Asosiy mavzular
25 january 2026

«Vodiyda o‘lish taqiqlangan» 17-qism

JOHAR DUDAYeV

1996 yil 21 aprelda J. Dudaev ruslar tarafidan o‘ldirildi.

O‘z o‘lkasini mustaqilligini e'lon qilgan, ammo faqat Ruslar emas, dunyo davlatlari tarafidan ham tan olinmagan bir davlat lideri halok bo‘ldi.

Juda huzunlandim.

Askar edi, askar kabi o‘ldi, ammo yana-da huzunlandim. Chunki bu romantizm qorishimli idealist general bilan xalqlarimizning ozodligi haqdagi deyarli barcha masalalarda til topishgandik.

Men uzundan-uzoq davom etgan shiddatli suhbatlarimizni esladim…

Joharning qanday halok bo‘lganini o‘rganib, uning «yaqinda Olmoniyadan «sputnikovыy telefon»kelyapti, istagan davlat bilan istagan joydan gaplashaveraman» deya sevinganini xotirladim.

Uni aynan shu sputnik telefonda gaplashayotgan paytda o‘ldirdi rus uchog‘i. Harbiylar telefon koordinatlarini askariy uchoqqa yetkazishgan va uchoq raketa bilan Dudaev turgan joyga nuqta otish qilgan.

Ayni shu telefon modelini menga ham hadya etishgandi Olmoniyadagi do‘stlarim. Bu apparat Dudaevga berilgani kabi, menga ham Turkiya Bosh Vaziri Najmiddin Erboqonning hadyasi sifatida berilgandi.

O‘lkalarimizdagi farq, diktator Karimovda sputnik-telefon koordinatlarini topib, unga raketa ota oladigan uchoqlar yo‘q edi u zamonlar.

«ERK» gazetasining Johar Dudaev shahidligi munosabati bilan bildirilgan ta'ziya bosilgan 120-soni (Aprel 1996)da «ERK» partiyasining shu bayonotiga ko‘zim tushdi:

«Rusiya federatsiyasi davlat dumasining kommunistlar fraktsiyasi tashabbusi bilan qabul qilgan Sovet Ittifoqining tarqalganini tasdiqlovchi «Belovej shartnomasi«ni bekor qiluvchi qarori Sovet Ittifoqidan ajralib chiqqan jumhuriyatlar mustaqilligini xavf ostiga qo‘yadi. Bugun yuridik kuchga ega bo‘lmasa-da, Rusiyadagi bo‘lajak prezidentlik saylovlarida real da'vogar hisoblanayotgan kommunistlar hokimiyatga kelib qolsalar ushbu qarorni amalga oshirmaydilar deb hech kim kafolat bera olmaydi. Qolaversa, Rusiyadagi Yeltsin boshchiligidagi bugun iqtidordagi hukumat ham imperiyani qayta tiklash niyatidan o‘zini tiyayotgani yo‘q. Shu munosabat bilan «ERK» Demokratik partiyasi Markaziy Kengashi O‘zbekiston hukumati va uning prezidentini O‘zbekiston mustaqilligini xavf ostiga qo‘yuvchi shartnomalarga qo‘l qo‘ymaslikka va mustaqillikni tahlika ostiga qo‘yuvchi tashqi xavf bor ekan, mamlakat ichkarisidagi barcha kuchlar bilan murosa olib borishga chaqiradi«.

Putin hukumatining 2014 yilda Ukrainaga tajovuz qilib, Qrimni bosib olishi, 2022 yilda bu suveren davlat sharqida joylashgan uchta viloyat va qator shaharlarni ishg‘ol qilishi «ERK» partiyasi 1996 yildayoq ogohlantirgan tahlikaning siyosiy vahima bo‘lmaganini ko‘rsatdi.

Bu tahlika bugun, 2022 yilda ham Markaziy Osiyoning hanuzgacha siyosiy infantilizmdan qutula olmagan irodasiz hukumatlari ustida lopillab turibdi.

“BO‘Z BO‘RILAR” YO‘LBOShChISINING KARIMOVGA XATI

1996 yilga kelib, O‘zbekiston diktatori I.A.Karimov kaminaning Turkiyadan chiqarib yuborilganini eshitib, Anqaraga munosabatini ozgina yumshatdi.

Men u paytda Frankfurt shahrida qo‘nim topgandim.

Bizning do‘stlarimiz bu «yumshama» fursatidan foydalanish kerak degan fikrga kelishdi.Milliyatchi Harakat Partiyasining raisi Alparslon Turkash1 kaminaga telefon qilib, «Shaxsim nomidan Karimovga bir maktub yozib, sizni u bilan yarashtirib qo‘ysak, nima deysiz?» deya so‘radi.

