Asosiy mavzular
17 september 2025

«Gulnor» 4-qism, (Ochilish marosimi)

Axmad Beyjon Erjilosun

Akademiyadagi ochilish marosimi tantanali bo‘ldi. O‘zbekiston fanlar akademiyasi va til instituti prezidentlari bilan xorijiy o‘lkalardan bittadan vakil hay'at devoniga taklif qilindi.

Turkiyani professor Oysha Qilich xonim tamsil etdi. Ammo uning yonida O‘rxon Nodiy ham o‘tirardi. Turkiyadan bir emas, ikki olimning devonda o‘tirishi ayniqsa O‘g‘uzni g‘ururlantirdi. O‘rxon Nodiyning Turkiya nomidan nutqi haqiqatan ham yaxshi bo‘ldi. U Turk-sovet do‘stligini ham, o‘zbeklar bilan qardoshlikni ham buzmaydigan shaklda gapirdi. O‘rxon Nodiyning Moskvadan kelgan ikkita mehmonni tez-tez “suhbat”ga tortishi orqasida o‘sha munosabatlarni mustahkamlash istagi yotardi.

Professor Chanishev tatar turklaridan edi. Uzoq yillardan beri Moskvada yashar va o‘zbek, ozariy, qozoq turkshunoslari orasida katta obro‘si bor edi. Professor Malikov esa asli ozoriy edi, u ham Moskvada yashardi.

Turk hay'atidagi ba'zilar O‘rxon Nodiyning moskvaliklarga yaqinlashuvini shaxsiy e'tibor qozonish uchun qilingan harakat deb baholashdi. Ammo O‘g‘uz bunday deb o‘ylamasdi. O‘rxon domlaning “harakatlari” turk hay'ati foydasiga edi, shuning щzi yetarli edi.

Eryigit:

– Har kim qo‘lidan nima ish keladiyu, nima kelmasligini bilishi lozim. Masalan, men O‘rxon xo‘ja qurgan aloqalarni foydali deb bilaman. Bunday munosabatlar o‘rnatishda menda qobiliyat yo‘qligini ham bilaman. Demak, men qobiliyatli do‘stlarimga hasad qilmay, ularni qullab-quvvatlashim lozim, — dedi.

Eryigit domla, “qizim senga aytaman, kelinim sen eshit” qabilida gapirgandi bu gapni. Ammo “kelin” O‘rxon Nodiyga hasad qilganlarmi yoki O‘g‘uzgami shunisi qorong‘u edi? O‘g‘uz shular haqida o‘ylardi. Balki Eryigit domla O‘g‘uzga “qara, bu odamlar bo‘lari bo‘lgan, ularning fe'lini o‘zgartirish qiyin, sen esa yoshsan, ularga o‘xshab o‘z kasbdoshlaringga hasad qilma” demoqchi bo‘lgandir.

Oqshom yemagini yana mehmonxonada yeyishdi. Gulnor yana O‘g‘uzning yoniga kelib o‘tirdi. So‘nar Oydamir va O‘rxon Nodiy ham ular bilan birga o‘tirdilar.

Gulnor O‘rxon Nodiyga qarab:

–O‘rxon bey siz guruhning sekretarisiz, shundaymi?, — dedi.

O‘rxon Nodiy:

–Gulnor xonim, bizning delegatsiya rahbari professor Oysha Qilich xonim. Faqat, bilasiz, u yoshi anchaga borib qolgan. Mendan yordam istadi. Men ham sizlarning rahbaringizga “sekretar” ekanimni so‘ylagandim. “Sekretar” sizlarda juda muhim ekan, meni old planga chiqarib yuborishdi…

Gulnor uning so‘zlaridan qanoat hosil qildi shekilli, mavzuni o‘zgartirdi:

– So‘nar beyning ma'ruzasini diqqat bilan tingladim. O‘g‘uz urug‘larining Onado‘lida bu qadar ko‘pligini men bilmasdim. Yigirma to‘rtta O‘g‘uz aymog‘ining otlari yer ismlarida mavjud ekan…

