«Vodiyda o‘lish taqiqlangan» 4 qism
Moskva plenumi aks sadolari
1989 yilning 17-19 yanvar kunlari Moskva shahrida Sovet Ittifoqi Yozuvchilari Soyuzining navbatdagi Plenumi bo‘lib o‘tdi. Bu plenumning kun tartibidagi asosiy masala SSSR Oliy Soveti deputatligiga sovet yozuvchilaridan nomzod ko‘rsatish edi. Yana muhim temalar sifatida «Qayta qurish», «Ekologiya» ko‘rsatilgan edi.
Men O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi kotibi sifatida «Qayta qurish» jarayonini muhokamaga olib chiqdim.
Nutqim 17 daqiqa davom etdi, yanglishmasam.
Bu nutq soyasida «milliy masala haqida ochiq gapirgan yozuvchi»lar safiga qo‘shildim.
Minbardan tushib tanaffusga chiqqanimizda O‘ljas Sulaymon va ozarbayjonlik birodarimiz Anor kaminani tabrikladi. O‘zbeklardan Shukurullo domla qutladi.
Bu chiqishning aks-sadosi Toshkentda yangradi.
Hali men Toshkentga qaytmasimdan oldin, Birinchi Kotib Rafiq Nishonov ofisidan telefon qilishib, seriltifot ohangda «falon kuni O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi respublika rahbarlarining «Aktiv»ini chaqirayapti, siz u yerda chiqib, bu yerda tug‘ilgan ba'zi savollarga javob berishingizni umid qilishayapti», deyishdi.
Men «Aktiv»da, albatta ishtirok etishga harakat qilaman, dedim.
Toshkentga kelganimdan bir necha kun so‘ng haqiqatan ham bu mashvarat to‘plandi va u yerda kichik kirish so‘zi qildim va savollarga javob berdim.
Menga berilgan savollar «Aktiv»da qatnashayotgan turli martabadagi rahbarlarga tarqatilgan edi. Hatto «Chor Rossiyasi paxtaning bir kilogramiga bugungi Sovet hokimiyatidan ko‘proq pul to‘lar edi» degan bir jumlamni olib, buning yanglish hisob ekanini isbot qilishga uringan vatanparvar rahbarlar ham bo‘ldi.
Lekin asos savollarni Moskvada tilga keltirganim milliy masalalarga oid fikrlarimning yumshoq reviziyasi, deyish mumkin edi.
Har holda, Rafiq Nishonov bu bilan Moskvaga «mana, bu milliyatchi o‘zbekning nojo‘ya harakatlarini «Aktiv» oldida muhokama qilib, unga dars berdik», deya o‘zini oqladi, deb o‘yladim.
NOMZODLIKKA NOMZOD SAYLOVI
Moskvadagi plenum shov-shuvidan ilhomlangan yoshlarimiz harakatga tushib qolishdi.
1989 yilning fevral oyida Toshkent Davlat Universiteti talabalari kaminani SSSR Oliy Sovet deputatligiga nomzod ko‘rsatdilar. Ammo bu nomzodlikka nomzod hisoblanardi, xolos.
Chunki haqiqiy nomzod bo‘lish uchun saylanayotganingiz «okrug»dan tanlangan odamlar bir yerga kelib, sizga ovoz berishi kerak edi. Shunday «er» sifatida O‘rdadagi «Agrosanoat saroyi»ni tanladi kommunist rahbarlar.
Saroy atrofida bizning tarafdorlar izg‘ib yurishardi, ular ko‘p edi. Ammo ularni majlis zaliga kiritishmagandi. Zotan shunday bo‘lishini bilardim. Ularga dalda berib, ichkariga kirdim.
Bu «okrug»dan nomzodlikka nomzodlar o‘ntaga yaqin edi.
Ularning ichida kommunist bo‘lmagan bitta men edim.
Saroyning katta zali liq to‘la odam edi.
Bu olomon Toshkent shahar kompartiyasi sekretari Satin degan rus tomonidan tanlanib yuborilgan odamlar edi.
Mening nomzod bo‘lib saylanishdan umidim yo‘q edi.
Faqat menga berilgan minbardan foydalanish uchun bu imkonni qo‘ldan boy berishni istamay u yerga borgandim.
Nomzodlikka nomzodlarni prezidiumga chaqirishdi.
Biz sahnaga ko‘tarilib hay'atda ismlarimiz yozib qo‘yilgan o‘rinlarga o‘tirdik.
So‘z menga kelganda quyidagi nutqni o‘qidim
(nutq parchasi video tasvirdan yozib olindi):
«Brejnev zamonida oshig‘i olchi bo‘lganlar “Brejnevning qurboniman” deb jar solmoqdalar. Rashidov qozonini yalagan ular, “Rashidov meni ta'qib etdi”, deya bizdan mukofot kutmoqdalar. Ammo Stalin mayib etgan, Brejnev haqorat etgan, Rashidov tazyiq o‘tkazgan insonlar chekkada jim turishibdi. Ular uyatdan, chidab bo‘lmas uyatdan yerga kirishga tayyor bo‘lib bir chekkada turishibdi.
Bu ikkiyuzlamachi, firibgar guruh qarshisida ular ojizdirlar. Zero, To‘g‘rilik o‘zini himoya etolmaydi. To‘g‘rilik o‘zini oqlamaydi, u “Men xo‘rlangan edim”, deb, nolishdan or qiladi. Xayriyat, bu firibgar toifaning uslubi eskirdi. Xayriyat, uning ko‘zlarini yog‘ bosgan, u johil deb bilgan omma bugun ohista XALQqa aylanmoqda. Son sifatga aylanmoqda, qulayotgan nomus tug‘i yana tiklanmoqda. Faqat biz shikoyat qilmasak bo‘ldi, “Mana bu joyim ko‘kardi”, “Mana bu joyim shilindi”, deb shikoyat qilmasak bo‘ldi. Siz ko‘kargan joyingizni, shilingan tizzangizni o‘zingizga sharaf deb biling, ehtimol chekkada turib ustingizdan kulayotgan qavmdoshlaringiz bordir, uni ham, bu kulguni ham mukofot sifatida qabul eting.