«Albatta, vatanga qaytishni istayman, ammo buning uchun Karimovning menga qo‘yadigan shartlari avvalgisidan farq qilmayajak, deb qo‘rqaman. Yana, siz bilasiz Ustod», deb javob berdim.

Tajribali siyosatchi Turkash: «Bir urinib ko‘raylik. Sizdan iltimos, mening so‘zim yerda qolmasligi uchun siz ham bir xat yozing Karimovga, murosa ohangida» dedi.

1Alparslan Turkash. Ali Arslan yoki Husayn Fayzulloh 1917 yil 25 noyabrda Qibrisda, Nikosiyada tavallud topgan, Turk ofitseri va siyosatchisi. Armiyada ekan, 1960 yil 27 may davlat to‘ntarishida faol rol o‘ynagan polkovnik Turkash harbiy xizmatdan keyin Bosh vazir o‘rinbosari, «Milliyatchi Harakat Partiyasining asoschisi va Raisi sifatida xizmat qildi.

1969-1997 yillarda MHP raisi lavozimida ishlagan.

Sulaymon Demiral tomonidan 1975 yil mart, 1977 yil iyun va 1977 yil iyul, 1978 yil yanvar oylari orasida tashkil etilgan hukumatlarda Bosh Vazir o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 1965, 1969, 1973, 1977 va 1991 yillardagi Turkiya umumiy saylovlarida deputat sifatida parlamentga kirgan. Turkash 1963 yilda millatchi doiralarni birlashtirish uchun Turk Tinchlik va taraqqiyot jamiyatini tuzdi.

1980 yil 12 sentyabr davlat to‘ntarishidan keyin 1980 dan 1985 yilgacha 4,5 yil qamoqda o‘tirdi.

1987 yilda Turkiya konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha referendumda siyosiy taqiq bekor qilindi.

Xuddi shu yili u o‘zi tuzgan Milliyatchi Mehnat Partiyasiga qo‘shildi va kongressda rais etib saylandi

Bu partiya 1991 yilgi Turkiya umumiy saylovlarida «Rafox partiyasi» va «Islohotchi Demokratik partiya» bilan saylov ittifoqi tuzdi…

Turkash 1997 yil 4 aprelda vafot etdi.

Men oqsoqol raisni xafa qilishni istamadim, xatni yozib, faksda yo‘lladim. Ammo xatda Turkash Bey istagan murosa yo‘qligidan ko‘nglim xijil edi. Bizga yaxshilik qilish uchun bel bog‘lagan bu idealist milliyatchini xafa qilish andishasidan xijil edi ko‘nglim. Lekin baribir xatimni o‘zgartira olmadim. Shundayligicha faksladim.

Ikki kun o‘tib, Milliyatchi Harakat Partiyasi ofisidan faks orqali quyidagi ikki maktubni yuborishdi. Ulardan birinchisi menga, ikkinchisi Karimovga yozilgan edi.

Birinchi kichik xat:

MILLIYaTChI HARAKAT PARTIYaSI

Tarix: 18.07.1996 Soni: Maxsus.

«Xurmatli Muxammad Solih Bey afandi,

O‘zbekiston Jumhurboshqoniga yozganim shaxsimga oid maktubning bir suratini zoti oliyngizga takdim etayapman. O‘qiyarak fikringizni bildirshingizni rijo etaman. Maxsus salom va hurmatlar bilan Imzo:

Alparslon Turkash

Rais

Ikkinchi xat:

MILLIYaTChI HARAKAT PARTIYaSI

Tarix: 18.07.1996 Soni: Maxsus.

G‘oyat muhtaram Islom Karimov Hazratlari

Zoti oliyngizning yuksak idorasi ostida O‘zbekiston juda baxtiyor bir hayotga qovushmishdir. Millat xizmatida kirishganingiz ishlar ham O‘zbek xalqiga hamda boshqa qardosh jumhuriyatlar xalqlariga foydali bo‘lmoqdadir.

Sovetlar Birligi tarqalgandan so‘ngra sizning g‘ayratingiz soyasida O‘zbekiston dunyoda tanilgan bir o‘lka holiga keldi. Yuksak va aqlli siyosatingiz ham bo‘lgamiz hamda dunyo tinchligiga quvvat bermaktdadir.

O‘zbekiston «ERK» Partiyasi raisi hurmatli Muhammad Solih bir necha yildir yurt tashqarisida yashayapti. U bilan Turkiyada, Ovrupoda uch marta ko‘rishdim.

