Catira
12 september 2019

Go‘shtxo‘r amaldor yoki bir tuyur go‘shtga mahtal xalq

O‘zining “Amerika kasalligi” bilan og‘riganini tan olgan amaldor xalqni ko‘p go‘sht yeb qo‘yayotganlikda, buning natijasida go‘sht narxi ko‘tarilib ketayotganlikda aybladi. 

Ozuqa yetishmasligini go‘sht narxi ko‘tarilib ketayotganiga birinchi sabab sifatida keltirgan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Hayitovning gaplari ovqatiga bir bo‘lak go‘sht solish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ko‘pchilikka masxaralashdek tuyulmoqda.

“Go‘sht narxi nega qimmatlab ketyapti deb o‘ylaysizlar?.. Shunchalik ko‘p go‘sht yemoqdamizki, buning natijasida ko‘pgina kasalliklar paydo bo‘lyapti. Buni “Amerika kasalligi” deyishadi, bu kasallik menda ham bor, hammamizning tanamizda ortiqcha go‘sht bor. Men faqat go‘shtni aytmayapman, ovqatlanish madaniyatimiz yo‘q”, dedi mamlakat fermerlarining yetakchisi.

U ko‘pgina tumanlarda mutasaddilar fermer xo‘jaliklari maydonlarida ozuqabop ekinlar ekish va yetishtirishga qarshilik ko‘rsatayotgani, fermer o‘z xo‘jaligida ekinlarni erkin joylashtira olmasligi, ozuqa zaxirasi yetishmasligi esa o‘z o‘rnida go‘sht va sut mahsulotlari narxiga ta'sir o‘tkazayotgani haqida murojaatlar borligini ham ma'lum qildi.

Sovet davrida paxta maydonlarida almashlab ekish keng tarqalgan amaliyot edi. Ammo mustaqillikdan so‘ng marhum davlat rahbarining har bir katta ma'ruzasi yoki qabul qilgan hujjati ortidan “islohotlarning yangi bosqichi”ga o‘tavergan O‘zbekistonda bu amaliyot yo‘qoldi. 

A.Hayitov esa yangi prezident almashlab ekishga ruxsat berganini bildirdi. 

“…bu yil birinchi bor prezident qarori asosida paxtachilik xo‘jaliklarining 10 foiz maydonida beda ekini yetishtirishga ruxsat berildi. Endilikda fermer boshqa ekinlar bo‘yicha belgilangan hosildorlikni ta'minlasin va 10 foiz maydonda chorva uchun ozuqa ham eksin”, dedi Aktam Hayitov.

Bu kabi bayonotlar O‘zbekistonda go‘sht narxining muntazam oshishi fonida yangramoqda. Zero, aholi mazkur narx oshishining to‘xtashiga umid qilmayotir.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Namangan va Andijonda suyakli go‘sht 48-50 ming so‘m, Farg‘onada 50 ming so‘mdan sotilmoqda. 

Toshkentda ham bunday go‘sht narxi 50 ming so‘m, ammo lahm go‘sht bahosi 60 ming so‘mgacha boradi. 

To‘g‘ri, maxsus tashkil etilgan yarmarkalarda suyakli go‘sht narxi 35-38 ming so‘mdan. Ammo ularga shunchalik ko‘p suyak qo‘shiladiki, oxir-oqibatda sof go‘shtning narxi bozordagiga teng bo‘lib qoladi. 

Toshkentdagi qassoblardan birining aytishicha, buning uchun bitta molning go‘shtiga ikki-uchta molning suyagi qo‘shib sotiladi. Natijada ular zarar ko‘rishdan saqlanadi.

Sirdaryolik qassobning aytishicha, qishloqlarda haftasiga bor-yo‘g‘i yarim kilo go‘sht bilan ro‘zg‘or o‘tkazayotganlar soni juda ko‘p. Chunki odamlarning ko‘proq go‘sht olishiga moliyaviy qurbi yetmaydi.

Bu e'tiroflardan ko‘rinib turibdiki, amaldorlarning xalqni ko‘p go‘sht yeyayotganlikda ayblashi mavjud muammoni xaspo‘shlash, aybni aholining zimmasiga yuklashdan boshqa narsa emas. 

“Eltuz”ning O‘zbekistondagi hamkori
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
31 march 2016
Uning ilk bekati, O‘zbekiston poytaxti Toshkentda mamlakat prezidenti Islom Karimov bilan uchrashdi. Shtaynmayerning Toshkentga tashrifi bir qancha nemis OAV ...
18 may 2016
«Milliy tiklanish» gazetasi shu nomdagi partiya «yoshlarni yot g‘oyalar, buzg‘unchi kuchlar, mafkuraviy tahdidlardan avaylab-asrash»ga qaratilgan sa'y-harakatlarini tobora avj oldirayotgani ...
21 december 2023
Eltuzning bir biridan mustaqil ikki manbasining ma'lum qilishicha, xalq orasida Salimboyvachcha nomi bilan tanilgan taniqli tadbirkor Salim Abduvaliev Rossiya “jinoyat ...
22 october 2018
Moskvada Karimov haykali ochilgan 18 oktyabr kuni o‘zbek migrantlaridan biri haykal oldida ta'zim qilib, uning poyini o‘pdi. Absurd holat ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...