ham aslida qipchoqlar bilan bog‘liqdir. O‘zbek dialektlaridan ba'zilari qipchoqqa yaqin. Ammo aslida o‘zbeklar qorluq urug‘idan. 14-asrdan boshlab alohida etnos bo‘lib shakllangan. Bizda O‘g‘uzlar borligini hech eshitmaganman.

– Balki haqlisiz, Gulnorxonim. Faqat “o‘zbek” nomi qipchoq turklariga oid va siz yashayotgan bu tuproqlarda Temur xonadoni, undan oldin esa chig‘atoy ulusi yashagan, uning asosi qorluqlardir. “o‘zbek” nomi sizlarga qipchoqlarning shohobchasi bo‘lgan shayboniylardan o‘tgan bo‘lishi kerak. Shayboniylarning bu tuproqlarga kelgan yili noma'lum, sizlar qorluq va qipchoq urug‘larining birlashgan bir ko‘rinishisizlar, — dedi O‘g‘uz.

– Bu tuproqda yashagan qadim saklar, xorazmlilar, sartlarni ham unutmang, ular ham o‘zbeklarning tarkib topishida muhim rol o‘ynagan, — dedi Gulnor.

– Ehtimol. Endi dostonga kelsak. Agar Shcherbakning kitobi esingizda bo‘lsa, kitobda O‘g‘uz hoqon “men uyg‘urlarning hoqoniman”, deydi. Keyin qipchoq, qorluq va xalachlarning ham O‘g‘uz hoqon lashkariga mansub bo‘lganlari va ularning ismlarini O‘g‘uz hoqon bergani dostonda yozilgandir. Demak, bu dostonni faqat O‘g‘uzlarning dostoni deb atash noto‘g‘ridir.

Gulnor o‘sha Shcherbakning kitobini ko‘rgandi, ammo o‘qimagandi. “Uyga borib, bir varoqlayman”, deb o‘yladi.

– Sizning dokladingiz ham shu doston haqida shekilli, suhbatingiz juda chiroyli bo‘ldi. Dokladingizni mutloqo eshitaman. Hozir esa, Lenin maydoniga borishimiz kerak…

Boshqa mehmonlar ham tashqariga yo‘naldilar. Ular ichida Olmoniya, Mojoriston, Norvegiyadan ham turkolog olimlar bor edi. Ozariy, qozoq, qirg‘iz olimlar bir oz kechikib kelishgandi.

Lenin haykali qoshidagi marosimda O‘g‘uzni g‘alati xayollar bosdi. Ehtimol, uning domlalari ham shunday tuyg‘uni his etgandir. Lenin degan ism ular uchun nafrat timsoli edi. Xuddi “Moskva” nomi kabi. Endi esa bu haykalning qarshisida hurmat bilan qotib turishardi. Lekin bu rasmiy marosim edi. Sovet kishilari ham Turkiyaga kelsa, Otaturk haykali oldida hurmat bilan turishardi.

 Turkiyadan kelgan olimlar o‘zbek qardoshlarini ko‘rish uchun bu rasmiyatchilikni bajarishga majbur edilar.

O‘g‘uz, yosh olim Gulnorning xayoliga ham kelmagan narsalarni gapirgandi. O‘g‘uzlarning o‘zbeklarga qarindosh ekanini, hatto ular bir millatning ikki urug‘i ekanini tushuntirgandi. Bu fikrlarni tushuntirmoq uchun nain-ki, Lenin, Stalin haykali qarshisida ham “hurmat bilan” turish arzirlik edi.

O‘g‘uzning yuragida shubhaga o‘xshash bir his paydo bo‘ldi. Bu uning Gulnorga tushuntirgan fikrlarimi yoki Gulnorning yashil ko‘zlariga oidmi, anglay olmadi. Keyin bu his yo‘q bo‘ldi.

Siz turk yozuvchisi Axmad Beyjon Erjilasunning Gulnor romani audiokitobi ikkinchi qismini tingladingiz. Davomini Eltuz kanalining kelgusi yoyinida kuzating. 

Tag‘in o‘qing
24 april 2016
«O‘zbekiston ovozi» gazetasi o‘z muassisi bo‘lmish xalq demokratik partiyasi rahbari, partiyaning parlament quyi palatasidagi fraktsiyasi rahbari Hotamjon Ketmonovning intervyusini ...
27 october 2021
O‘zbekistonda kriminal «avtoritet» sifatida ko‘riladigan 71 yoshli “tadbirkor”  Salim Abduvaliev​ qozog‘istonlik jurnalist Nursait Jilqichiboyga o‘zining Toshkent va Bo‘stonliqdagi qarorgohida ...
28 october 2015
Ertalab bir qo‘shnimnikiga oshga chiqqandim. Bir katta jome-masjidining imom-xatibi xam kelibdi. 30-35 yoshlardagi yigit ekan. Juda chiroyli gaplarni gapirib ...
22 september 2015
Zayniddin Asqarov jasadi 2010 yilning 11 oktyabr kuni turmadan uyiga qaytarildi. Aytilishicha, SNB xodimlari mayitni tez dafn qilish va ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...