Yakkabog‘da yer tortib olish “sxemasi” va til biriktirgan uchlik
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida faoliyat yurituvchi fermer Nasiba Turdieva so‘nggi besh yil davomida fermer xo‘jaligitarkibida bo‘lgan yerni noqonuniy tarzda tortib olishgani ortidan kurashib kelmoqda.
Ushbu yer Yakkabog‘ tumani hokimining buyrug‘i bilan, guyoki Turdievaning “ixtiyoriy ravishda yer ijara shartnomasini bekor qilish” to‘g‘risidagi arizasi asosida olib qo‘yilgan. Turdieva 2005 yilda 49 yil muddatga yer ijara shartnomasi asosida ajratilgan ushbu yerda don va uzum yetishtirib kelgan. Uning aytishicha, yer avval tashlandiq holda bo‘lib, 20 yil davomida suv bilan bog‘liq ko‘plab qiyinchiliklarga qaramay, u oila a'zolari yordamida uzum va olma bog‘i barpo etgan va har yili davlat tomonidan belgilangan ishlab chiqarish rejalarini bajarib kelgan.
So‘nggi 20 yil ichida O‘zbekiston hukumati qishloq xo‘jaligi yer maydonlarini bir necha bor tartibsiz, xaotik tarzda “optimallashtirish”ni amalga oshirdi. Bu “er resurslaridan samarali foydalanish” bahonasida fermer xo‘jaliklarining yer maydonlari ba'zan qisqartirilib, ba'zan kengaytirilishiga olib keldi.
Yer maydonlarining ommaviy tarzda tortib olinishi va qayta taqsimlanishi tizimli ravishdagi noqonuniy holatlarni ochiqlab, korruptsiya, fermerlarning huquq va manfaatlarining toptalishi, davlat tomonidan yer ijara shartnomalarining bir tomonlama bekor qilinishi uchun kompensatsiya talab qilishning amalda imkoni yo‘qligi bilan birga kechdi.
Nasiba Turdieva “Fermer.Uz” telegram kanalida 2019 yil 24 yanvar kuni Yakkabog‘ tumanining o‘sha paytdagi hokimi Shomurod Donaev uning “Tuxtaev Tuychi Amirovich” nomli fermer xo‘jaligiga tegishli 22,7 gektar yer maydonini tuman zaxirasiga qaytarish to‘g‘risida buyruq chiqarganini ochiqlagan. Yerni tortib olish uchun ko‘rsatilgan yagona asos sifatida go‘yoki Nasiba Turdieva tomonidan tuman hokimi nomiga yozilgan “uzoq muddatli yer ijara shartnomasini ixtiyoriy ravishda bekor qilish to‘g‘risidagi ariza” bo‘lgan.Biroq Turdieva bunday arizani hech qachon yozmaganini ta'kidlaydi.
Bundan tashqari, ushbu yer maydonlari so‘ngi o‘n yil davomida fermerning oilasi uchun yagona daromad manbai hisoblanib, u tirikchiligidan mahrum bo‘lish arafasida turibdi. Turdieva bu yerlarni saqlab qolish uchun oxirigacha kurashishga tayer.
Hokimiyat tomonidan yerlarni “ixtiyoriy” tarzda ijaradan chiqarish yo‘li bilan musodara qilish usuli keng qo‘llanilib, bu ishda mansabdorshaxslar o‘ta beparvolik bilan hatto hujjatlarni qalbakilashtirishga yo‘l qo‘yganiholat ham aniqlangan. Go‘yoki Turdieva yozgan arizaning nusxasida ariza “N. Tuxtaev” nomidan yozilgan va “N. Tuychiev” nomi bilan imzolangan — bu shaxslardan hech biri Turdievaga tanish emas. Ko‘rinib turibdiki, arizani qalbaki tayyorlagan shaxslar fermer xo‘jalikninghaqiqiy rahbari kim ekanini aniqlashga ham urinmagan, balki xo‘jalik nomi “Tuxtaev Tuychi Amirovich”ni fermerning ismi deb o‘ylab, shu nomdan foydalangan.
Yaqinda Turdieva Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoevaga yo‘llagan shikoyatxatida ochiq-oydin qalbaki ariza asosida uning yer maydoni noqonuniy tortib olinganiga qaramay, prokuratura, sud va hokimiyat bir yoqadan bosh chiqarib, uning ishini ko‘rib chiqishdan bosh tortayotganini bildirgan.
2025 yil 21 noyabr kuni Qashqadaryo viloyati Apellyatsiya sudi Turdievaning ishtirokisiz uning shikoyatini rad etib, hokim qarorini o‘z kuchida qoldirdi. Sud bunga asos sifatida Turdieva ma'muriy sudga murojaat qilish uchun belgilangan 6 oylik muddatni uzrli sabablarsiz o‘tkazib yuborganligini keltirgan.
Sud qaroriga ko‘ra, “Birinchi instantsiya sudida N. Turdieva arizani shaxsan o‘zi imzolamaganini va imzo unga tegishli emasligini bildirgan bo‘lsa-da, sud Ma'muriy sud ishlarini yuritish kodeksining 186-moddasi 1-qismiga muvofiq, shikoyat berish muddati shaxs o‘z huquqlari buzilganini bilgan paytdan e'tiboran 6 oyni tashkil etishini ko‘rsatadi”.
Turdieva yer tortib olinganini faqat 2020 yil oxirida, yer auktsionga qo‘yilib, yangi egasiga o‘tgach, u kelib yerni bo‘shatishni talab qilganidan keyin bilgan. Turdieva yerni bo‘shatishdan bosh tortgach, yangi egasi 2023 yil oktyabrda fuqarolik sudiga murojaat qilgan va sud Turdievaning yerdan jismonan chiqarib yuborilishi haqida qaror chiqargan.
Hatto hokimiyat traktor yuborib uning dalasini haydatishga ham uringan, ammo Turdieva qo‘rqmagan va traktorning kirishiga to‘sqinlik qilgan.
Turdieva hanuz taslim bo‘lmayapti va umid bilan turli davlat idoralariga murojaat qilishda davom etmoqda. Hozirgacha biror sud uning advokati tomonidan keltirilgan, hech bo‘lmaganda qonunga muvofiq kompensatsiya olish huquqi haqidagi dalillarni tan olmadi.
“Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 206-moddasiga muvofiq, davlat organi qarori asosida yer uchastkasining tortib olinishi, unda turar joy binolari, boshqa inshootlar yoki qishloq xo‘jaligi ekinlari mavjud bo‘lgan taqdirda, faqat qonunda belgilangan holatlar va tartibda amalga oshirilishi mumkin. Bunda mulkdorga mulk huquqi asosida teng qiymatli mulk berilishi yoki yetkazilgan zarar to‘liq qoplab berilishi shart”, — deb yozilgan Turdievaning da'vo arizasida.
Turdieva — O‘zbekiston davlat organlarining qishloq xo‘jaligi sohasidagi tizimli noqonuniyxatti-harakatlari va yomon boshqaruvi qurboniga aylangan yuzlab fermerlardan biri. “Yer davlatniki” degan bahona bilan O‘zbekiston hukumati mol-mulk huquqini muntazam ravishda buzib, hanuzgacha yerlarni ommaviy qayta taqsimlashni amalga oshirmoqda. Mahalliy hokimiyat organlari esa qonuniy asoslarsiz bosim va kuch ishlatib, fermerlarni uzoq muddatli yer ijara shartnomalarini “ixtiyoriy” ravishda bekor qilish to‘g‘risida ariza yozishga majbur qilib kelmoqda.
