Asosiy mavzular
25 december 2025

«Vodiyda o‘lish taqiqlangan» – 9 qism

Muhammad Solih

IKKINChI MARTA E'LON ETILGAN MUSTAQILLIK

Islom Karimov boshchiligidagi rusparast kommunistlar ERK partiyasi talabini qabul qilib, 29 avgust kuni Oliy Kengash sessiyasida O‘zbekistonning mustaqilligini ikkinchi marta e'lon qilishga majbur bo‘ldi.

Bundan tashqari «ERK» partiyasining ikki yil oldin bergan rasmiy ro‘yxatga olinish xususidagi arizasi Adliya vazirligi tarafidan qabul qilindi va partiya rasmiy maqomga erishdi.

Tasavvur qiling, «Mustaqillik Deklaratsiyasi«ni Sovet jumhuriyati Oliy Kengashiga qabul qildirgan siyosiy partiya bu tarixiy voqeadan qariyib bir yarim yil so‘ngra rasmiy ro‘yxatdan o‘ta oldi. Agar Yanaev xuntasi mag‘lubiyatga uchramasa edi, Karimov O‘zbekistonning Sovet Ittifoqidan chiqishiga aslo yo‘l qo‘ymasdi, tabiiyki, O‘zbekiston tarixida ilk milliy partiya bo‘lgan ERK ham aslo ro‘yxatdan o‘tmasdi.

O‘ZBYeKISTON OLIY KYeNGAShINING 7-SYeSSIYaSI

1991 yil 30 sentyabrda O‘zbekiston Oliy Kengashining 7sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Bir muttaham guruh bugun 30 yil avval o‘tgan bu sessiya haqida turli yolg‘onlar bilan tarixni o‘z bo‘yog‘iga bo‘yab ko‘rsatishga urinmoqda.

Xususan, Islom Karimovni ag‘darmoqchi bo‘lgan guruhga kirgan «ikkinchi nav» yugurdak guruhi o‘zlarini bu amalga oshmagan to‘ntarishining markaziy figurasi sifatida ko‘rsatishga urinib, u davrni bilmagan, ko‘rmagan insonlarni chalg‘itishmoqda.

Bu voqeaning bir guvohi sifatida gapni boshdan boshlayin.

Men u paytda o‘sha Oliy kengashning deputati edim.

Tahlilini qilmoqchi bo‘layotganimiz 7-sessiya 1991 yil 30 sentyabrda ish boshladi.

Men sessiya boshlanmasdan bir kun oldin, oqshom payti Moskvadan qaytib keldim.

Uyga kelganimda telefon bo‘ldi. Go‘shakni oldim, “ERK ”a'zosi deputat Samandar Qo‘qonov edi. «Ustoz(biz bir-birimini shunday chaqirardik) ertaga jangga tayormisiz?”, deb so‘radi. Men «bilasiz, men doim tayyorman» dedim.

O‘sha kecha deputatlarga berilayotgan ziyofatga bordim. U ziyofatda hech kim men bilan gaplashgani yo‘q, ko‘p o‘tirmadim, yemak yeb bo‘lingandan so‘ngra darrov ketdim. (Ziyofatlarda uzoq o‘tirishni sevmaganimni do‘stlarim bilishadi).

Ertalab sessiyaga vaqtida bordim.

Deputatlarda bir ko‘tarinkilik bor edi, ammo sababini menga hech kim aytmadi.

Hamma bir-biri bilan shivir-shivir gaplashar, ammo buning sababini anglamasdim.

Va hatto deputat Shuhrat Nusratov minbarga chiqib, birdan Karimovning iste'fosini talab qila boshlaganda ham hech narsani tushunmadim.

Faqat juda hayratlandim. Nima bo‘layotganini anglamadim.

Chunki bu Shuhrat Nusratov men sessiyalarda chiqib, Karimovni tanqid qilganimda, oyoqlari bilan yerni tepib, mening gapimni bo‘lishga intiladigan va boshqa deputatlarni ham shu aktsiyaga chorlagan bir toshkentlik deputat edi. Endi bu odam xuddi radikal bir “ERK”chi kabi Karimovni tanqid qilayotganini aqlimga sig‘dirolmadim. Undan keyin yana bir-ikki deputat chiqib Karimovga hujum kildi. Men bunga sevindim, albatta. Ammo hali ham nima bo‘layotganini tushunmasdim.

