Asosiy mavzular
18 september 2025

Adolatni bo‘g‘gan hukm: Dildora Hakimova ishi

“Uzbek Forum” va Human Rights Watch tashkilotlarining sentyabr oyida chiqargan qo‘shma bayonotida O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyati faoli Dildora Hakimovaga nisbatan qo‘llanilgan adolatsiz hukm va insoniylikka zid munosabatlar atroflicha yoritib berildi.

Bugungi ushbu hujjatlar asosida, Hakimova ishining huquqiy va gumanitar jihatlarini tahlil qilamiz. Huquq faollariga ko‘ra ushbu holat O‘zbekistonda so‘z erkinligi va fuqarolik jamiyatiga qarshi tizimli bosimning yaqqol namunasidir. 

Qashqadaryolik 41 yashar o‘qituvchi va bloger Dildora Hakimova uzoq yillar davomida ijtimoiy tarmoqlarda ta'lim tizimidagi korruptsiyani keskin tanqid qilib kelgan. U fuqarolarning huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik vakili sifatida sudlarda qatnashib, adolat uchun kurashgan. 2024 yilning fevralida Hakimova va yana olti kishi “tovlamachilik”da ayblanib hibsga olindi. 18 iyul kuni Qashqadaryo sudi ularga nisbatan hukm chiqarib, Hakimovani olti yilu bir oyga ozodlikdan mahrum qildi.   

Hakimovaga qarshi asosiy ayblov uning ilgari tanqid qilgan va ishdan bo‘shatilgan sobiq maktab direktori ko‘rsatmasiga tayanadi. Human Rights Watch tahliliga ko‘ra, sud hukmida jiddiy huquqiy ziddiyat mavjud. Hukmda ayblanuvchilar Jinoyat kodeksining 165-moddasiga asosan “bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib tovlamachilik”da aybdor deb topilgan bo‘lsa-da, sudya ularning “bir jinoiy guruh a'zosi sifatida harakat qilmaganini” alohida qayd etgan. Bunday ziddiyatli qaror sud jarayonining siyosiy motivlarga asoslanganligi va mustaqil sudlov tamoyillarining buzilganligini ko‘rsatadi. Ayni vaqtda,  jamoatchilik faollariga ko‘ra, Hakimova ustidan hukm O‘zbekistonda faollar va jurnalistlarga nisbatan tuhmat, firibgarlik kabi asossiz jinoiy ayblovlarni qo‘yish tendentsiyasining bir qismidir.   

Dildora Hakimova ishi faqat huquqiy jihatdan, balki insoniylik mezonlari bo‘yicha ham jiddiy xavotirlarni keltirib chiqaradi.

Birinchidan Dildora Hakimova yetti yildan buyon ko‘krak bezi saratoni bilan kurashib keladi. Tug‘ruqdan so‘ng uning sog‘lig‘i keskin yomonlashgan va shifokori unga zudlik bilan onkologiya shifoxonasida davolanishni tavsiya qilgan. Chunki, u saqlanayotgan jazoni ijro etish muassasasi zarur ixtisoslashgan yordamni ko‘rsata olmaydi. Zaruriy tibbiy yordamni rad etish esa “Nelson Mandela qoidalari” va “Bangkok qoidalari”ga zid bo‘lib, bu jinoyat “shafqatsizlik” sifatida baholanadi.  

«Uzbek Forum» xabariga ko‘ra, 2024 yil sentyabrda tug‘ruq paytida Dildoraning bir qo‘li krovatga kishanlab qo‘yilgan. Bu holat “Bangkok qoidalari”ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ziddir, chunki unda “ayollarga tug‘ruq paytida va tug‘ishdan so‘ng darhol hibsga olish vositalarini qo‘llash mutlaqo taqiqlanadi”. 

Jazoni ijro etish muassasasi ma'muriyatining o‘zi yangi tug‘ilgan chaqaloqqa yetarli sharoit yaratib bera olmasligini yozma ravishda tasdiqlagan. Bu 2022 yilgi «Ona va bolalikni himoya qilish to‘g‘risida»gi prezident farmoniga ziddir. Bundan tashqari, bu chaqaloqning manfaatlariga javob bermaydi va “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konventsiya”ning asosiy tamoyillarini buzadi. Dildora saqlanayotgan muassasa uning oilasidan sakkiz soatlik yo‘l uzoqlikda joylashgan, unga uch oyda atigi ikki kunlik oilaviy uchrashuv va oyiga bir marta 10 daqiqalik telefonda gaplashish huquqi berilgan.   

Xulosa o‘rnida ta'kidlash kerakki Dildora Hakimova ishi, so‘z erkinligini bostirish va huquqni himoya qiluvchi faollarni jazolash uchun jinoiy-huquqiy tizimning qanday ishlatilayotganligini ko‘rsatmoqda. Hukmning qonuniy asoslardagi ziddiyatli jihatlari, ayollarga va onalarga nisbatan g‘ayriinsoniy munosabatlar O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga ochiqdan-ochiq ziddir. Mamlakat ichida mustaqil ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati tashkilotlariga qarshi bosimning kuchayishi tufayli, xorijda joylashgan Eltuz nashri, «Uzbek Forum» va Human Rights Watch kabi tashkilotlar yagona ishonchli manba bo‘lib qolmoqda. Ushbu tashkilotlarning aniq talablari shunday: Dildora Hakimovani zudlik bilan ozod qilish, uning hukmini bekor qilish va O‘zbekiston hukumatini xalqaro inson huquqlari standartlariga rioya qilishga chaqirish. 

Dildoraning ishi — bu nafaqat bir faolning taqdiri, balki butun mamlakatdagi adolat va insoniylikning holatini aks ettiruvchi ko‘zgudir. Eltuz O‘zbekistonda qamoqlarda qolayotgan huquq faollari taqdiriga oid xolatlarni yoritishda davom etadi.  

Tag‘in o‘qing
28 june 2016
Bu haqda bayonot tarqatgan «Ezgulik» jamiyatining bildirishicha, jazo muddati uzaytirilgan G‘anixon Mamatxonov hozirda huquq faoli Kattaqo‘rg‘ondagi 7-sonli tergov izolyatorida ...
20 june 2019
Respublika bosh prokurori Otabek Bahriddinovich Murodovning vazifasidan ozod etilgani va uning o‘rniga O‘zbekiston Senati raisi bo‘lib kelgan Nig‘matilla Yo‘ldoshev ...
19 june 2024
Eltuz Portaliga kelgan navbatdagi beshta maktub O‘zbekistonning Marg‘ilon, Buxoro, Kashqadaryo, Andijon, Xorazm viloyatlaridan kelgan. Dastlabki maktubni poezd chiptasi narxi ...
3 october 2023
Narpay tumani turg‘uni 7 sinf o‘quvchisi, Nurmuhammadov Umidjonni mahalla  raisi ayovsiz kaltaklab tashlaganini aytib, yordam so‘rab Eltuzga murojaat qildi. “Samarqand ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...