Asosiy mavzular
14 january 2026

«Vodiyda o‘lish taqiqlangan» 15-qism

Muhammad Solih

PROFYeSSIONAL AGYeNT

1994 yil 7 iyulda, Tojikiston muxolifati lideri Akbarjon To‘rajonzoda bizga mehmon bo‘lib keldi. U bilan Markaziy Osiyo muxolifat tashkilotlarining hamkorligini muhokama qildik.

Mening uyimda olingan bu rasmda o‘rtada Tojikiston Islomiy Uyg‘onish harakati lideri Akbarjon To‘rajonzoda, so‘l tarafida Madamin Muhammad Yusuf (Muftiyning ukasi)

Biz Istanbulda ekan, DXX va Ichki Ishlar Vazirligi (IIV) hamkorligida bizning safimizga bir agentini kiritishga muvaffaq bo‘ldilar.

Bu agent Ahtam Roziqov IIV ning 8-bo‘limi zobiti edi.

Muxolifatga 90-yillar boshida avval «Birlik» keyin «ERK» faoli sifatida qo‘shilgan. 

1993-94 yillarda «ERK» gazetasini Istanbuldan Toshkentga olib borish ishi bilan shug‘ullangan. Toshkentga olib kelingan “ERK” gazetasi tirajining kichik bir qismini tarqatib, qolgan qismini DXX xodimi Vasila Inoyatovaga topshirgan. Vasila o‘z navbatida tirajni to‘laligicha DXXga bergan.

Ahtam Roziqov Samarqand shahrida German Titov nomidagi №1 uyda yashaydi.

ChYeChYeNISTON

Bizning aloqalarimiz kengayayotganidan bezovta bo‘lgan mezbon o‘lka organlari nashr ishlarimizni to‘xtatishni so‘radi. Safdosh do‘stlar bilan maslahatlashib, gazeta nashrini Chechenistonda davom ettirishga qaror qildik.

1). ‘Turkash Bey bu kishilarni qabul qilish uchun Checheniston rahbari Dudaevga tavsiya xati yozdi”.

2). O‘zini mustaqil «Jumhuriyat» deb e'lon qilgan Chechenistonning vizasi.

Bu o‘lka rahbari Johar Dudaevni tanimas edim.

U bilan aloqa o‘rnatishga Milliyatchi Harakat Partiyasi (MHP) raisi Alparslon Turkash vositachi bo‘ldi. Chechenistonga avval ikki vakilimiz – Murod Jo‘raev va Yusuf Ro‘zimurodovni yubordik. Turkash Bey bu kishilarni qabul qilish uchun Checheniston rahbari Dudaevga tavsiya xati yozdi.

Bu kishilar Grozniyga yetib borgandan so‘ng Johar Dudaev bilan yuzma-yuz ko‘rishadigan bo‘ldik.

U paytda Rossiya bilan urush arafasida yashayotgan edi. Mamlakat tashqi dunyodan izolyatsiya qilingan, aholining iqtisodiy ahvoli ancha tang edi. Shunga qaramay, biz Turkiyalik yordamchim Tuğtekin bilan, yanglishmasam, 21 iyul 1994 yilda Istanbuldan Grozniyga parvoz qildik.

Checheniston rahbari Johar Dudaev bizni juda yaxshi qabul qildi.

Bir hafta Grozniyda qoldim. Dudaev bilan har kuni ko‘rishdim va uzundan uzoq suhbatlar qurdik.

General Dudaev harbiy bo‘lishiga qaramasdan, o‘sha davr siyosiy arboblariga nisbatan ancha ilg‘or fikrli va jasur bir shaxs edi. U bilan gazeta nashri, hatto kitob nashrlari haqda ham tafsilotli gaplashib oldik. U bilan juda samimiy va do‘stona ayrildik.

Uni Turkiyada kutishimni aytdim. Mutlaqo ko‘rishaylik, inshaAlloh, deya vidolashdik.

Lekin bu rejalarimiz amalga oshmadi.