Keyin menga so‘z tekkanida aynan shuni aytdim: «Quyosh qaerdan chiqayapti, bu ne sinoat? Men o‘tgan sessiyalarda Karimovni tanqid qilsam, norozilik bildirib, boshqa do‘stlarini ham menga qarshi yer tepkilashga undagan odam bugun o‘zi Karimovni tanqid qilayapti, ajoyib! Ammo bular menga qarshi yer tepganda naqadar nosamimiy bo‘lsalar, ya'ni o‘z irodalari bilan yer tepmagan bo‘lsalar, bugun ularning Karimovga qilayotgan tanqidi ham shu qadar nosamimiydir», dedim.

Va Qashqadaryo melisasining u yerdagi “ERK”chilarga qilayotgan zulmini aytib, to‘g‘ridan Karimovni tanqid qila boshladim.

Bu sessiyada qilgan butun aktsiyam shundan iborat.

Keyin Shukrulla Mirsaidov chiqdi minbarga. U «Menga mansab kerakmaydi, tiz cho‘kib yashagandan tik turib o‘lgan yaxshi», deb tushib ketdi.

Shunda ham men bu «tomosha»ni tushunmadim.

Keyin tanaffusda mening yonimga ilk Samandar Qo‘qonov keldi va hamma narsani tushuntirdi.

Bir guruh Karimovni ag‘darish rejasini tuzgan ekan…Mendan yashirdingizlarmi, desam, Qo‘qonov, «yo‘q, men aytmoqchi edim, ammo telefon tinglangani uchun aytmadim», dedi.

Shunday qilib, bu reja amalga oshmadi.

Buning nimaga amalga oshmaganini deputat Jahongir Mamatov Ozodlik” radiosining 2016 yil 1 may kuni efirga berilgan «Qurultoy» programmasida shunday anglatadi:

«Mirsaidov bilan har bir detallarigacha gaplashganman. Sessiyadan bir kun oldin Karimov Mirsaidovga ertalabgacha ko‘z yoshi qilgan. «Kel, hokimiyatni birga boshqaramiz, birga yuritaylik, qo‘y shuni», degan. Mirsaidov, «jonimga tegib ketdi, erkak kishining tiz cho‘kib yashagandan ko‘ra tik turib o‘lgani yaxshi ekanligini ko‘rsataman», dedim. O‘shanda Shukur aka turib berolmadilar, deb biz ham aytamiz. Agar o‘sha Shukur aka minbardan turib, «bu jinni-ku, bu prezident emas, buni ag‘darishimiz kerak, deganda odamlar oyoqqa turib qarsak chaladigan holat edi.

Shukur aka turib berolmadi».

Keyin, o‘rgangan ko‘ngil o‘lganda qo‘ymas deganday, sekin katta yolg‘on ham qo‘shib qo‘yadi:

«Samandar aka Muhammad Solihga bu rejani aytgan, ammo Muhammad Solih “Do‘stlik” saroyiga ziyofatga borgan, u yerda Erkin Vohidov, Ahmadali Asqarov bo‘lgan, Karimov ularni Moskva uni ag‘darishni istayotganiga ishontirib chiqqan«.

Mamatov yolg‘onni kiprik qoqmasdan so‘ylash qobiliyatiga ega.

2017 yilda, Samandar Qo‘qonov qamoqdan chiqqandan keyin u bilan jurnalist M.Eshonkulova bir suhbat qildi. Eshonqulova 7sessiya haqda so‘rar ekan, «M.Solih bilarmidi Karimovni ag‘darish rejasini?» deb to‘g‘ri so‘radi. Qo‘qonov «yo‘q, u chet elda edi, bilmasdi» dedi, «unga aytdim, bilardi» demadi. Samandar Qo‘qonov hali hayotda, muttahamlarning yolg‘onini yana bir marta o‘rtaga chiqarishi mumkin.

Yuqorida ham aytdim, ziyofatda nafaqat Karimov, hech kim bilan suhbatlashganim yo‘q. Salomlashgan bo‘lishim mumkin, ammo hech kim bilan suhbatlashmadim. Suhbatlashganda ham Karimov menga, o‘zining bosh dushmaniga «ertaga meni ag‘darishmoqchi, meni qutqaring» dermidi? Va shunday deganda men ham chiqib uni qutqararmidim?

J. Mamatov «Karimovni to‘ntarish» rejalangan kuni Shuhrat Nusratov va boshqa notiqlardan ilhomlanib, eng muhimi Mirsaidovning hokimiyatga kelishiga qattiq ishonganidan minbarga chiqdi. Va minbardan «O‘zbekiston Karimovning onasining mulki emas» degan jumlani aytishga jur'at qildi. Endi bu dopingli videosini 20 yildan beri xalqqa reklama qiladi. Bu avom xalq ham «Xo‘sh, bu gapni aytib bo‘lgandan keyin, nima bo‘ldi, deb so‘ramaydi Mamatovdan.

