Vodiyda o‘lish taqiqlangan – 3 qism
SOVYeT RYeJIMIGA ILK ShAPALOQ
1989 yil 7 yanvar kuni «Sovet O‘zbekistoni«, «Pravda Vostoka» va «Tashkentskaya pravda» gazetalari kaminaning Krujilin va Xisamovlarga javobimni chop etishdi.
To‘g‘rirog‘i, chop etishga majbur bo‘ldilar.
Bu voqea tashqaridan kichik ko‘rinsa-da, bizning milliy harakatimiz uchun siyosatda tashlangan jiddiy odim edi.
Quyida o‘sha maqola:
«Rost qayda? Yolg‘on qayda?
Odamning nomini qora qilish – u dehqonmi, muhandismi, yozuvchimi, farqi yo‘q – oson ish bo‘lib qoldi. Yaqindagina yozuvchi Sarvar Azimov, olim Erkin Yusupov, shifokor Gavhar Hojiboeva kabi ziyolilar va qator qishloq xo‘jaligi sohasida ishlaydigan odamlarning sha'niga tuhmatlar uyushtirilgan edi. Bugun ularning ko‘pchiligi “oqlandi”, ammo tuhmat qilish odati hamon davom etayapti. Qayta qurish haqorat plyuralizmi emas, fikrlar plyuralizmi edi-ku, qayta qurish tuhmat emas, haqiqat oshkoraligi emasmi?
“Haqiqatgo‘y Muhammadning ikki xil so‘zi” (“Sovet O‘zbekistoni”, 15 dekabr. 1988 yil soni) maqolasini yozganlar uchun bu qoida to‘g‘ri kelmabdi.

Lekin bu maqolaga ular “Gebbelsning retsepti bo‘yicha bir chimdim haqiqat” sepib qo‘yishni unutmabdilar.
Ha, to‘g‘ri, Muhammad Solih haqiqatan ham “Nyu-York Tayms” gazetasiga intervyu bergan. Uning gazeta muxbiriga aytgan jumlasi so‘zma-so‘z keltirilganda shunday: “Stalincha “paxta mustaqilligi” kontseptsiyasi bizning xalqimizni paxtaga zanjirband qilib qo‘ydi”. U bu fikrdan hozir ham voz kechmaydi. U buni faqat “chet el uchun” emas, aytish imkoni bo‘lgan hamma joyda aytgan.
O‘zbeklarning sakson foizi, tasavur qiling, sakson foizi qishloqlarda yashaydi va o‘sha “oq oltin”ga xizmat qiladi. M.Solih o‘sha xalqni nazarda tutib gapirgan edi.
Krujilin-Xisomov junbushga kelib, M.Solihni “turkmanlar, ruslar, ukrainlar, yahudiylar, beloruslar”ning dushmani deyishgacha boradi. Vaholanki, “XIX-partiya konferentsiyasiga taklif”larga juda ko‘p odam imzo chekkan va M.Solih o‘shalarning biri edi. Bu takliflarda Orol, suvni iqtisod qilish va Qoraqum kanali haqida mulohazalar aytilgandi. Nahotki, Krujilin-Xisomov xuddi o‘sha paxta qiyinchiliklarini boshidan kechirayotgan turkman birodarlarimiz uchun Orol taqdiri bir pul, deb o‘ylasa?
Nahotki, bu muxbirchalar Bo‘stonliq va chetdan asossiz ishchi kuchi olib kelish siyosati faqat o‘zbeklarni tashvishlantiradi, deb fikrlasa? Nahotki, bu muammolar O‘zbekistonda tug‘ilib, uni vatan atagan boshqa millat vakillari uchun begona bo‘lsa?
O‘zbekning baynalmilalligi shiorlar bilan emas, balki, bu xalqning hayoti bilan, kerak bo‘lsa, qoni bilan isbot qilingan. Misol keltirib o‘tirmaymiz. Birga kechgan hayotimizda misollar ko‘p. Lekin, o‘zbek xalqi o‘z baynalmilalligini hech qachon ro‘kach qilgan emas. Zero, bu xususiyat u yoki bu darajada har qanday xalqqa xosdir. Ammo, o‘zbek faqat o‘zbekligi, rus esa, rusligi bilan faxrlanishi kulgilidir. Milliy qadr-qimmat bor, bunga teginishga hech kimning haqqi yo‘q.
