Sas
23 december 2025

«Vodiyda o‘lish taqiqlangan» – 8 qism

“MUSTABID-MUSTAQILLIK” DAVRI TIRANIShI

Tiranishning eng og‘ir bosqichi, uchinchi bosqich Mustaqillik e'lon qilinganidan keyin boshlandi.

Bu bosqichni bir kishining diktaturasi davri deb atash mumkin. Milliy harakatga eng katta talafot aynan shu bosqichda berildi. SSSR davridan qolgan davlat infrastrukturasi «mustaqildiktator» va uning taqimi tarafidan yer bilan yakson qilindi. Sovet Ittifoqining so‘nggi yillarida paydo bo‘lib ulgurgan o‘rta sinf ham tamomila yo‘q qilindi.

Bu bosqichda yuz bergan voqealar silsilasi shunday: 1990 yil e'lon qilingan mustaqillikka ilk zarba bu mustaqil davlat tepasida turgan kommunist diktator I.Karimov tarafidan berildi.

Karimov Sovet Ittifoqi e'lon qilgan 1991 yil Mart Referendumida o‘zbeklarga SSSR davlatining yangi «Ittifoq Shartnomasi»ni ma'qullatib, davlatimiz mustaqilligini fe'lan inkor etdi.

Bir paytlar biz tuzgan «Birlik» harakatining o‘sha paytdagi rahbari Abdurahim Po‘latov ham «birlik»chilarga referendumga qarshi kurashmaslikni buyurdi. Bu xiyonatni u «biz avval SSSR panohida demokratiyaga erishib, keyin mustaqillikka intilishimiz kerak” degan demagogiya bilan xaspo‘shladi. Afsuski, Muftiy M.S.Muhammad Yusuf boshchiligidagi O‘rta Osië musulmonlari idorasi ham SSSRni saqlab qolish tarafdori bo‘ldi.

O‘zbekistonda bu sharmandali referendumga qarshi chiqib, xalqni bu xoinlikka qarshi ovoz berishga chaqirgan yagona siyosiy tashkilot «ERK» partiyasi edi.

Sovet Ittifoqi davlat sifatida o‘z umrini tugatish jarayoniga kirgandi. Shunga qaramay, Kommunistik rejim butun kuchini ishga solib, o‘z hokimiyatini saqlab qolishga qattiq harakat qila boshladi.

XUNTA

Bu tarixiy chirpanish 1991 yil 19 avgust kuni cho‘qqisiga chiqdi: SSSR prezidenti Mixail Gorbachev ta'tilda ekan, Yanaev boshchiligidagi xunta Sovet davlati boshqaruvini o‘z qo‘liga olganini dunyoga e'lon qildi.

Bu voqea yuz bergan kuni kechqurun “ERK” partiyasi hay'ati O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasida to‘planib, Moskvada xuntaga qarshi o‘z bayonotini qabul qildi va xalqni bu zo‘rovonlarning buyruqlarini sabotaj qilishga chaqirdi. O‘zbekistonda bunday bayonot bilan chiqqan yagona tashkilot yana «ERK» partiyasi bo‘ldi.

O‘sha kunlari mustaqil O‘zbekiston Prezidenti bo‘lgan Islom Karimov Hindistonda edi. U Dehlidan Toshkent sari uchgan davlat uchog‘i bortidan xunta boshlig‘i Yanaevga tabrik telegrammasi jo‘natdi. Telegrammada Karimov xuntaning butun amrlarini bajarishga tayyorligini bildirdi.

Bu sharmandali voqea o‘zbek xalqining 20 iyun 1990 yilda qabul qilgan «Mustaqillik Deklaratsiyasi«ning navbatdagi ihloli edi. Bu diktator Karimovning ikkinchi tarixiy jinoyati edi.

Lekin xunta o‘z faoliyatini uch kun davom ettira oldi, xolos. Moskvadagi demokratik harakat va o‘z mustaqilliklarini e'lon qilgan Boltiqbo‘yi respublikalaridagi noroziliklar va dunyo jamoatchiligi bosimi ostida xunta o‘z planidan voz kechdi.