Ish endi boshlandi, hali jarohatlar ko‘p bo‘lajak. Bu – har qanday inqilobning temir qonuni. Sekin-asta atrofga bir qarang, uyg‘onish fasli boshlandi. Bu uyg‘onayotgan musicha emas, bola emas, bu uyg‘onayotgan – bizning xalqimizdir. Yaqindagina “olomon” deya atalgan xalq ko‘zlarini ochmoqda… Ustiga haqorat to‘ri tashlagan buyuk bir xilqat qimirlab qo‘ydi. Loaqal shu to‘rni olib tashlashga yordam bering. Kechagi bir zum shuhrat, maishatdan, manfaatdan voz kechib, xalq nomi qoralanib turganda, o‘z nomimizni oqlamaylik. 70 yil tarix uchun qosh va ko‘z orasiday gap. To‘g‘ri, biz ko‘p narsalarni yo‘qotdik: “Madaniyatimiz guli bo‘lmish adibu odamlarimizni, hosildor yerlarimizni, dengizimizni, shifobaxsh bog‘u-rog‘larimizni, sog‘lig‘imizni yo‘qotdik”. Goho o‘tmishga hurmat tuyg‘usini, bugundan umidni, kelajakka ishonchni ham yo‘qotganday bo‘ldik. Ammo yo‘qotmagan bir boyligimiz bor-ku, u boylik ulus.
Urushlar, qirg‘inlar, haqoratlar qurshovidan omon chiqdik, biz bugun yana o‘z yerimizda, yana o‘z uyimizda, o‘z madaniyatimiz, o‘z tilimiz bilan yuzma-yuz turibmiz-ku!
Shu yer, shu madaniyat, shu til bizniki.
Ularni ajdodlar bizga ishonib qoldirganlar, ularni asrash va yuksaltirish bizning zimmamizda. Afsuski, o‘ylashga vaqt yo‘q, ehtiyot bo‘lishga vaqt yo‘q, qadamni bosish kerak, faqat o‘ylab bosishga vaqt yo‘q. “Qayta qurish” turg‘unlik pardasini yulib oldi, bu parda ortidagi muammolar bizga fursat bermayajak, ularni yechmoq kerak, va yoki yana pardani osib, uyquga ketmoq kerak. Ammo biz uyqudan to‘ydik, shu kungacha ne bo‘lsa, bari uyquda bo‘ldi. Bizni uyqumizda badarg‘a etdilar, uyqumizda “xalq dushmani” bo‘ldik, uyqumizda bizni sotdilar, uyqumizda otdilar, biz uxlab bo‘ldik, bizga joy to‘shamang…»
Keyin nomzodlikka nomzodlar haqida bahs boshlandi.
Mening nomzodimni qo‘llab, Yozuvchilar Uyushmasi raisi Odil Yokubov minbarga chikdi (Bu «saylov»ning videosi internetda mavjud).
Odil Yoqubov ilk jumlasidanoq meni oqlay boshladi: «Vokrug Muxammada Salixa ochen mnogo razgovorov. Mojet bыt, ochen mojet bыt, sredi etix razgovorov yest i
spravedlivыe, no v tselom Muxammad Salix ochen talantlivыy poet, v tselom on vыstupaet za Sovetskuyu vlast, za nashu partiyu, za rabochiy klass!»
Videodagi kadrda Odil Yoqubovning bu so‘zlari sirasida o‘z yuzimda istehzoli tabassumni ko‘rdim. Albatta, Odil Yoqubov yaxshi niyat bilan meni himoya kilganiga ishongim keldi. Ammo nega meni u himoya qilishi kerak, deya jahlim chiqayotgandi.
Odil akamiz mening nafrat etganim «kommunistik partiya va rabochiy klassni M.Solih sevadi», deb meni yaxshi niyat bilan haqorat qildi. Jahlim shuning uchun chiqayotgandi.
Mening o‘z millatim qadrini tilga keltirganim uchun Rusdan kechirim so‘rash kerakmi?
Yuzimdagi istehzoda, menimcha, shu savol yozilgandi.
Mening ochiqcha qarshi chiqayotganim Sovet hokimiyatiga meni oqlab, «yo‘q, u sizlarga qarshi emas», deyishi juda erish tuyildi.
Balki u chet elda bosilayotgan mening antirus va antisovet chiqishlarim uchun qamalib ketishimga to‘siq bo‘lish uchun, yaxshi niyatda qilgandir, deb yaxshi gumon qildim.
Ammo bu mening pir bo‘lgan hafsalamni tuzatmadi.
Chunki Krujilin-Xisomov maqolasidagi menga qo‘yilgan «irqchi», «antisovet» qabilidagi ayblovlarni Odil akamiz «ochen mojet bыt sredi etix razgovorov yest i spravedlivыe», deya tasdiq etayotgandi.
Xullas, kutganimizdek, nomzodim nomzodlikka qabul qilinmadi. Nomzod qilinib bir qurilish tresti boshlig‘i, kommunist rahbar «saylandi».
Siz Muhammad Solihning, Vodiyda o‘lish taqiqlangan audiokitobi 4 qismini tingladingiz. Davomini Eltuz kanalining keyingi yoyinlaridan izlang.
