Vodiyda o‘lish taqiqlangan – 11 qism
Muhammad Solih
SAYLOVDAN KYeYINGI MANYeVR
Prezidentlik saylovlari “ERK” tashkiloti timsolida kommunistlarga xalq qudratini ko‘rsatdi.
Kommunistlar, bir oz erkinlik berilgan taqdirda, xalq o‘zi xohlagan siyosiy guruhni hokimiyatga olib kelishi mumkinligini ko‘rdi. Bu ularning qalblarida qo‘rquv uyg‘otdi. Ular sarosimaga tushib, “ERK”dan qutulish yo‘llarini izlay boshladilar.
Saylovdan bir hafta o‘tib Karimov men bilan uchrashishni so‘radi.
Uchrashdik.
An'anaviy hol so‘rash marosimidan so‘ng Karimov:
Saylovda katta muvaffaqiyatlar ko‘rsatdingiz, tabriklayman. Siz allaqachon tarixdasiz, – dedi soxta tabassum bilan.
Bu ishlarni tarixda qolish uchun qilmayapmiz, Islom Abdug‘anievich, bilasiz. Maqsad tarixda qolish bo‘lsa, adabiyot tarixida qolishni afzal ko‘raman,– dedim.
To‘g‘ri, siz shoirsiz. Lekin hozir siyosatdasiz. Keling, birga ishlaylik. Hukumatda lavozim beraylik,– dedi Karimov.
Saylov natijalari soxtalashtirildi, men bu haqda matbuotda aytdim. Bu voqeadan keyin xukumat tarkibiga kirishim imkonsiz. Keyin, sizga qutlov telegrammani men yubormadim. uni ko‘z-ko‘z qilmang, iltimos. Bu telegrammani mening nomimdan sizga yuborganlar albatta yaxshi niyat bilan yuborishgan. Ammo men bu saylovni tan olmayman, buni har yerda aytdim, aytaman ham, mendan xafa bo‘lmang,– dedim.
Ha, saylov haqdagi bayonotingizni eshitdim. Sizga yolg‘on ma'lumot berishyapti, buni kim qilganini men ham bilaman, bizni bir-birimizga qayrab, mamlakatda tartibsizlik yaratishni maqsad qilgan kuchlar bor, keling, ularning tuzog‘iga tushmaylik, birga ishlaylik, – dedi Karimov.
Taklif uchun rahmat, buni qabul qilaolmayman, – dedim.
Lekin siz xato qilyapsiz,– dedi u va shu bilan gapimiz tugadi.
Kelishuvga erishilmaganidan keyin Karimov o‘z uslubini o‘zgartirdi. Ichki siyosatni faqat melisa va KGB kuchiga tayangan holda olib borishga harakat qildi. Muxolifatga nisbatan bosim kuchaydi, hibsga olishlar boshlandi.
1992 yil 16 yanvarda talabalar oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlagani bahonasida katta norozilik mitingini uyushtirdilar. Bu mitingda “Karimov, o‘z bolasini yeyayotgan maxluq”, “Soxta saylovni qabul qilmaymiz”, “Prezidentimiz Solih” kabi siyosiy plakatlar ko‘tarib, maydonga chiqdilar. Bu mitingda «ERK» tarafdorlari bo‘lgan talabalardan ikki nafari xavfsizlik kuchlari tomonidan otib o‘ldirildi. Bu voqea tafsilotlarini «Yulnoma» nomli kitobimda yozdim.
Parlamentda bu qotillikni qoralab keskin nutq so‘zladim.
Siyosiy iqlim yanada keskinlashdi.
Karimovning qo‘pol kuchga tayangan ichki siyosati xalqning ozodlikka bo‘lgan mehrini o‘chirish uchun yetarli emas edi.
Muxolifat safi yanada kengaya boshladi.
1992 yil fevral oyida o‘zbek muxolifati ilk bor tom ma'noda jipslashib, «ERK» partiyasi boshchiligida «Demokratik Forum» shamsiyasi ostida birlashdi.
Forumga Karimovning Bosh vaziri bo‘lib ishlagan Shukrullo Mirsaidov, taniqli shoir Erkin Vohidov kabi arboblar va deputatlar qo‘shildi.
Forumning ilk majlisi 21 mart 1992 yilda Toshkentda, «ERK» ofisi hovlisida o‘tdi.
Bir so‘z bilan aytganda, 1991 yil saylovi faqat «ERK» partiyasi uchun emas, o‘zbek xalqi uchun ham bir mahaktosh vazifasini o‘ynadi.
Bu xalq saylov voqeasida «O‘zbek siyosatni tushunmaydi, o‘zbek demokratiyaga tayyor emas», qabilidagi malomatlarni yer bilan yakson qildi.
Hukumatning ko‘ziga parallel davlat ko‘rina boshlagani to‘g‘ri edi. Bu bir gallyutsinatsiya yoki diktator vasvasasi emas, real vaziyat edi. Haqiqatan ham saylovda aldangan millat bu aldanishga javoban kommunistlar rejimidan go‘yo o‘ch olishga ont ichgandek edi. Yangi tuzilgan «Demokratik Forum» majlislariga faqat muxolifat arboblari emas, oddiy xalq vakillari ham kela boshlagandi. Toshkentda rejim nazoratiga tobe bo‘lmagan bir siyosiy kuch, bir parallel siyosiy iroda shakllana boshlagani rost edi.
«Demokratik Forum» ishchi hay'ati aprel oyida ikkita muhim loyihani deyarli nihoyasiga yetkazib ko‘ygandi. Bulardan bittasi «O‘zbekistonning iqtisodiy programmasi», ikkinchisi «O‘zbekiston konstitutsiyasi» loyihasi.
