Catira
17 september 2018

Non narxi oshdi, kambag‘alning aqli shoshdi

Bir vaqtlar Islom Karimov nonning narxini oshirmaymiz, deb katta va'da bergan, lekin keyinchalik ko‘p bora kuzatilganidek, o‘z va'dasining ustidan chiqmagan edi.

Shavkat Mirziyoev nonning narxini oshirmaymiz, deb va'da bermadi, lekin uning davrida qolipli non, ya'ni buxankaning narxi bozor talabi asosida erkin belgilanadigan bo‘ldi.

15 sentyabrdan boshlab O‘zbekistonda shu paytgacha 650 so‘mdan sotilayotgan buxankaning narxi 1200 so‘mga chiqdi. Ba'zi joylarda esa bunday non 1100 so‘mdan sotilmoqda.

Shu paytgacha hukumat nonning narxini subsidiyalab kelayotgan edi. 650 so‘m qilib 2014 yilda belgilangan narx shu kungacha o‘zgarmay turgandi.

Hukumatning yangi qarorini sharhlagan ayrim nashrlar fermerlar arzon buxankani omixta yem o‘rnida ishlatib, molga berishgacha borib yetgani yozdi.

Endi esa hukumat subsidiyalashning yangi shakliga o‘tdi. Ya'ni non narxi oshishidan ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamni himoyalash uchun ularga har oyda eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida pulli kompensatsiya to‘lanadi.

Bu pul yoshga, nogironlik yoki boquvchisini yo‘qotganlikka doir va boshqa ayrim sabablarga ko‘ra nafaqa oluvchilarga beriladi.

Bundan tashqari, hukumat narx-navo oshishining oldini olish maqsadida bir kg bug‘doy uni uchun 1400 so‘m miqdorida yagona narx belgiladi.

Ammo bu ham vaqtincha. Mamlakat non sotishning yangi tartibiga moslashuv davridan o‘tganidan so‘ng un ham erkin bozor narxida sotiladigan bo‘ladi.

Albatta, O‘zbekiston hukumatining bu qarori erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tish zarurati bilan izohlansa-da, aholi o‘rtasida non narxi o‘sishidan norozilik paydo bo‘lgani tabiiydir.

Birinchidan, asosan, shaharlarda kambag‘allarning asosiy yeguligi aynan buxanka nondir. Har kuni nonvoylar yopadigan nonni sotib olishga ularning qurblari yetmaydi.

Ikkinchidan, buxanka nonning qimmatlashuvi ortidan yopgan nonning ham narxi oshishini kutish mumkin.

Zero, shu paytgacha buxankaning arzonligi yopgan nonning haddan tashqari qimmatlashib ketishi oldini olib turgan “jilovlovchi omil” vazifasini bajarib kelayotgan edi.

Albatta, aholi hukumatning yangi qaroridan ochiqchasiga norozilik bildirish darajasiga borib yetmaydi. Chunki buni “bo‘lari bo‘ldi” qabilida, ya'ni yuz berib bo‘lgan, endi uning oldini olish mumkin bo‘lmagan holat sifatida qabul qiladi.

Shunga qaramay, O‘zbekistonda buxanka non narxining oshishi kishilarda ichki norozilik uyg‘otmay qolmaydi.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
14 october 2021
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) kuzatuvchilar missiyasi 11 oktyabr kuni O‘zbekistondagi prezident ...
23 january 2019
O‘zbekistonda majburiy obunaning taqiqlanishi ko‘plab mahalliy gazeta va jurnallarning yopilishiga olib kelishi mumkin. 11 yanvar kuni «Normativ-huquqiy hujjatlar» portalida ...
4 august 2017
Karikaturachi rassomlar dam olishda davom etarkan, Eltuz boti e'tiboringizga O‘zbekistonda bugun dolzarb eng eski karikaturani taqdim etadi. 2015 yilning ...
24 december 2019
«Chet ellardan keltirib o‘rnatilgan unitaz va klozetlarda o‘tirvolib mazza qilib hojat chiqarish hatto ozodlikda yurganlarning ko‘pchiligi uchun ushalmas orzu-ku! Hattoki, ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...