Bizning uchrashuvimiz o‘zbek diktatorining qulog‘iga yetib bordi. O‘zbekiston ichidagi tazyiq yana-da kuchaydi. Mening va ukam Muhammad Begjonning shaxsiy uylarimiz Karimov amri bilan konunga zid ravishda musodara etildi. Biz nashrimizni Istanbulda davom ettirishga majbur bo‘ldik.

Nashrni to‘xtatmaganimiz Turk hukumatini ranjitdi va 1994 yil oktyabr oyida Turkiyadan chiqib ketishimni talab qildilar.

Xonimim bilan Olmoniyaga chiqib ketishga majbur bo‘ldik. Biz 20 oktyabr 1994 yilda Istanbuldan Frankfurtga uchdik. (Farzandlarim Umida va Temur Turkiyada qoldi, chunki pasportlari yo‘q edi).

Turkiyada qolganimiz 1993-1994 yillar orasida bizga Bosh vazir o‘rinbosari Komil Yujauro, jurnalist Ismoil Jengiz kabi birodarlarimiz yaqindan yordam berishdi, sog‘ bo‘lsinlar. Bu kabi do‘stlar tufayli gazeta va kitob nashr etish, ovozimizni Turk va dunyo jamoatchiligiga yetkazish borasida qiymatli tajribalarga ega bo‘ldik. Biz Olmoniyaga ketsak-da, nashr ishimiz bu do‘stlar soyasida davom etdi. Gazetani gizli ravishda Turkiyada bosib, eski uslubda O‘zbekistonga baholi qudrat yetkazib turdik.

Bunga javoban diktator Karimovning amri bilan 1994 yil 11 dekabr kuni ukam Rashid Begjon hibsga olindi va uni yetti oy davomida mahkamaga chiqarmasdan Urganch qamoqxonasida qiynashdi. So‘ngra Rashid Begjon hech kanday konkret ayb qo‘yilmasdan 5 yilga qamoq jazosiga hukm qilindi. «Amnesti Interneyshnl» tashkilotining murojaatlariga qaramay Rashid Begjon qamokdan ozod qilinmadi.

1995 yil yanvar oyida Turkiyada chiqadigan ko‘p tirajli «Sabah» gazetasining birinchi sahifasida berilgan Checheniston rahbari Johar Dudaevning portreti bizning Istanbulda yuritayotgan faoliyatimizning uzilkesil to‘xtatilishiga asos bo‘ldi.

Gap shundaki, rasmda Johar Dudaevning stolida yotgan Ismoil Chengiz qalamiga oid «Özbekistanda demokratikleşme ve Muhammed Salih» kitobi o‘zbek diktatorining g‘azabini ko‘klarga ko‘tardi.

Karimov «ERK» ning odamlari hali ham Istanbulda gazeta chiqarib, Chechenistonda jangarilarni tayyorlayapti, degan iddao bilan Turk hukumatini aybladi.

Natijada Turkiyada tayyor gazetani bosmaxonaga beradigan bir kishimizni ham bu ishdan uzoqlashishga majbur etdilar.

Holbuki, “ERK”ning 10 kishilik taqimidan Pirmuhammad Xolmat, Rustam Mardon, Erkin Shermatov, Pahlavon Sodiq, Xayrulloh Fayz, Muhammad Begjon, Maqsud Begjon, Zarif Sulton avval Moskvaga, keyin Ukrainaga ketishgan edi.

Bu taqimdan Istanbulda ikki kishi qolgandi. Ulardan biri gazetaga muharrir etib tayinlaganimiz Jahongir Mamatov, ikkinchisi “ERK ”faoli Namoz Normo‘min edi.

Ular o‘zlarining «ERK»dan emasligini e'lon kilib, quvg‘indan qutilib qolishdi: N. Normo‘min «ERK» keyingi yillarda o‘z yo‘lidan uzoqlashgani uchun undan chiqdim, deb «Ozodlik» radiosiga bayonot berdi. Mamatov esa Turkiya kommunistlarining «Oydinlik» nomli gazetasiga intervyu berdi, shu gazetadan iqtibos: «…Ayni yillarda (1993-1996) Turkiyada bo‘lgan Jahongir Muhammad Solihdagi bu o‘zgarishni Saudiya Arabistoni, AQSh va Turkiyadagi o‘zbek boyvachchalaridan olgan pulga bog‘ladi».

