«Vodiyda o‘lish taqiqlangan» 14-qism
Muhammad Solih
TA'QIQ
Shunday qilib, diktatorning niyati amalga oshmadi.
«ERK» Qurultoyida mag‘lubiyatga uchragan Karimov Adliya vaziriga ”ERK «partiyasining faoliyatini darhol to‘xtatishni buyurdi. Adliya vaziri «janob Prezident, qonun bo‘yicha siyosiy partiyalar mahkama qaroriga ko‘ra to‘xtatiladi, bitta buyruq bilan “ERK” partiyasining faoliyatini to‘xtata olmaymiz», demadi va bitta buyruq bilan quyidagi qog‘ozni yozdirib, «ERK» kotibiga yubordi.

Bu hujjatdagi «ERK» partiyasi qayddan o‘tmagani uchun uning faoliyati to‘xtatildi» degan bir jumla bilan yuz mingdan oshiq a'zoga ega bo‘lgan, prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan bir siyosiy tashkilot faoliyatini taqiqlab ko‘ydi.
Bu hujjatdan keyin «ERK»ka qarshi repressiyalar mashru', qonuniy tus oldi. Bu Sovetlar qulagandan keyin Markaziy Osiyoda yangi shakllana boshlagan totalitar davlatning ilk odimlari edi.
Shundan keyin O‘zbekiston matbuoti tashkilotimiz va shaxsimga qarshi qoralovchi maqolalarni chop qila boshladi. Ba'zi «erk»chilarni bizga qarshi gapirtirishdi. Kuch ishlatar tizimlar yaqinlarimga qattiqroq tazyiq o‘tkaza boshladi. Mening va ukam Muhammad Begjonning shaxsiy uylari Karimov amri bilan qonunga zid ravishda musodara etildi.
Biz Istanbulda baholi qudrat harakatimizda davom etdik.
BULAND EJYeVIT
1993 yil oxirida Anqarada Turkiyadagi Demokratik So‘l Partiyasi Raisi Buland Ejevit bilan tanishdim.

Uyida mehmon qildi. Bu mashhur siyosatchi, Turkiyaning ikki marta Bosh Vaziri bo‘lgan kishi ayni paytda shoir ham edi.
Unga o‘z she'rlarimdan o‘qib berdim. Juda sevindi, bu she'rlarni mutlaqo Turkiyada bosish kerak, bu she'rda yangi bir qarash, deya hayajonlandi.
Keyin O‘tukan (“Ötuken”) nashriyotida bosilgan «Og‘ochlar shoir bo‘lsa» nomli she'r to‘plamimga shu so‘zboshini yozib berdi(qisqartirib berilayapti):
KO‘KKA SAKRAY OLGAN ShOIR
Muhammad Solih she'rlarining Turkiya turkchasida nashr etilishini olqishlayman.
G‘arbda siyosatchilar ichida shoirlar unchalik ko‘p emas, lekin Sharqda, ayniqsa Turk davatlarida siyosatchilar, davlat arboblari va hukmdorlar orasidan ko‘plab buyuk shoirlar yetishib chiqqan. Masalan, Usmonli sultonlari orasida juda qiymatli shoirlar bor. «Xatoiy» taxallusi bilan ijod qilgan Shoh Ismoil hukmdorligidan tashqari buyuk shoir ham bo‘lgan.
O‘zbek shoiri Muhammad Solih bizning asrimizdagi turk siyosatchi shoirlarining ustun namunasidir.
Muhammad Solih ham o‘zbek turklarining muhim shoiri, ham O‘zbekistonning muxolifat partiyasi bo‘lmish “Erk” partiyasining yetakchisi.
Muhammad Solih she'rlarini bosim, tazyiq davrlarida yozgan.
Sovet Ittifoqi tarqalgach, O‘zbekistonda bosim hali ham ma'lum darajada davom etmoqda. Lekin usta shoirlarning she'r tili eng og‘ir tazyiq ostida ham erk mash'alasini yuksak ko‘tara oladi.
Muhammad Solih ham turli zolim tuzumlarda hurriyat mash'alasini yondira olgan shoirdir.
Siyosatchi sifatida Muhammad Solih va uning do‘stlari bugun ham qaysidir ma'noda yerdan yerga urilayapti.
Ammo Muhammad Solih bu bosimlarga qarshi o‘zining she'riy tilida:

«Agar hech kim meni yerga urmasa,
Ko‘kka qanday sakray olardim?», deya maydon o‘qiy olgan siyosatchi shoirdir.
Shoir sifatida u allaqachon ko‘kka sakradi. U rahbarlik qilayotgan ozodlik harakatining ham ko‘kka sapchiydigan kunlar yaqindir.
Buland Ejevit 1994 yil, oktyabr.
Buland Ejevit so‘l qarashli sotsial demokrat bo‘lsa ham milliy masalalarda mening kabi muhofazakor bittasi bilan ham bemalol til topishardi. Tashkiliy ishlarda u bizga qo‘lidan kelgancha yordam berdi. Alloh ruhiga rahmat aylasin.
Alparslon Turkash va Buland Ejevit kabi Turk siyosatining oldingi safdagi liderlari ichki siyosatda farqli qarashlarga ega bo‘lsalar ham, Turk Dunyosi siyosatida doim birlashardilar. Ularning yordami bilan 1994 yil boshida “ERK” gazetasining xorijdagi ilk nashrini bosmadan chiqardik.