So‘nar Oydamir o‘z ma'ruzasiga Gulnorning diqqat qaratganidan quvonib ketdi. Ma'ruzani uzundan-uzoq tushuntira boshladi. O‘rxon Nodiy bir necha marta suhbat mavzusini o‘zgartirishga urindi, bo‘lmadi, yemagini yeb, turib ketdi. O‘g‘uz Gulnor bilan ertalabki suhbatni davom ettirishni istagandi, ammo buning ham ilojini qilolmadi. Professor Oydamir O‘g‘uz urug‘larining tamg‘alari, sajjodalari, gilamlari har yerda mavjud ekani haqida tinmay so‘zlardi.

Gulnor bu gaplarni o‘z raportida qanday qilib tasvirlashni o‘ylardi. Bir jumla topdi: “Professor So‘nar Oydamir quyuq panturkchi, har yerda turklik va o‘g‘uzlikning izlarini topadi”.

Aslida, O‘g‘uz bilan yolg‘iz qolmagani uchun Gulnorning yuragi siqilayotgandi. Uni gapirtirishi kerak edi, chunki vazifasi shu edi. Ammo O‘g‘uz bu oqshom hech gapirmadi…

… 

Gulnor ertalab mehmonxonaga vaqtliroq kelib, foyeda O‘g‘uzni kutdi. Uni mutloqo gapirtirishi lozim. Nihoyat O‘g‘uz keldi, “kun oydin!”, deb salomlashdi. Yonida professor Somi Oshqin ham bor edi. O‘g‘uz uning yonida tortinmay suhbatlasha olardi. Uchovlon bir stol atrofiga o‘tirishdi.

Professor Oshqin:

– Bugun kechqurun bir yerga boramiz, shekilli?, — dedi.

– Ha, xo‘jam, programmaga ko‘ra bugun kokteyl bor, — deb javob berdi O‘g‘uz.

– Men ham kokteylni nazarda tutdim zotan, — dedi professor Oshqin.

Lekin Gulnor professorning kokteyldan boshqa narsani “nazarda tutganini“ gumon qildi.

Qorlig‘ashevning instruktsiyasiga ko‘ra, mehmonlar programmada ko‘rsatilmagan yerga ketmasliklari shart edi. Lekin bu taqiqlar mehmonlarga sezdirmay ijro etilishi kerak edi. Qiziq, mehmonlar yana qaerga borishga shaylanishmoqda? Kim bular bilan ko‘rishadi va qaerga taklif qiladi? Aftidan bu “taklif”ni O‘g‘uz bilmaydi. Professor Oshqinga “taklif” bildirilgan, ammo u ham ko‘p narsani bilmaydi.

Gulnor O‘g‘uzni gapga soldi:

– O‘g‘uz bey, kecha So‘narbeyning gapirgan gaplari meni juda qiziqtirdi. Siz ham o‘g‘uzlarning Onado‘lida shu qadar keng tarqaganiga ishonasizmi?

– Ha, Gulnor, professor So‘narning tadqiqotlariga ko‘ra 16-asr Usmonli tarix daftarlarida O‘g‘uz urug‘ining ismlari qishloq nomlarida ko‘rsatilgan. Har bir qishloqdan soliq olingan va ularning ismlari o‘sha vasiqalarda mavjud, bular muhim hujjatlardir. Professor Barken bu hujjatlar asosida Usmonli davlatining ekonomikasini tadqiq etgandi. Professor So‘nar esa bu tarixnoma qo‘lyozmalaridan ilk bor toponomik manba sifatida qo‘llandi va o‘g‘uz urug‘lariga mansub yerlarni ro‘yxat holida e'lon qildi.

Gulnor professor Oydamirning ham shunga o‘xshagan fikrlarni aytganini esladi, lekin O‘g‘uzning tushuntirish uslubi uning zehnini kengroq ochdi. O‘g‘uz gapirar ekan, mushohadasiga tashviqot tusi bermaslikka harakat qilardi, Gulnor buni his qilardi.