Hatto kamina shaxsan Karimovga «mayli, bu loyihalarning muallifi muxolifat emas, davlat bo‘lsin. Biz bunga rozimiz. Bu hujjatlar Parlamentda qabul qilinsa, bas, buning tashabbuschisi O‘zbekiston davlati bo‘lsin», qabilida taklif ham qildim. Ammo Karimov bu taklifimni qabul etmadi.
Bu yangi siyosiy jarayon diktator Karimov va uning taqimi uchun kutilmagan vaziyat bo‘ldi. Ular prezidentlik saylovidan keyin muxolifatning ruhan sinib, siyosatan sustlashishini kutgandilar. Bunday bo‘lmadi. Aksincha, prezidentlik saylovida muxolifat ham xalq ichidagi o‘z nufuzini kashf etgandi, o‘zining haqiqiy potentsialini ko‘rishga ulgurgandi.
Buni Karimov tushunib yetdi. Endi uning uchun ikkita yo‘l bor edi. Birinchisi, davlat terrori boshlatib, muxolifatni tor-mor etish, ikkinchisi muxolifatni o‘z tarafiga tortib, uni o‘z hokimiyatining bir parchasiga aylantirish edi.
Saylovdan keyin darrov repressiya boshlab yuborish dunyo jamoatchiligi tarafidan keskin manfiy qarshilanishini bilgan diktator ikkinchi yo‘lni tanladi: u kaminani uchrashuvga taklif qildi.
Uchrashuvimiz 1992 yil, 2-may kuni soat 18.00 da sobiq Kompartiyaning Anhor bo‘yidagi olti qavatli binosining oltinchi qavatida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda uchrashuvga guvoh sifatida kaminaning taklifi bilan o‘sha paytda Prezident saroyida konsultant bo‘lib ishlayotgan shoir Omon Matjon ishtirok etdi.
Noz-ne'matga to‘la dasturxon atrofida o‘tgan bu uchrashuvda Karimov bizga fe'lan bir iqtidor sherikligi taklif etdi: “ERK” partiyasidan sakkiz kishini (to‘rt vazirlik va to‘rt o‘rinbosar) hukumatga kirishini va menga bosh vazir yoki vitse prezidentlik maqomlarini berishga qaror qilganini aytdi u. Farmonlar tayyor ekanligi bildirdi. «Bu farmonlarni imzolamasdan bu yerdan chiqmaymiz», dedi.
Undan «buning qarshiligida nima istaysiz», deganimda u «Demokratik forum»ni tarqatishingizni istayman», dedi.
Men buning imkonsiz ekanligini aytdim, menga ishonib, bizning tashkilot shamsiyasi ostiga to‘plangan insonlarni aslo sotmasligimni bildirdim.
Unga «yaxshisi, siz bizga uch-to‘rt oy muddat bilan Parlamentni bering, biz O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasini qabul qilib, keyin yana muxolif faoliyatimizga qaytamiz», dedim.
Muhokama uzoq (to‘rt yarim soat) davom etdi.
Karimov faqat o‘z taklifining qabul qilinishini istardi.
Men uning taklifini qabul qilmadim, buning sababini yuziga aytdim: «Agar bunday taklif menga, deylik, Turkiyada va yoki boshqa bir demokratik o‘lkada qilinganda edi, albatta qabul qilgan bo‘lardim. Ammo O‘zbekistonda bitta odam idorasi bor, bu yerda davlat – sizsiz. Bugun hukumatga kirib, ertaga siz bilan kelisholmay qolsam, meni hukumatdan darhol quvasiz va misqollab to‘plagan obro‘-e'tiborim bir kunda yer bilan yakson bo‘ladi», dedim.
Karimov bilan xayrlashayotganimizda u menga «taklifimga musbat javobingizni bir hafta kutaman, keyin o‘zingiz bilasiz» qabilidagi tahdidomuz gap qildi. Haqiqatan ham, mendan javob bo‘lmaganidan keyin Karimov tashkilotimizga, uning rahbar kadrlariga qarshi keng miqyosli sindirish siyosatini boshlab yubordi. Viloyat gazetalarimiz yopib tashlandi. Tashkilotimizning Markaziy organi bo‘lgan «ERK» gazetasi qattiq tsenzura qilinib, bo‘sh sahifalar bilan chiqa boshladi. Gazetaning Bosh muharriri Ibrohim Haqqulga uydirma jinoy ish ochildi. Partiya kotibi Otanazar Orif uydirma ayb bilan qamoqqa olindi, faol a'zolar ochiqchasiga ta'qib qilina boshladi.
Bu oshkora boshlangan repressiv siyosatga qarshi norozilik sifatida 1992 yil 2 iyul kuni Oliy Kengash deputatligidan iste'fo berdim. Oliy Kengashdagi «ERK» partiyasi fraktsiyasi mansublari kaminaning tashabbusiga ergashmadi, Oliy Kengashda faoliyatini davom ettirishga qaror berdilar. Ammo diktator Karimov bir necha oy so‘ngra bu millat vakillarini har xil bahonalar bilan parlamentdan ixroj etdi.
Mening Oliy Kengashdan ketishimni to‘g‘ri qabul qilmaganlar ko‘p bo‘ldi, hatto ba'zi «ERK»chilar ham bu harakatimni ortiqcha radikal deb baholadi.
Lekin vaqt kaminani oqladi.
Diktator bilan o‘rtoq bo‘lish, u bilan sheriklik qilish ismijismi ERK bo‘lgan bir harakat ruhiga zid ekanligini vaqt ko‘rsatdi.
Siz Muhammad Solihning, Vodiyda o‘lish taqiqlangan audiokitobi 11 qismini tingladingiz. Davomini Eltuz kanalining keyingi yoyinlaridan izlang.