Umuman, milliy harakat safiga shaxsiy manfaatini ko‘zlab kirganlar ozmuncha bo‘lmagan. Bular harakatga KGB tarafidan kiritilgan quloqlardan ko‘proq zarar keltirdi. Chunki KGB xodimlari vazifasini bajarib, harakatdan uzoklashsa, muxolif niqobidagi bu nusxalar uzoq yillar davomida Harakatimizni obro‘zsizlantirishga urinib, umrlarini Karimov rejimiga qarshi emas, Harakat va shaxsimga qarshi kurashga sarfladilar. Bu xoinliklar hujjat bilan sobitdir.

Ularning mukofotlarini Alloh, bahosini tarix bersin.

Pastda Jahongir Mamatovning Turkiya kommunistlar gazetasiga bergan ixboridan parcha yashil doirada ko‘rsatilgan:

FRANKFURT, KIYeV, SOFIYa, BUXARYeST

(1994-1998)

1994 yil oktyabr oyidan boshlab ayolim Oydin xonim bilan Frankfurt shahrida yashay boshladik.

Ham shaxsim uchun, ham siyosiy faoliyat uchun «Sukunat davri» deb atash mumkin bu davrni. Balki, «huzursiz sukunat davri» deyish to‘g‘ri bo‘lardi.

Siyosatan aytganda, O‘zbekistondagi «Bir Kishi Rejimi» mustahkamlana boshlagan bir davr. Porloq kelajakka bo‘lgan umidlarimiz sekin-asta qoraya boshlagan davr.

O‘zbek muxolifatining 1991 yil bo‘lib o‘tgan Prezidentlik saylovlarida ko‘rsatgan yuksak performansi yil o‘tgan sayin jamoatchilik tarafidan unutula boshlagan davr.

Bunga parallel o‘laroq qo‘limizda tutganimiz vatanga bog‘langan ipning tobora injalashayotgani zamonlar.

TO‘G‘RI INSON G‘ARBDA HAM, ShARQDA HAM TO‘G‘RIDIR

1995 yil noyabrda biz Oydinxonim bilan Berlinli shoir va bard Ekkexard Mass va rassom Shuhrat Bobojon tashkil qilgan Berlin sayohatiga ketdik. U yerda tilchi olimlar, shoirlar va jamoat arboblari bilan uchrashdik.

Ulardan eng yorqin xotiram bir ayol haqida. Bu ayol Berlinlik rassom va sobiq Sharqiy Germaniyaning mashhur dissidenti Barbela Boley (Bärbel Bohley).

1989 yil noyabr oyida Berlin devorining qulashi va bu qulashga olib kelgan tahlikali siyosiy voqealarning bahaybat figurasiga aylangan nozik jussali ayol.

To‘g‘ri inson G‘arbda ham Sharkda ham to‘g‘ridir. Kapitalistik rejimda ham, sotsialistik rejimda ham to‘g‘ridir.

Barbela Boley to‘g‘ri inson edi.

Ikki Berlinning birlashuvi uchun jonini ayamagan bu ayol ular birlashganda G‘arb olmonlarining axloqini ko‘rib, tiskindi. Barbela ularning sharqdagi hamma narsani ochko‘zlarcha, tezlik bilan egallab olganidan hayratga tushgandi «Ular juda takabbur edilar», degandi Boley.

Otasining Ikkinchi jahon urushidagi Sharqiy front haqidagi hikoyalari Barbelani bir muddat patsifist bo‘lishga ilhomlantirdi. Ammo Barbela Yugoslaviyadagi mojora qurbonlari bilan ishlar ekan, «inson huquqlarini qo‘lda qurol bilan himoya qilish kerak» degan radikal xulosaga keldi.