«ERK» partiyasi bu kollapsdan foydalanib, 1991 yil 23 avgust kuni o‘zining Favqulodda Qurultoyini o‘tkazdi. Bu majlisda «ERK» partiyasi O‘zbekistonning SSSRdan ajrab chiqishi masalasini kun tartibiga qo‘yishni mahalliy hukumatdan keskin talab qildi.

«ERK»partiyasining favqulodda qurultoyida o‘qilgan nutqdan parchalar:

“Tarixda shunday davrlar bo‘ladiki, uning soati yillarga, yili asrlarga teng keladi. Bu haqiqat shu kungacha biz uchun bir obraz, kitobiy ta'bir edi. Bugun bu narsa ko‘z o‘ngimizda turibdi. Biz shu buyuk voqeaning shohidi bo‘ldik. 19 avgustda sodir bo‘lgan davlat to‘ntarishi va unga qarshi ko‘tarilgan xalq harakati bu haqiqatni namoyish etdi. Qayta qurish deb nomlangan olti yillik tarixiy jarayonning 19 avgustgacha bo‘lgan qismi bir davr bo‘lsa, undan keyingi o‘tgan olti kun mutlaqo boshqa davrdir. Bu inqilob shu qadar tez yuz berdi-ki, uni hamon aqlga sig‘dira olmayapmiz. Chunki, o‘sha tahlikali uch kun ichida biz o‘tgan demokratik yo‘lning masofasi qayta qurish kechgan olti yillik masofadan kattaroqdir. Va bu ikki inqilobning printsipial farqi shundaki, birinchi inqilob tepadan boshlangan bo‘lsa, ikkinchi inqilobning ijodkori xalqning o‘zi bo‘ldi…

…Bundan kelib chiqadigan saboq shuki, faqat xalqning o‘zigina o‘zini qutqarishi mumkin. Agar xalq uyg‘onmasa, chet el ham, uning iqtisodiy yordami ham unga najot bo‘la olmas ekan.

Yana bir saboq bor. Bunisi ma'naviy saboqdir. Xunta davrida ikkilangan jumhuriyatlar ham erishilgan g‘alabadan bahramand bo‘lajaklar. Xudoga shukr…

Ammo biz shuni unutmasligimiz kerak-ki, hech qachon hech bir xalq boshqa bir xalq kurashi evaziga ozod bo‘lmagan .

Agar bo‘lsa ham, bu ozodlik unga tatimasligi aniq. Chunki, bu sovg‘a qilingan ozodlikni himoya qiladigan xalq bo‘lishi kerak. Aks holda bunda ozodlik qancha tez qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, shuncha tez yo‘qotilishi muqarrar.

Hech kim tank oldiga yotib, Konstitutsiyani muhofaza etmaydi, chunki, xalq Konstitutsiya nima ekanligini bilmaydi. Hech kim “demokratiya uchun” deya o‘qqa ko‘krak tutmaydi, chunki, xalq nonni ozodlikdan ustun qo‘yadi. Hech kim prezidentni himoya qilib ko‘chaga chiqmaydi, chunki, bu xalqni ko‘chaga chiqarishga o‘rgatishmagan.

Xullas, sovg‘a qilingan ozodlikni faqat o‘sha sovg‘a qilgan xalqqina himoya etishga qodir. Hali “himoya qilaman”, deb kepqolmasa yaxshiydi.

Bu achchiq haqiqat va unga tik qaray bilishimiz kerak. Va aynan shu sabab, “ERK” partiyasining birinchi vazifasi – xalqni uyg‘otishdir. Busiz mustaqillik bugungiday qog‘ozda qolaveradi.

Xalqlar ustida uch kun osilib turgan tahlika O‘zbekistonga qanday ta'sir qildi? Shaxsan men bu tahlikali kunlarda ko‘rganim bir lavhani hech unutolmayman. Yigirmanchi avgust kuni Parlament tashkil qilgan majlisda Shayxov va O‘razaev degan deputatlar chiqib, xuntaning boshlig‘i haqida “o‘rtoq Yanaev ham aytdilar, O‘zbekistonga qo‘shin kiritishga hojat yo‘q ekan”, deganlarida yer yorilib, yerga kirmadim. Chunki bu vaziyatda “qo‘shin kirmagani” biz uchun sharaf emas edi. Chunki, bu qo‘shin qonunni himoya qilish uchun emas, qonunni toptash uchun kirar edi.