Shuni unutmaslik kerakki, millatchilik osmondan tushmaydi. U doim shovinizmga qarshi himoya sifatida paydo bo‘ladi.Bu Inqilob dohiysining fikri. Biz undan, manfaatimizga to‘g‘ri kelsa, ko‘chirma olamiz, to‘g‘ri kelmasa, chetlab o‘tamiz.
Krujilin-Xisomov: “Amerikada juda oz odamlar Salay Madaminovning borligini biladi”, deb yozadi.
Anglash qiyin, buning mavzuga nima aloqasi bor?
Qolaversa, Amerikada nafaqat S.Madaminov, hatto butun O‘zbekistonni (siz bilan qo‘shib!) ham bilmaydigan odamlar son mingta. Lekin Samarqand, Buxoro, Xiva kabi ulug‘ shaharlarimizni Amerikada ham bilishadi. Faqat bu shaharlar shuhrati siz bilan bizning emas, o‘rtoq Krujilin-Xisomov, bu shuhrat – ajdodlarimizning xizmati. Modomiki, bizni “u yoqda bilmas ekan”, bu ahvol hamma xalqlarga bitta “ko‘ylak” kiydirgan, ya'ni madaniyat va fikrning o‘ziga xos belgisi yo‘q, mavhum ko‘ylak kiydirmoqchi bo‘lgan stalincha milliy siyosat oqibatidir.
Bunga quvonish shakkoklik emasmi?
Krujilin-Xisomov “paxta mustaqilligi doim bo‘ladi, u mamlakatning omon qolishi (nimadan? – M.S.) omilidir va uning monokulturaga hech qanday aloqasi yo‘q”, deb yozadilar.
Lekin shu zahoti monokulturaning mavjudligini tan olishadi. Tan olibgina qolmay, o‘z kabinetlarida o‘tirib, buyruq beradilar: “Har qanday yo‘l bilan hosilni oshir, ekin maydonlarini (qo‘lingdan kelsa! – M.S.) qisqartir – ana shunda monokultura bo‘lmaydi!”
Mantiq va mantiqsizlikning ajoyib ko‘rinishi bu.
Monokultura nima ekanini bilasizlarmi o‘zi?

1929 yili bizni paxta bilan ta'minlaydigan AQSh uchun iqtisodiy bo‘hron yili bo‘ldi. Shu va boshqa siyosiy sabablar bilan Amerika savdo siyosatini o‘zgartirdi. Bizga paxta bermay qo‘ydi.
Stalin xuddi shu yili O‘zbekistonda bu qimmatbaho ashyo, paxta ishlab chiqarishni ko‘paytirishni buyurdi. Paxta ekiladigan maydonni 800 ming gektarga yetkazishdi.
1930 yilda birinchi marta ziyolilar ham paxta terimiga jalb qilindi. Ammo 1934 yilgacha paxta plani to‘lmadi. Buning sababini bilmoq uchun VKP(b) komissiya yubordi. Komissiya aniqlasa, dehqonlar och ekan. Ular o‘z paxtasini nihoyatda arzonga, to‘rt tonna “oq oltinni” bir tonna bug‘doyga ayirboshlashga majbur ekan.
Stalinning “rahmi” kelib, dehqonlarni to‘yg‘azing, ana shunda paxta ham bo‘ladi, deb buyruq beribdi.

Haqiqatan ham, “millatlar otasi”ning bu fikri o‘z mevasini berdi. 1936 yilda O‘zbekiston “ona vatan”ga 1 million tonna “oq oltin” “armug‘on etdi”.
Shundan beri biz o‘sha Stalin bergan nonga «shukrona» aytib yashayapmiz.
Shundan buyon biz uchun shaxsga sig‘inish paxtaga sig‘inish ramziga aylandi.
Hatto shaxsga sajda qilishdan to‘xtasak ham, paxtaga sajda qilishdan to‘xtamadik.
Nafaqat dehqonlar, balki ishchilar, ziyolilarimiz ham bu o‘simlikka sig‘inish ruhida tarbiyalandilar. Paxta dastidan bog‘lar, yaylovlar, to‘qaylar barbod etildi, qishloqlar yo‘qotildi, odamlar jabrlandilar. Mana sizga, monokultura haqida bor-yo‘q “ertak”!..
Muxbirlar “M.Solih sovet milliy siyosatini Genrix Gimmlerning bosib olingan yerlarda o‘tkazgan siyosati bilan tenglashtirdi”, deb yozadilar.