Barbela Boley 1970 yillarda professional rassomga aylandi. 1976 yilda u rasmi uchun mukofot sifatida Sovet Ittifoqiga ikki haftalik sayohatni qo‘lga kiritdi, lekin u ko‘rgan ijtimoiy sharoit uni dahshatga tushirdi.

1983 yilda u «Ayollar Tinchlik uchun» nomli mustaqil tarmoq tuzgani uchun GDR rassomlar uyushmasidan chiqarildi.

Shu yil oxirida u Britaniyaning yadro quroliga qarshi faollari va G‘arbiy Germaniyadagi «Yashillar partiyasi»ga ma'lumot berganlikda gumonlanib, hibsga olindi va olti haftaga qamaldi. Unga mamlakatni tark etish, badiiy komissiyalar izlash yoki o‘z asarlarini namoyish qilish taqiqlandi. Shunga qaramay, u rasm chizish va kampaniyalar o‘tkazishda davom etdi.

1989 yil may oyida bo‘lib o‘tgan mahalliy saylovlarda hukmron partiya tomonidan ovozlar qo‘pol ravishda soxtalashtirganidan so‘ng, u ichki islohotlarga chaqirib, Yens Reyx va Jutta Zaydel bilan «Yangi Forum» guruhini tuzdi. Bir necha hafta ichida bu tashkilotga 200 000 dan ortiq odam qo‘shildi. Sovet Ittifoqining so‘nggi rahbari Mixail Gorbachev kuchayib borayotgan repressiyani qo‘llab-quvvatlamasligini aytganida, ularning vaqti tugaganini tushundi. Sharqiy Berlinliklar devorni buzib tashlashni boshladi.

Boley 1990 yil sentyabrida sobiq Sharqiy Olmoniyaning maxfiy xizmati «Shtaze» shtab-kvartirasini tinch yo‘l bilan bosib olishga rahbarlik qildi. Va hukumatni dunyoda eng keng tarqalgan maxfiy politsiya fayllarini ochishga majbur qildi.

Ammo u 1990 yil mart oyida bo‘lib o‘tgan demokratik saylovlarda «Yangi Forum»ni xam o‘z ichiga olgan «Alyans 90» koalitsiyasiga atigi 3 foiz ovoz berdi.

Boley Sharqiy nemislarning aksariyati orzu-umidlarini baham ko‘rgan bir ayol emasdi. Olomonning lideri emasdi.

Barbela bir idealist edi.

U ikki Olmoniyaning birlashishidan oldin va keyin sodir bo‘lgan butun siyosiy o‘yinlar va o‘zgaruvchan «alyans»larda hech qachon o‘z o‘rnini topa olmadi, topishni istamadi. U lavozimga intilmadi. Sharq va G‘arb Olmoniyasining birlashuviga shoshilganlarga qarshi chiqdi. Ammo uning salbiy ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlar haqidagi ogohlantirishlariga hech kim quloq solmadi.

Boley haqda Barbara Eynxorn shunday yozadi: «Barbela Boley, buyuk jasorat sohibi va sofdil ayol. U «Ayollar tinchlik uchun» tashkilotining muassisdoshi edi. Men uni 1982 yilda END (Yevropaning yadroviy qurolsizlanish kampaniyasi) ayollar qo‘mitasi vakili sifatida ziyorat qildim. U paytlarda GDRda jamiyatni harbiylashtirishga qarshi chiqish xavfli edi.

1983 yil G‘arbiy Berlin o‘rta masofaga mo‘ljallangan yadro qurollarini joylashtirishga rozilik berib, «Sovuq urush»ni kuchaytirdi. Barbela va uning hamkori Ulrike Poppe hibsga olinib, «Shtaze» qamoqxonasiga olib ketildi va davlatga xiyonatda ayblandi. Men ham ayblandim, ammo diplomatik missiyalar va ommaviy matbuot ko‘targan shov-shuvlar meni besh kunlik so‘roqdan keyin ozod qilinishimga yordam berdi. Barbela va Ulrike olti hafta davomida bir kishilik kamerada saqlandilar. Ammo davlat ularni qo‘rqita olmadi. 