Gazetaning redaktorligini Jahongir Mamatovga topshirdik. Bu odam naqadar bizning zehniyatimizdagi odam bo‘lmasa ham uni gazetaga redaktor qilib qo‘yishga majbur bo‘ldik. Chunki tez xabar qilishni bilardi, sovet gazetalarida ishlab tajriba orttirgandi. Boshqa alternativimiz yo‘q edi, zotan.
Haftada bir marta chiqadigan bu gazetaning minglarcha nusxasi xar oyda O‘zbekistonga Checheniston-Astraxan xatti orqali Qozog‘istonga, u yerdan Toshkentga yetkazilib turdi. Va 1994 yil O‘zbek jamoatchiligi «o‘zbek muxolifatining tirilgani» haqida gapira boshladi. Bu – diktator Karimovni jiddiy qo‘rqitdi.
Rejim gazeta olib borgan bir guruh yoshlarni hibsga olib, ularni “ERK” partiyasi va kamina shaxsiga qarshi uydirma ko‘rsatmalar berishga majburladi va ularning chiqishlarini O‘zbek TV kanallarida yoyinlay boshladi.
Natijada O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Turkiyaga muxolifatning Istanbuldagi faoliyatidan shikoyat qilib nota yo‘lladi.
Turkiya prezidenti o‘zining maslahatchisi orqali meni bu haqda ogohlantirdi. Men O‘zbekiston-Turkiya munosabatlariga putur yetkazmaslikka va'da berdim.

“Erk” gazetining chet elda chop etilgan birinchi soni. (1994 yil Yanvar. Istanbul).
O‘zbekistonda esa 1994 yil mart oyida Toshkent Davlat Universitetining jurnalistika fakultetining bir nechta talabasi hukumatning “ERK” partiyasi va uning lideri Muhammad Solihga o‘tkazilayotgan terror sababini so‘ragani uchun universitetdan haydaladi. Hatto jurnalistika fakulteti tugatilib, filologiya fakultetiga qo‘shib yuboriladi. Ammo jamoatchilikning katta noroziligiga duch kelgan hukumat bir necha oydan keyin fakultetni qayta tiklashga va o‘qishdan haydalgan talabalarni o‘qishga qaytarishga majbur bo‘ladi.
SURGUNNING ILK YILI
Surgunning bu ilk yarim yilida biz uchun minbar «Ozodlik» radiosi bo‘ldi. Tashkilotimizning qarashlarini, bayonotlarini shu radio vositasida xalqqa yetkazib turdik.
“Ozodlik”da berilgan bir xabardan keyin kutilmaganda muftiy M. S. Muhammad Yusuf telefon qildi. Turkiyada ekanligini aytdi va iloji bo‘lsa uyimizga tashrif buyurishni istayotganini bildirdi.

