O‘zbekistonning milliardlab dollarlik daromadi qaerga sovurilmoqda?
So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotiga xorijiy valyutaning ulkan oqimi kirib kelyapti. 2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyi davomida migrantlarning pul o‘tkazmalari, oltin eksporti va tashqi qarzlar hisobiga mamlakatga o‘nlab milliard dollar kirib kelgan. Daromad ortmoqda, lekin byudjet taqchil – yangidan yangi qarzlar olyapmiz. Iqtisodiy va ijtimoiy muammolar ham o‘sha-o‘sha. Ko‘paygan pul nega biror dardimizga davo bo‘lmayapti?
Markaziy bank va Milliy statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekistonga xorijiy valyuta quyidagi uch asosiy kanal orqali kirib kelgan:
1. Pul O‘tkazmalari: fuqarolar tomonidan xorijdan O‘zbekistonga 13,9 milliard dollar miqdorida pul o‘tkazilgan. Bu, asosan, mehnat migrantlarining oilalariga yuborgan mablag‘laridir. Bu ko‘rsatkichning yuqoriligi mamlakat iqtisodiyotida mehnat migrantlarining hissasi naqadar katta ekanligini yana bir bor isbotlaydi.
2. Oltin eksporti: so‘nggi to‘qqiz oy davomida O‘zbekiston qariyb rekord darajadagi, ya'ni 9,9 milliard dollarlik oltin eksport qilgan. Dunyo bozoridagi oltin narxi ko‘tarildi va mamlakatning oltin zaxiralari bu daromadning asosiy manbai bo‘lib xizmat qildi.
3. Tashqi qarzlar: Bu ulkan daromadlar fonida, O‘zbekiston noto‘liq 2025 yil davomida yana 8,1 milliard dollar tashqi qarz ham olgan.
Ushbu uch manbadan kelib tushgan umumiy mablag‘ hajmi 31,9 milliard dollarni tashkil etadi. Bu, nafaqat O‘zbekiston, balki o‘rtacha Yevropa mamlakatlari uchun ham juda katta miqdordagi daromad hisoblanadi.
Mamlakatga kirib kelgan ulkan mablag‘lar oqimi bir qancha nomutanosib vaziyatlar bilan ziddiyatga kirdi:
31,9 milliard dollarlik valyuta oqimi va 8,1 milliard dollarlik yangi qarzlarga qaramay, O‘zbekiston byudjetining taqchilligi YaIMning 4 foizi darajasida saqlanib qolmoqda. Bu, daromadlarning bir qismi yashirilayotgani yoki samarasiz sarflanayotganini, yoki kutilganidan ancha yuqori xarajatlar mavjudligini ko‘rsatadi. Nazariy jihatdan, bunday ulkan daromadlar byudjet taqchilligini nolga tushirishga yoki hatto profitsitga erishishga imkon berishi kerak edi.
Mamlakatga buncha katta mablag‘lar kirib kelishiga qaramay, ayrim hududlarda aholi hali ham isitish uchun ko‘mir, o‘tin, tezakdan foydalanmoqda. Gaz, elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlar, ijtimoiy va infratuzilma muammolarining saqlanib qolishi, bu milliardlab dollar mablag‘ning iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlarini rivojlantirishga yo‘naltirilmayotganidan dalolat beradi.
Bunday yuqori daromadlar sharoitida ham qo‘shimcha 8,1 milliard dollar qarz olish qarori umuman tushunarsiz. Agar daromadlar hajmi xarajatlarni qoplashga yetarli bo‘lsa, yangi qarz olish zarurati qaerdan paydo bo‘lmoqda?
Savollarni yanayam aniqlashtirsak:
Mamlakatga kirib kelgan salkam 40 milliard dollar va undan ham ko‘proq mablag‘larning qancha qismi investitsiya, import yoki boshqa kanallar orqali mamlakatdan chiqib ketgan? Bunday ma'lumot ommaga ochiq taqdim etilmaydi.
Ulkan mablag‘larning katta qismi qaerga yo‘naltirilmoqda? Nega hech bo‘lmasa bittagina tumanning yo‘l-ko‘chasini oynadek tekislab qo‘yyolmaymiz? Yuneskoni kutib olyapmiz deb ko‘krak keramiz. Yo‘llar rasvo, bittagina tezyurar poezd bo‘zchining mokkisidek tinimsiz ishlayapti. Yuneskoga mezbonlik qilayotgan Samarqandda jamoat hojatxonalari tartiblanmagan.
Hech bo‘lmasa O‘zbekiston iqtisodiyotiga pul o‘tkazmalari, oltin eksporti va tashqi qarzlar orqali katta miqdordagi valyuta oqimi kirib kelayotgani shubhasiz. Biroq, bu ulkan moliyaviy resurslarga qaramay, byudjet taqchilligining saqlanib qolishi, qo‘shimcha qarzlarning olinishi va aholining turmush darajasidagi asosiy muammolarning mavjudligi mablag‘lardan foydalanish samaradorligi va shaffofligi borasida jiddiy xavotirlarni tug‘diradi.
Mamlakat iqtisodiy siyosatining asosiy maqsadi bu daromadlarni aholi farovonligini oshirishga va iqtisodiy rivojlanishga xizmat qiladigan samarali va shaffof tizimni yaratish bo‘lishi kerak. Jamoatchilik esa, bu «milliardlar qaerda» degan savolga aniq va asosli javob olish huquqiga ega.
