Asosiy mavzular
17 september 2025

Itoat uchun jazo: mansabdorlar O‘zbekiston paxta tizimi qurboniga aylanmoqda

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani hokimining o‘rinbosari Dilfuza Toshmatova O‘zbekistonda oxirgi uch yildan beri terimchilar yetishmayotgan sharoitda bu yilgi paxta terimining ilk qurboniga aylandi.

8-sentyabr kuni Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Toshmatova “majburiy mehnatga jalb qilish” uchun ma'muriy javobgarlikka tortilib, 20,6 million so‘m jarima qo‘llanilganligi haqida e'lon qildi. Bu qaror Toshmatova tomonidan mahalla “xotin-qizlar faollari”ga yuborilgan videomurojaat ijtimoiy tarmoqlarga tarqab ketganidan so‘ng qabul qilindi. Unda Toshmatova har bir faoldan 5–10 nafar terimchi topishni talab qilib, aks holda ular ishdan bo‘shatilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining rasmiy bayonotida fuqarolarga agar ular paxta terimiga majburan jalb qilinayotgan bo‘lsalar, maxsus ishonch telefoniga anonim ravishda murojaat qilishlari mumkinligi eslatib o‘tilgan.

Dilfuza Toshmatova munosib jazoga tortilgandek ko‘rinsa-da, paxta terimi vaqtida majburiy mehnat haqidagi murojaatlar va OAVdagi xabarlarni tekshirishi kerak bo‘lgan Mehnat inspektsiyasi “ko‘z oldidagi filni ko‘rmaslikni” afzal bildi. Gap shundaki, Toshmatova aslida paxtani o‘z vaqtida yig‘ib olinishi uchun javobgar bo‘lgan tuman hokimining topshirig‘ini bajarayotgan shaxs ekanligi aniq.

11-sentyabr kuni Eltuz telegram kanali Buxoro tumani hokimi Anvar Ochilovning mahalla xodimlariga aytilgan nutqi yozib olingan audioyozuvni e'lon qildi. Unda xokim fuqarolarni paxta terimiga safarbar qilish uchun «qattiq shug‘ullanishga» chaqirgan. “Ertadan boshlab shunday rejimda ishlaymiz. Soat 6:30 dan kechiktirmay ish boshlaysizlar. Hammani paxta terimiga olib chiqinglar. Fermerlar bilan kelishib, terimchilar uchun sharoit yaratinglar. Foto va video hisobotlarni [Telegram] guruhga yuboringlar”, — deb topshiriq bergan hokim.

Hokimning nutqidan ma'lum bo‘lishicha, Buxoro tumani bir kunda 1 100 tonna paxta yig‘ib olishi kerak — bu tuman bo‘yicha belgilangan umumiy rejaning 3,5 foizini tashkil etadi. Ushbu rejani bajarish uchun tuman bo‘yicha har kuni kamida 20 mingta terimchini safarbar qilish lozim, deydi hokim.

O‘zbekistonda paxta terimini Prezident maslahatchisi Shuhrat G‘aniev nazorat qiladi. U an'anaviy ravishda paxta mavsumida har kuni tushdan keyin Zoom yig‘ilish o‘tkazib, viloyat va tuman raxbarlaridan terimning kanday borayotgani, terimchilar soni haqida hisobot oladi. 2024 yilgi paxta terimi davridagi shunday yig‘ilishlardan sizdirilgan yozuvlar rejani bajarmagan tuman hokimlariga ulkan bosim o‘tkazilganini ko‘rsatgan edi. G‘aniev ularni lavozimidan ozod qilish va jinoiy javobgarlikka tortish bilan tahdid qilgan.

Paxta terimi vaqtida o‘zini o‘zi boshqarish organi sifatida taqdim etiladigan «mahalla yettiligi» odatdagi zarur terimchilar sonini ta'minlash uchun mas'ul bo‘ladi. Shu sababli mahalla xodimlari paxta terimi paytida juda katta bosim ostida ishlab, hokim topshiriqlarini bajarmaslik ularning ishidan ayrilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Mahalla xodimlarini ishdan bo‘shatish bilan qo‘rqitib, paxta terimiga safarbar etishga majbur qilgani uchun o‘qituvchining olti oylik maoshiga teng miqdorda jarimaga tortilgan Dilfuza Toshmatova, aslida, hukumatning eng yuqori pog‘onalaridan boshlab pastgacha tahdid va qo‘rqitish asosida qurilgan paxtaga safarbar tizimining navbatdagi qurbonidan boshqa narsa emas.

Agar amaldorlarni paxta terimi uchun odamlarni majburan jalb qilishga undayotgan sabab va rag‘batlar bartaraf etilmasa, O‘zbekiston paxta dalalari majburiy mehnat uchun yuqori xavfli hudud bo‘lganicha qolaveradi.

Tag‘in o‘qing
5 may 2024
Andijon shahar hokimi G‘ofur Abdurahmonov o‘z lavozimi va davlat amaldorlarga qarindoshligiga ishonib tadbirkorning mulkini «ko‘cha» uslubida tortib olmoqda.  «Malika ...
23 december 2019
2015-2017 yillarda O‘zbekiston fuqarolarining “buzuqlar maskani” deb e'lon qilingan kvartiralari va uylarini ommaviy ravishda musodara qilish holatlarini o‘rganish muhim ...
10 april 2017
9 aprel kuni ertalabdan, odamlar oqimi Drottningatan markaziga intila boshladi. U yerda yuz bergan terror hujumiga qarshi motam mitingi ...
14 september 2016
O‘zbekistonda Konstitutsiya toptaldi – yana bir bor uning arzimas qog‘ozlar tahlami ekaniga ishora berildi. Ayni holatni aks ettirgan rassom ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...