1994 yilning bahorida Muftiy biznikiga keldi. U O‘zbekistonni tark etgani va bir necha oydir Turkiyada yashayotganini aytdi. «Karimov bilan kelisha olmadik», dedi u qisqacha. Tafsilotini so‘ramadim.
Suhbat davomida “ERK”ga yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Men buni kutmagandim. Chunki Prezidentlik saylovida ochiqchasiga Karimovni tashviq qilib, uning saylovda yutishi uchun Saylov komissiyasi a'zolari ichida aktiv kurashgan kishi endi kelib “ERK” nomzodiga yordam beraman deyishi g‘alati ko‘rindi.
Shunga qaramay, 1994 yil bahorida Muftiy M. S. Muhammad Yusuf taklifi bilan Makkaga birga sayohat qildik.
Bahonada ilk da'fa umra ibodatini qilish nasib qildi.
Saudiyada juda ko‘p o‘zbeklar yashayotganini bilardim. Muftiy ularning «katta»larini tanirdi. Juda ko‘p o‘zbek xonadonlarida mehmon bo‘ldik.
Muftiy yaxshi niyat bilan o‘zbeklardan “ERK” harakati uchun dastak istadi. Men bunga qarshi chiqdim, ammo Muftiy isror qildi. Lekin, taxmin qilganimdek, o‘zbeklar shirin so‘zdan nariga o‘tmadilar.
Ular «Biz Alloh yo‘lidagi harakatlarga yordam beramiz, Solih bekning harakati demokratik harakat ekan, biz Jumaboyning harakatiga yordam to‘pladik, yakinda yuboramiz», deya Muftiyning rijosini o‘zbekona nazokat bilan rad etdilar.
Bu men uchun yangilik bo‘lmadi, chunki ular saudiyalik o‘zbeklar bilan Istanbulda ham ko‘p uchrashgandim. Ular har uchrashuvda menga «harakatingiz Alloh yo‘lidami, nafs yo‘lidami?» degan savol berishardi. Ularga javob berganman. Bu xususda hali batafsilroq aytaman inshaAlloh.
Lekin Muftiy ancha irodali chiqdi: o‘zbeklardan ish chiqmagandan keyin Makkadagi diniy tashkilot bo‘lgan «Robita»dan biz uchun yangi model kompyuter, skaner, faks mashinasi kabi gazeta nashri uchun zarur uskunalar olishga muvaffaq bo‘ldi.
Muftiyning bu yordami keyinchalik Jaxongir Mamatovning turkiyalik kommunist Dog‘u Perinchak (Doğu Perinçek)ning «Aydınlık” gazetasiga bergan «M.Solih radikal dinchi bo‘lib, “Robita”dan moddiy yordam oldi» degan intervyusiga sabab bo‘ldi.
Bu xususda hali alohida izoh beraman. Muftiyning o‘sha paytda bergan bu yordami faoliyatimizga juda qo‘l kelganini aytishim kerak. Alloh undan rozi bo‘lsin. Istanbulga kelganimizdan keyin Muftiy ukasi Madamin Muhammad Yusufga ofisimizda boshpana berib turishni iltimos qildi, albatta, biz rozi bo‘ldik.
So‘ngra Muftiy bir ora Liviyami yoki Saudiyagami ketdi. U yerdan faks orqali menga bir xat yo‘lladi. Maktubning rasmi pastda (faks qog‘ozidagi yozuvlar vakt o‘tgan sari o‘cha boshlabdi):

Maktub «tezislari» Shukrullo Mirsaidov diktovkasi ostida yozilgani ko‘rinib turardi. Buni isbotlovchi jumla «Menga aytilgani ham shu» jumlasidir.
Meni bu taajjublantirmadi. Mirsaidovning «Moskva bilan kelishgani» haqdagi gapni nega menga ochiqcha aytayotgani taajjublantirdi. Shaxsimni yaxshi taniydigan Sh. Mirsaidov bu «tashabbus» orqasida Moskvaning turganini aytmasligi kerak edi.
Xunta a'zosi Rusiyaning sobiq Premer Ministri Valentin Pavlov bilan har kuni gaplashib, kelajak rejalarini muhokama qilib yurganini ko‘rib, men u bilan aloqani uzgandim. Keyin Mirsaidov aloqani tiklash uchun ancha harakat kildi. Nihoyat, men Parlamentdan iste'fo qilgandan keyin aloqamiz bir navi o‘rnatilgandi. Endi yana Moskva o‘yinga kirayapti. Muftiy o‘z xatida shularni yozgandi: «Adolat» partiyasining raisi Sh. Mirsaidov, (partiyani) ruslar qilibdi, deb yozibdi. Menga xabarni Mirsaidovdan salom bilan olib kelishdi. Xabarchi hukumat odamlari Sh.M.(Shukrullo Mirsaidov)ni tabriklab kelganlarini ko‘ribdi. Raisdosh I. Bo‘rievning prezidentlikka nomzod tayyorlayapmiz, deb aytganini o‘zim eshitdim», deya ochiqcha e'tirof qilayapti. Muftiyning xatida yana bir «xarakterli» nuqta bor edi. U shunday deb davom etadi: «Hukumat nima qilib bo‘lsa ham muhojirlarni qaytarishga harakat qilmoqda. Menga yana odam yuborishdi. Sh.Mirsaidov ham odam yuborib, sizni nima qilib bo‘lsa ham qaytarishmoqchi, iltimos, kelmay turing, debdi”.
Men Muftiyning bu xatiga javob bermadim. Chunki bu xatda “rus sevgisi” faqat Sh. Mirsaidovdagina emas, Muftiyda ham hamon o‘lmagani ko‘rinib turardi… Muftiy bu xatni yozganidan bir necha yil keyin O‘zbekistonga qaytib, Karimovning navbatdagi raqibsiz prezidentlik «saylovi» kompaniyasida xalqni Karimovga ovoz berishga chaqirdi. Muftiyning O‘zbekistonga qaytgani haqda «ERK» gazetasining xabari:

Biz baholiqudrat harakatimizda davom etdik…
Siz Muhammad Solihning, Vodiyda o‘lish taqiqlangan audiokitobi 14 qismini tingladingiz. Davomini Eltuz kanalining keyingi yoyinlaridan izlang.