Barbela 1989 yilda “Yangi forum”ni tashkil kildi. Pastdan kelgan bu Tiranish 1989 yilgi tinch yo‘l bilan amalga oshirilgan inqilobning me'morlaridan biriga aylandi”.

Ekkexard Mass bilan Barbela Boley xonodanidamiz.

Bärbel Bohley (Barbela Boley), rassom va siyosiy faol, 1945 yil 24 mayda tug‘ilgan; 2010 yil 11 sentyabrda vafot etgan.

«MILLIY DYeMOKRATIYa INSTITUTI» TAShABBUSI

1995 yil boshida Islom Karimov muxolifat bilan go‘yo muloqotga tayyor ekanligini ko‘rsatish uchun Amerikadagi Milliy Demokratiya Institutining muxolifat bilan dialog taklifini qabul qildi.

Mashvaratda “ERK” partiyasi nomidan kamina, Pahlavon Sodiq, Irina Denisova; “Birlik” harakatidan Abdurahim Po‘latov va ukasi Abdumannob Po‘latov qatnashdi.

O‘zbekiston hukumatini rasman Adliya vaziri Alisher Mardiev tamsil etdi. Undan tashqari ayni paytda Vashingtonga boshqa bir dastur bo‘yicha kelgan M.Muhammad Do‘st va Erkin A'zamdan iborat bir «hay'at» ham bor edi. Ular ham muxolifatning kayfiyatini o‘rganishga mayl ko‘rsatishdi va Muhammad Solih bilan uchrashdilar. Milliy Demokratiya Institutidagi «dialog» Abdurahim Po‘latovning” ERK” va kaminaga qarshi uyushtirgan provokatsiyasi natijasida manfiy natijalandi. Muxolifat u yerdagi tinglovchilarga o‘z go‘shtini o‘zi yeydigan shuursiz bir maxluq bo‘lib ko‘rindi. Bu aynan O‘zbekiston KGBsining rejasi edi. Va afsus biz «erk»chilar bunga to‘siq bo‘la olmadik. Bizning diktator Karimov rejimiga qarshi keltirgan tezislarimiz Po‘latovning bizga qarshi shallaqilarcha hujumi soyasida qolib ketdi.

EYZYeNXAUERNING DALAHOVLISI

Bu uchrashuvlar davom etar ekan, bizni mashhur fizik olim Roald Sadeev uyiga mehmonga taklif qildi.

Men Sadeevning yordamchisi bo‘lgan yigitga O‘zbekistondan kelgan mehmonlarni ham olib borsak, ko‘payib ketmaymizmi desam, «yo‘q, yaxshi bo‘ladi» dedi.

Men Murod Muhammad Do‘st, Erkin A'zam va Pahlavon Sodiqni olib bordim.

Borganimiz makon AQShning prezidenti Eyzenxauer dachasi edi.

Roald Sadeev plazma fizikasi bo‘yicha mutaxassis va SSSR Fanlar akademiyasi Kosmik tadqiqotlar institutining sobiq direktori, Sovet Ittifoqi Prezidenti Mixail Gorbachevning ilmiy maslahatchisi, 1980 yillar oxirida AQShning 34- Prezidenti Duayt Eyzenxaueerning nabirasi Syuzan Eyzenxauerga uylanib, Amerikada Universitetda ish topgandi.Bugungacha o‘sha yerda faoliyat ko‘rsatmoqda bu olim.

Roald Sadeev milliyatchi, milliy ruhli inson ekan. Uning siymosida o‘zining turkligini unutmagan, aksincha, bu milliy shuuri Amerikaga borib yanada keskinlashgan bir ziyolini ko‘rdim.

Sadeev bilan ko‘p narsani gaplashmoqchi edim, ammo 60 yillardagi sovet dissidentlari harakatiga Roaldning ko‘rsatgan salbiy munosabati suhbatimiz samimiyatiga soya solib turardi.