– Menimcha, o‘g‘uzlarning Onado‘lida mavjudligi ilmiy jihatdan isbotga muhtoj bo‘lmagan haqiqatdir, — deya so‘zida davom etdi O‘g‘uz, — meni qiziqtirgan narsa, Onado‘lida O‘g‘uz turklaridan boshqa ham turk urug‘lari borligidir. Siz Oysha Qilich xonim bilan tanishdingiz, u o‘z tadqiqotlarida qora dengiz sohillaridagi Vartin tumanida yashovchi qipchoq turklarining xususiyatlarini kashf qildi. Menimcha, Turkiyaning Arzrum, Kars, Ortvin, Riza kabi viloyatlarida ham qipchoq ta'siri bor. Professor To‘g‘on Ozarboyjon etnografiyasiga oid bir maqolasida Shimoliy va Janubiy Ozorbayjondagi qipchoq unsurlarini kashf qilgan.

Professor Somiy Oshqin so‘zga aralashdi va O‘g‘uzning so‘zlarini tasdiqladi.

“To‘g‘on” ismi Gulnorning diqqatini jalb kildi. Bu ismni qaerdadir eshitgan yoki o‘qigandi. Ha, “O‘zbekiston Kommunisti” gazetasining bir oy avvalgi bir sonida bu ismni uchratgandi. Turkiyaning taniqli panturkchilaridan biri edi. Ulug‘ oktyabr inqilobining ilk yillarida qizil armiyaga qarshi kurashgan kontrevolyutsioner edi. Turkiyaga qochib, xoinligini ko‘rsatgandi. Ulug‘ Vatan urushida esa olmon fashistlariga maslahat bergan dushman agent edi. Gulnorning gazetadan o‘qiganlaridan xotirasida qolgani shu edi.

–Professor To‘g‘on kim, ozarbayjonmi?, — deya O‘g‘uzga yuzlandi Gulnor.

– Yo‘q, Gulnorxonim, u boshqird. O‘lkasini tark etishga majbur bo‘lgan bir olim. Ulug‘ Oktyabr inqilobi davrida siyosat bilan ham shug‘ullandi, ammo u olim edi. Bilganini gapirishdan qo‘rqmaydigan olim. Lenin bilan fikri kelishmagani kabi, 1931 yilda Otaturk bilan ham kelisholmay qolgandi…

O‘g‘uz sal chegaradan oshganini his qildi va so‘zini shunday tugatdi:

– Men uni turk tarixining buyuk olimlaridan biri hisoblayman.

Gulnor “Otaturk bilan kelisholmadi” iborasiga xayolida belgi qo‘yib qo‘ydi. Bu ibora Gulnorga qo‘l kelishi mumkin edi. Bu ibora bilan O‘g‘uzni Turkiyada mushkul vaziyatga solish imkoni bor edi. Raportda buni yozishga qaror qildi…

Siz turk yozuvchisi Axmad Beyjon Erjilasunning Gulnor romani audiokitobi to‘rtinchi qismini tingladingiz. Uni Qudrat Bobojon o‘qidi. Davomini Yutubdagi Eltuz kanalining kelgusi yoyinida kuzating.  

Tag‘in o‘qing
23 february 2024
Shu kunlarda bahorga zorman, Shaffof, yorqin kuy tilar ko‘ngul. MS: O‘g‘lon qistonor, tut voxtinda pishar. Hali qollivoch qonotindo qoy gatiradi, Bir suri ...
15 august 2019
«Zangiotaga voronokda olib ketyapti. Mashinadagi hammasi yosh yigitlar, faqat men 60 yoshdaman. Yoshlar tinmay chekishyapti, nafas olishga havo yetishmaydi. ...
31 march 2025
O‘ztransgaz AJ tizimidagi Magistral gaz quvurlari boshqarmalarida har yili berilib kelingan bayram puli negadir 2025 yilda kimningdir tashabbusi ila ...
21 october 2015
Eltuz O‘zbekistonning jasur inson huquqlari himoyachilari Malohat Eshonqulova va Yelena Urlaevalarning monitoring reydlari davomida olgan eksklyuziv fotosuratlar va audio ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...