Ha, M.Solih chindan ham “ilmiy institutlarning birida nutq qilgan» edi.
Faqat, u “sovet milliy siyosati” emas, demografiya xususida gapirgan edi.
Bu ikki xil narsa.
M.Solih o‘z nutqi nihoyasida mojor yozuvchisi Dyula Fakete maqolasidan shunday parcha keltirdi: “Bu territoriyada (Rossiyaning nemislar bosib olgan hududida – M.S) biz aholi sonini qisqartirish yo‘lidan borishimiz kerak. Targ‘ibot yordami bilan, birinchi navbatda, varaqa va broshyuralar yordamida aholi ongiga muntazam ravishda ko‘p bola tug‘ish yomonligini singdirmoq lozim. Targ‘ibot qilar ekan, bola tarbiyasi juda katta moddiy xarajatni talab qilishini, bu isrof bo‘lgan pulga qanchadanqancha narsalar olish mumkinligini va ayollar ko‘p tug‘sa, sog‘ligiga zarar ekanligini tinmay aytish kerak” (“Inostrannaya literatura” №5, 1988. 190- bet).
Fakete bu so‘zlarni Gimmlerning nutqidan olgan.

M.Solih ko‘chirmani keltirib bo‘lgach, bir og‘iz ham izoh bermadi!..
Demografiya masalasiga kelsak, M.Solih bu mavzuda faqat bir joyda chiqish qilmagan. Va har bir chiqishda “yoshlarga mo‘ljallab” emas, balki, aynan Krujilin va Xisomov qabilidagi odamlarga mo‘ljallab gapirgan: odamlarning hayoti, psixologiyasi va an'analarini bilmay turib, targ‘ibot yuritish milliy tuyg‘ularni haqoratga olib kelishini va bu har xil fitnalarga yo‘l ochib berishini tushuntirmoq istagan.
Gimmlerni eslatgani ham, o‘sha fitnaning oldini olish uchun, demakki, baynalmilalchilikka xizmat qilish uchun (aksincha emas) edi, afsuski. U kechikkanga o‘xshaydi. Krujilin-Xisomov aytganlariday, bu jabhada juda ko‘p “qovun tushirildi” va “tushirilmoqda”.
Baynalmilalchilik degani bir tomon buyruq berib, ikkinchi tomon jim turishi kerak, ya'ni “Pravda Vostoka” chop etib, boshqa gazetalar undan ko‘chirib bosishi kerak, degan ma'noni bildirmaydi, albatta.
Baynalmilalchilik har jabhada teng huquqli ikki tomonning suhbatidir, bir-birini anglash, boringki, hamdardlikdir.
Afsuski, baynalmilalchilik ba'zi odamlar tomonidan boshqacha tushunilayapti. Deylik, o‘tgan yili baynalmilalchilardan biri ToshMI talabalari va o‘qituvchilari sonini boshqa millat vakillari hisobiga ko‘paytirishga chorladi. Bu odamlar baynalmilalchilikdan hayot ne'matlarini teng taqsimlash uchungina foydalanishadi. Mabodo, paxtakor “Paxtani o‘zbekdan boshqa termayapti, bu mehnatni Siz va bolalaringiz biz bilan teng baham ko‘rsin”, deb qolsa, nima derdingiz?
Buni “millatchilik” deb atardingiz!
M.Solihni “juft standartlik”da ayblab, Krujilin-Xisomov shunday yozadilar: “Solih bilan matbuotda bahslashishga jur'at etgan LKSM Markazqo‘mining bir xodimiga (maqolasi chiqqanidan so‘ng – M.S.) do‘q-po‘pisalarga to‘la qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi, yumaloq xatlar yozildi”.
Lekin Krujilin-Xisomovning maqolasi chiqqan kuniyoq o‘sha LKSM xodimi Solihga qo‘ng‘iroq qilib, unday gapni men hech kimga aytganim yo‘q, dedi.
Krujilin-Xisomov “paxtani qayta ishlashning ekologik zarari”ni izohlay turib, “XIX-partkonferentsiyaga takliflar”da aytilgan asosiy fikr – o‘zbek ishchilar sinfi yo‘qligi haqida lom-mim demaydilar. Axir, ular paxta xom-ashyosining 92 foizini tashqariga jo‘natayotganimizni va toki, tayyor mahsulot markaziy rayonlarda ishlab chiqarilar ekan, bizning bu turmush darajamiz past bo‘lajagini tushunmasligi mumkin emas-ku.