Albatta, buni mehmonlar bilmasdi. Ular may ichib, shirakayf holda qo‘shiq ayta boshladilar. Yolg‘izlanib qolmasinlar deb, men ham ularga bir necha soniya «jo‘r» bo‘ldim.

Vashington sayohatimizni shu quvnoq oqshom bilan nuqtaladik.

Quyida dalahovlidan yana bir lavha:

Eski do‘stlardan iborat bu «hay'at»ning vazifasi muxolifatning kayfiyatini o‘rganish bo‘lganligi 6-7 oy so‘ngra ma'lum bo‘ldi. Yana bir «komandirovka» bilan Olmoniyaga kelgan deputat Erkin A'zam «jo‘rang M.M. Do‘st Karimovga sen bilan kelishish mumkin emasligini aytdi va biz bilan tushgan butun rasmlaringni unga shaxsan topshirdi», deya telefon orqali «mujda»ladi. Shu bilan diktator bilan rejalangan yarashuv «suvga tushdi». 

Va undan keyin hech qachon bunday kelishuvga intilish na biz tarafdan, na-da hukumat tarafidan bo‘ldi.

1994 yil noyabr oyi oxirida Turkiyadan quvilgan «ERK» taqimi o‘z gazetalarini Kievda chiqara boshladi.

Quyida «ERK» gazetasining Ukrainada chop etilgan bir sonining rasmi:

1995 yil mart oyida shaxsiy hayotimda muhim bir voqea yuz berdi: men sigaret chekish va spirtli ichimliklar ichishdan voz kechdim. Ichishni to‘xtatish u qadar qiyin bo‘lmadi, ammo chorak asrlik kashandalik hayotidan voz kechish nafsimga juda og‘ir keldi, ammo chekinmadim. Bir qo‘lida qalam, ikkinchisida sigaret tutish refleksga aylangan bir odam, deyarli bir yil davomida hech narsa yoza olmadim. Ammo yana-da olgan qarorimdan voz kechmadim. Allohning yordami bilan bu harom narsalardan uzoqda qoldim.

Olmoniya siyosiy shovqinlarni bizdan biroz uzoqlashtirganday bo‘ldi. Garchand telefon, faks orqali tashkilot va faollar bilan doim aloqada bo‘lsam ham, Ovrupo qit'asining sokin va sarin(salqin) aurasi mutaassir etdi desam bu balandparvozlik bo‘lmaydi.

Olmoniya biz sevgan diyor Turkiyadan keyin men va rafiqam uchun bir ma'naviy mushohada limaniga aylandi.

Biz uzun yillar orzu etganimiz sukunatga noil bo‘lgan edik. Namoz va ibodatim oqsamaydigan bo‘ldi. Yuqorida eslatganim inson ruhi va badaniga zarar bo‘lgan haromlardan uzoqlashishda ko‘rsatganim diroyat menga ilhom berdi. Zulmga qarshi kurashish uchun yangi turtki bo‘ldi. Men yana yoza boshladim.

Shu holda biz Oydin Xonim bilan o‘zimizcha baxtiyor edik… 

(Davomi bor)

Tag‘in o‘qing
11 january 2021
Surxondaryoda hayvonot bog‘i xodimlari kiyik go‘shtini Yangi yil dasturxoniga tortmoqchi bo‘lishgani borasidagi ayblovlarni Termiz shahri prokuraturasi o‘rganmoqda.  Prokuratura “Eltuz” ...
28 may 2019
Moliya vazirligi xodimlari tomonidan byudjet tashkilotlarida o‘tgan yili va joriy yilning birinchi choragi davomida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari bu muassasalarning ...
10 december 2020
Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyning kichik zalida 18 yil davomida taqiqda bo‘lgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” filmining taqdimoti kamtarona va odmi ...
13 april 2024
Diniy ekstremistik oqimlar ta'siriga tushib, ularni moliyalashtirgani aniqlangan Dilshod Qodirov qidiruvga berildi. 1969 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Dilshod Hojimurodovich ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...