Avvalo, Muhammad Solih bilan orangizda nima o‘tganini bilmayman. Faqat u zotingizga nisbatan hurmatkor bir lison qo‘llanmakdadir.

Buyuk insonlar buyuk ruhlidirlar. O‘zlariga karshi ishlangan qusurlarni afv etarlar. O‘zbekiston xalqi uchun birlik va barobarlikning muhim ekanligini taqdir buyurasiz. Lutf etarak, Muhammad Solih Beyga do‘stlik qo‘lini uzatishingizni istirhom etaman.

Shoyad siz musoada va qabul buyursangiz, uni Olmoniyadan olib kelib, Shimoliy Qibris Turk Jumhuriyatiga joylashtiraman. Ayoli va farzandlari bilan u yerda yashashini ta'minlayman. Zoti oliyingiz muvofiq ko‘rar va Unga O‘zbekiston Davlat Mushovirligi bersangiz juda mamnun bo‘laman.

Uning sizga yozgan maktubini ilova o‘laroq Zoti oliyngizga taqdim etayapman.

Lutfkor javobingizni kutaman. Zoti oliyngizga teran hurmatlarimni taqdim etaman.

Imzo: Alparslon Turkash

Men Anqaraga telefon qilib, Alparslon Turkash Beyga tashakkur etdim. Ayni paytda uning maktubidagi bir jumlani olib tashlashni iltimos qildim. Bu jumlani doira ichiga olib, Turkash Beyga faksladim. Bu jumla shu edi: «Shoyad siz musoada va qabul buyursangiz, uni Olmoniyadan olib kelib, Shimoliy Qibris Turk Jumhuriyatiga joylashtiraman. Ayoli va farzandlari bilan u yerda yashashini ta'minlayman. Zoti oliyingiz muvofiq ko‘rar va Unga O‘zbekiston Davlat Mushovirligi bersangiz juda mamnun bo‘laman«.

Alparslon Turkash Beyga «Hurmatli Boshbug‘um, men Karimov o‘tirgan Davlat Raisi maqomiga tolib bo‘lgan kishiman, undan men uchun mushovirlik lavozimi so‘ramang lutfan. Agar mumkinsa, shu jumlani olib tashlashingizni iltimos qilaman. Sizga bu jumlani faksda jo‘natayapman», dedim Istanbulcha yumshoqlik bilan.

Keyin Alparslon Turkashning Karimovga yozgan xati xoshiyasiga qalam bilan shu sharhni yozib, Anqaraga faksladim: «Muhtaram Boshbug‘um, maktubning shu qismini chiqaraylik. Men zolimdan bir narsa istamayman. Unga maktubni faqat Sizning xotiringiz uchun yozdim. M.Solih«

Men yubrogan faksni olib, Turkash Bey yana telefon kildi. Ovozidagi ohangdan iltimosimdan xursand bo‘lmagani sezilib turardi. «Siz bezovta bo‘lmang, bu ishni eng yaxshi usluda natijalantiramiz», deya gapini tugatdi afsonaviy polkovnik.

Keyin muovini telefon qilib, «Boshbug‘umiz uzlashmachi (kelishuvchanlik)ruhi zaif, deb sizning Karimovga yozgan xatingizni o‘z maktubiga ilova qilmadi» deya xabar berdi.

Men bunga sevindim, to‘g‘risi.

Tarixda «Diktatorga xat yozgan» degan malomatdan qutulganim uchun sevindim, albatta.

(Davomi bor)

Tag‘in o‘qing
7 august 2020
25 iyul kuni qirg‘izistonlik huquq himoyachisi Azimjon Asqarov pnevmoniya bilan kasallanishi oqibatida qamoqxonada vafot etdi, ammo o‘lim sababi aslida ...
31 may 2024
MS: Nichiksizla, xo‘jik brri, mo‘chchi oybikala. Og‘o tozoliqladan so‘llang. O‘lgan qotqon kim? Bir biravni go‘ttini g‘ijimlog‘on kim? Galgan getkannan ...
13 april 2024
Joriy yilning 9 aprel kuni Istanbul viloyati Fotih tumanida vaqtinchalik ishlash uchun kelgan o‘zbekistonlik ikki nafar fuqaro Instagram tarmog‘iga ...
25 april 2023
Eltuz kanaliga yetib kelgan videoda ikki nafar hijobli qiz 1 million sӯm qarzi bӯlgan boshqa bir qizning ustidagi kiyimini ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...