Bu yangi gap emas.
“Partiya X-s'ezdi rezolyutsiyalari”da shunday deb yozilgan edi: “Tengsizlik mohiyati… Rossiyaning mustamlakasi yoki yarim mustamlakasi bo‘lmish o‘lkalar (ayniqsa, Turkiston) har xil xomashyo yetkazib turuvchi rolida majburan ushlab kelinardi va xomashyo markazda qayta ishlanardi. Bu holat ularning doimiy qoloqligiga sabab bo‘lib, sanoat proletariatning paydo bo‘lishiga … yo‘l qo‘ymasdi”…
Krujilin-Xisomov Muhammad Solihni printsipsizlikda ayblashdi.
M.Solih “printsip”ni mansabga almashtirgani yo‘q, aks holda u haqda “Haqiqatgo‘y Muhammadning ikki xil so‘zi” kabi “sensatsion” maqola chiqmagan bo‘lardi.

Bu maqolada tilga olingan Solihning ukasi Maqsud Bekjon 1979 yilda Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi bilan Moskvadagi M.Gorkiy nomidagi adabiyot institutiga kirib, uni tugatgan. Solih, bor mansabni ishga solib ham, uni yozuvchilikki a'zo qila olmas edi. Chunki, Yozuvchilar uyushmasiga a'zo bo‘ladigan odam oldida “janr bo‘yicha sovet”, “yashirin ovoz komissiyasi”, “sekretariat” kabi bir qancha to‘siqlar turardi. Bu to‘siqlar aro qarindoshini olib o‘tish Solihga o‘z vijdonini tahqirlash bo‘lardi.
Keyin, Maqsud Bekjon “dacha” olgan emas, bog‘dorchilik shirkatidan yer olgan. Bunga har kimning huquqi bor. Buning ustiga akasi ishga kelmasdan oldin berilgan yer.
Ehtimol, Yozuvchilar uyushmasi kotibining ukalari bo‘lmasligi, bo‘lsa ham, ular she'r yozmasligi kerakligini bilsa, Solih ukasining uyushmaga olinishiga qarshi turgan bo‘lardi.
Bu ham mayli, Solih ishga kelgandan keyin “ukasi kvartira olish navbatida oldingi qatorga o‘tib olibdi”.
Aslida, ukasi kvartira navbatida emas, uyga muhtojlar ro‘yxatiga kirgan. Va o‘sha ro‘yxatda hali ham turibdi.
M.Solih Yozuvchilar uyushmasining kotibi bo‘laturib, o‘z tuprog‘ida, begona uylarda qisinib yashayotgan boshqa shoir va yozuvchi yoru birodarlariga yaxshilik qilolmadi. Agar ayblash kerak bo‘lsa, uni mana shunda ayblash mumkin edi.

“Yiqilganni tepma” she'rining tahlili ham avvalgi tahlillar kabi shu qadar mayda va bachkana. Lekin she'rdan chiqarilgan xulosa bizni jiddiy fikr yuritishga majbur qildi. Mana, she'rning o‘zi:
Yiqilganni tepma.
Har holda marhum…
To‘g‘ri, u yiqildi, lekin, har holda,
Senu menga o‘xshab yiqilmadi-ku,
O‘lmadi-ku baliq qiltanog‘idan.
O‘lmadi u baliq qiltanog‘idan,
Uning tomog‘iga tug‘ tiqilgan, bil.
Yiqilsa ham, uning lang oyog‘iga
Bayroqlar o‘ralib yiqilgandir ul.
1985
Bu she'r o‘rta asrlarda yashab o‘tgan hukmdor (Amur Temur) haqida. She'rda aytilgan fikr shunday: Bu hukmdor g‘alabalardan “tiqilib o‘ldi”, oyoqlari ostiga tashlangan – taslim bo‘lgan xalqlarning tug‘lariga o‘ralashib yiqildi. Bu fikrni zukko rus she'rxoni, tarjima har qancha qisqartirilsa ham, anglab oladi.
Bu she'rga xos bo‘lgan muhim istioralar (oyoqlar ostiga tashlangan bayroqlar va tug‘lar) tarjimada ham saqlangan. Biroq Krujilin-Xisomov yoki ataylab, yoki badiiy jaholati tufayli bu she'rni Rashidovga tarafbozlik deb tushunganlar.