Chunki bu qo‘shin kirsa, ozodligimizni himoya qilish uchun emas, uni yo‘q qilish uchun kiritilgan bo‘lardi. U kiritilmadi, chunki O‘zbekistonda Yanaev qo‘rqadigan erkinlik yo‘q edi. Shuning uchun ham u «qo‘shin kiritmaymiz» dedi.

“ERK” tutgan pozitsiyaga kelsak, “ERK” birinchi kuniyoq bu mash'um to‘ntarishga o‘z munosabatini bildirdi. Uning xuntaga qarshi Bayonoti shu kuniyoq dunyoga tarqatildi. Mahalliy matbuotda e'lon qilish imkoni bo‘lmaganidan, bu hujjatlar chet el radiostantsiyalaridan, xususan, “Svoboda” va “Svobodnaya Yevropa”lardan o‘qib eshittirildi.

Bu tarixiy voqeadan uchta xulosa chiqadi:

  1. Mavjud sistema qanchalik demokratiyaga intilmasin, jamiyat uchun xavfli bo‘lgan va uni o‘n yillar ortga uloqtirib tashlashga qodir mexanizmni o‘zida saqlab kelayapti. Demak, toki huquqiy davlat tuzilmas ekan, hokimiyatlar qat'iy ajratilmas ekan, davlat to‘ntarilishi xavfi tug‘averadi.
  2. Har qanday “suveren davlat” deb atalgan sub'ektning o‘zini himoya qiladigan armiyasi bo‘lishi shart. Aks holda, bu “suverenlik” soxtadir. Buni O‘zbekiston hukumati tushunmog‘i lozim.
  3. Biz to‘la mustaqil bo‘lmas ekanmiz, faqat iqtisodiy emas, siyosiy ham mustaqil bo‘lmas ekanmiz, hech qanday yangilangan “federatsiya” bizga najot bo‘lolmaydi. Chunki, bu sistema hamon bir shaxs idorasiga bog‘liq bo‘lgan sistema bo‘lib qolayapti…

Biz zudlik bilan O‘zbekiston Oliy Kengashining favqulodda sessiya chaqirishini talab qilamiz. Unda bugungi siyosiy vaziyat ochiq tahlil etilishi lozim.

O‘zbekistonning to‘la mustaqilligidan boshqa yo‘l yo‘q. Bugungi tarixiy imkonni qo‘ldan boy bermasligimiz kerak”.

(1991 yil, 23 avgust)

Siz Muhammad Solihning, Vodiyda o‘lish taqiqlangan audiokitobi 8 qismini tingladingiz. Davomini Eltuz kanalining keyingi yoyinlaridan izlang. 

Tag‘in o‘qing
17 june 2025
2024 yil avgust oyida Surxandaryo viloyati Sariosiyo tumani ekologiya bo‘limi boshlig‘i Usmonov Xayrullo To‘palang daryosining o‘zanida noqonuniy ravishda qum-tovon ...
25 november 2020
“Eltuz”ning O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasidagi bir-biridan mustaqil manbalariga ko‘ra, bu tashkilot rahbariyatida Bahodir Xudoyberdiev degan “zolim va o‘zboshimcha o‘rinbosar” ...
14 may 2018
Mirziyoevning 15-17 may kunlari AQShga safari oldidan «Amerika ovozi» muxbiri Navbahor Imomova rasman O‘zbekistonda jurnalistik faoliyat yuritishga akkreditatsiya oldi. ...
20 july 2025
Namanganda darahtlar qurimoqda, Termizda kanalizatsiya, Qarshida piyodalar bekati muammosi, tadbirkorlar noroziligi va elekrdagi nosozlikdan ko‘rilgan katta zarar. Salom qadrli ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...