Holbuki, keyin shunday bo‘ldi: “Karimovni to‘ntarish” rejasi barbod bo‘lgach, Mamatov o‘sha Karimov oldiga borib, undan yig‘lab uzr so‘radi. Bu sharmandalik evaziga Prezident saroyida maslahatchi lavozimini egalladi.

Keyin u diktatorga yana bir marta yolvordi va darhol mansabda yuksaldi: O‘zbekiston Radio-TV qo‘mitasiga rais o‘rinbosari etib tayinlandi.

Oradan bir oy (balki ko‘prok) o‘tgach, Mamatov kutilmaganda ishdan bo‘shatildi. Buning sababini u «o‘zgacha fikrim uchun jazolandim» deb izohladi. Biroq bu ishda poraxo‘rlik bor edi: Militsiya deputat Shukrulla Mirsaidov guruhining chet el matolari bilan to‘la yuk mashinasini qo‘lga olgan edi. Mirsaidov odamlari bu haqdagi xabarning TVda yoyinlanmasligi uchun Mamatovaga pora berishdi. Va xabar yoyinlanmadi. Buni o‘rgangan Islom Karimov J. Mamatovni ishdan bo‘shatdi.

Haqiqat bu.

Endi o‘sha kommunist sarqitlari tarixni qayta yozishga harakat qilmoqda. Buni mamlakatda Karimov rejimi, chet elda esa muxolif niqobidagi kommunistlar qilyapti.

Bular “7-sessiyada Muhammad Solih Karimovni saqlab qoldi”, deyishgacha, Mirsaidovni qo‘rqishga majbur qilgan odam Muhammad Solih, O‘zbekistonni bu ahvolga solgan Karimov emas, yana o‘sha Muhammad Solih”, deyishgacha boradigan yuzsiz yolg‘onchidirlar.

Kommunistlar qora yerga ko‘milmaguncha o‘lkamizda yolg‘on haqiqat hisoblanishda davom etadi.

XALQDAN JAVOB

Aslida, 90-yil boshlariga kelib, Islom Karimov va uning to‘dasining izma-iz qilgan xiyonatlaridan keyin kommunistlarning xalqqa do‘st bo‘lmasligi oshkor bo‘lgandi. Va siyosiy jihatdan uyg‘ongan o‘zbek xalqi 1991 yil dekabr oyida o‘tkazilgan Prezidentlik saylovlarida o‘z ovozini «ERK» partiyasi nomzodiga berishga tayyor edi. Chunki bu tashkilot tuzilganiga uch oy to‘lmasdan «Mustaqillik Deklaratsiyasi»ni Sovetlar qurgan Oliy Kengashda tasdiqlatish g‘ayrati va jasoratini ko‘rsatgan tashkilot edi. U xalqning boshiga qora kun tushganida, Moskva xuntasiga qarshi chiqib, o‘lkasining istiqlolini himoya qilgan bittayu bitta tashkilot edi. Bular hammasi «ERK» partiyasining qisqa muddat ichida qo‘lga kiritgan muhim g‘alabalari edi.

Nihoyat, xalkdan kelayotgan dastakni ko‘rgani uchun hukumat ERK partiyasini 1991 yil sentyabr oyida rasmiy ro‘yxatga olishga majbur bo‘ldi.

(davomi bor)

Tag‘in o‘qing
20 december 2019
Mabodo Jumanazar aka borib kelgan o‘zga sayëra vakillari O‘zbekistonga kelib qolsa, o‘zlarining tarmog‘ida nimalarni ëzgan bo‘lishardi? Qandaydir odamlar katta ...
22 may 2016
Tojikiston konstitutsiyagi o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutgan referendum prezident Imomali Rahmon hokimiyatini amalda yanada mustahkamlashga qaratilgani aytiladi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlar ...
30 august 2021
Prezident Islom Karimov O‘zbekistonni modernizatsiya qildi, deyishganida aslida noto‘g‘ri gapirishadi. Chunki u bunday qilish uchun na keng dunyoqarashga, na ...
30 november 2025
Butun O‘zbekiston shu kunlarda zaharli xavodan aziyat chekayotgan bo‘lsa, Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani Qo‘qonboy mahalla ahli yillar davomida zahar ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...