Bu she'rni ruschadan o‘zbekchaga tarjima qilgan O‘zTAG xodimlari shu qadar buzganlarki, bunga aql bovar qilmaydi. Ularga shuni bildirib qo‘yish kerakki, bu maqola emas, she'r. (She'r 1986 yil “Olis tabassum soyasi” kitobida chop etilgan). Agar sizda muallifga hurmat bo‘lmasa, loaqal, ona tilimizni haqorat qilmang.
Krujilin-Xisomovning aytishlaricha, Yozuvchilar kotibi o‘z mansabini suiste'mol qilib, Frantsiyaga taklifnoma olgan.
Taklif Muhammad Solihga 1988 yilning aprel oyida qilingan edi va M.Solih u vaqtda o‘z amalini suiste'mol eta olmasdi – u vaqtda hech qaerda ishlamas edi, uning she'rlari tarjimaga rejalashtirilgan, Frantsiyaga shoir sifatida taklif qilingan edi.
Siz O‘zTAG guvohnomasiga ega bo‘la turib va gazeta muharrirlarining pinjiga kirib, odamlarni haqorat qilib, nomlari bilan o‘ynashayapsiz.
Lekin sizga “o‘sha Ollohni”, “o‘sha mullalarni” va “o‘shanday zaminni” haqorat qilishga kim huquq berdi?
Qaysi o‘zbekning ikkinchi bir din, ruhoniylar va yer haqida shunaqa ohangda gapirganini eshitgansiz?!
Krujilin va Xisomov O‘zbekistonni afg‘on tuprog‘i bilan qiyoslaydi va bizni shu hayotga shukr etishga chorlaydi. Lekin ular Buxorodan kelayotgan gaz quvurlari gaz nima bilmaydigan o‘zbek dehqonlarining hilvirab turgan kulbalari qoshidan o‘tishini nahotki bilmasa?
Bizga nima kerakligini, nima kerakmasligini sizlar belgilab berasizlarmi?
Ha, bizga “boqim” bo‘lmasligimiz uchun tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan korxonalar zarur.
Bizga mahalliy aholi vakillaridan oliy malakali mutaxassislar kerak.
Bizga zavod tutuni emas, sof havo kerak.
Bizga monokultura emas, balki, yashil o‘tloqlar, yaylovlar, bog‘u rog‘lar kerak.
Bizga mayib-majruhlar emas, sog‘lom ayollar va bolalar kerak.
Bizni voyaga yetkazgan va bizdan haqli ravishda himoya kutayotgan o‘z yerimiz, vatanimiz kerak!».
(Bu maqola “Pravda Vostoka”, “Sovet O‘zbekistoni” va «Tashkentskaya pravda» gazetalarining 1989 yil 7 yanvar sonida chop etilgan).

Bu maqolaning bosilishi esa Sovet Rejimining bo‘lgamizda bir qadam orqaga chekinganini ko‘rsatdi.
Rejim o‘z nashr organlarida tarixi bo‘yicha ilk da'fa o‘z dushmanining, bir antikommunistning maqolasini bosishga majbur etilgandi.
Bunday voqealarni faqat «Qayta Qurish va Oshkoralik» siyosatiga bog‘lab ko‘rsatmaslik kerak. Bu kontekstda «Mustaqilligimizni Gorbachev berdi» deyish o‘z xalqimizga katta hurmatsizlikdir.
Gorbachev va boshqa ruslar o‘z «Perestroyka«sini Sovet Imperiyasini yiqish uchun emas, uni kuchaytirish uchun boshladilar. Eskirib, to‘zgan davlat mashinasini yangilab, mustamlakalarini yanada mustahkamlash uchun boshladilar bu islohotni.
Bu islohot Sovet imperiyasidagi xalqlar tarafidan dastaklanishi uchun Oshkoralik siyosatini boshlatdi Gorbachev. Agar bu Oshkoralikning o‘z boshiga balo bo‘lishini bilganda bunday «islohot»ni aslo boshlatmas edi.
Sovet davlatida yashayotgan butun mazlum xalqlar, jumladan o‘zbeklar ham, ana shu Oshkoralik tirqishidan dunyoga qaray boshladilar. Bu tirqishga qarab ham dunyoni, ham o‘zlarini tanidilar.
«Birlik» harakati, undan keyin qurilgan «ERK» harakati ana shu o‘zlikni tanishning tarixiy belgilari edi.
(Davomi bor)
