Suv omborini kengaytirish — qurg‘oqchilikka yechimmi yoki ekologik tavakkal?
O‘zbekiston hukumati Xorazm viloyatining Tuproqqal'a tumanida joylashgan “Ro‘ziboy” suv ombori sig‘imini oshirish rejasini ilgari surmoqda. Ushbu tashabbus O‘zbekiston Prezidentining suv xo‘jaligini modernizatsiya qilish bo‘yicha topshiriqlari doirasida amalga oshirilmoqda.
Bu haqda maqola chop etgan “Biznes Turkmenistan” nashrining yozishicha, O‘zbekiston va Turkmaniston chegarasida joylashgan suv resurslarini boshqarishga oid mazkur muhim loyiha nafaqat hududiy, balki transchegaraviy ahamiyatga ham ega.
Loyihadan ko‘zlangan maqsad – suv resurslarini yanada samarali boshqarish, qishloq xo‘jaligi yerlarini suv bilan ta'minlashni yaxshilash hamda suv ombori sig‘imini hozirgi hajmidan sezilarli darajada oshirishdan iborat.
Suv ombori Turkmaniston bilan chegaradosh hududda joylashgani ikki davlat o‘rtasidagi suv-energetika sohasidagi hamkorlikning ahamiyatini ko‘rsatadi.
Suv tanqisligiga eng ko‘p duch kelayotgan hududlar
Xorazm viloyati, Qoraqalpog‘iston va Turkmanistonning ayrim hududlari iqlim o‘zgarishi sababli suv tanqisligiga eng ko‘p duch kelmoqda. Suv omborining kengaytirilishi vegetatsiya davrida, ya'ni ekin ekish mavsumida, qo‘shimcha suv zaxirasini yaratishga yordam beradi.
Maqolada ta'kidlanishicha, mazkur masalalar ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va kelishuvlar asosida amalga oshirilmoqda. Bu Markaziy Osiyodagi “suv diplomatiyasi”ning ijobiy namunasi sifatida baholanmoqda.
Qo‘shimcha suv zaxirasi yangi yerlarni o‘zlashtirish yoki mavjud ekin maydonlarida hosildorlikni oshirish imkonini beradi.
Iqtisodiy zarurat va ehtimoliy xatarlar
“Ro‘ziboy” suv omborini kengaytirish loyihasi bir qarashda texnik yechim bo‘lib tuyulsa-da, uning atrofida turli iqtisodiy, ekologik va geosiyosiy mulohazalar mavjud.
O‘zbekiston hukumati uchun suv omborlarini modernizatsiya qilish suv tanqisligi sharoitida omon qolish strategiyasi hisoblanadi. Biroq ekspertlar orasida bunday yirik gidrotexnik inshootlarga nisbatan tanqidiy va ehtiyotkorona fikrlar ham bildirilmoqda.
Suv omborini kengaytirish qo‘shimcha zaxira yaratadi va suv ta'minotidagi beqarorlikni kamaytiradi. Ammo ayrim ekolog va iqtisodchilarning fikricha, yangi suv omborlari qurishdan ko‘ra, mavjud suvning bug‘lanishi va filtratsiyasiga, ya'ni yerga shimilib ketishiga qarshi kurashish samaraliroq hisoblanadi.
Ochiq suv omborlarida, ayniqsa Xorazm kabi issiq iqlimli hududlarda, ulkan miqdordagi suv bug‘lanib, isrof bo‘ladi. Ekspertlar xulosalariga ko‘ra, mablag‘ni suv omborini kengaytirishga emas, balki dalalarda tomchilab sug‘orish tizimlarini joriy etishga yo‘naltirish maqsadga muvofiq.
Ekologik ta'sir va sho‘rlanish xavfi
Loyiha yerlarni suv bilan ta'minlab, hosildorlikni oshirishi ijobiy natijadek ko‘rinsa-da, bu borada ekspertlarning mutlaqo qarama-qarshi fikrlari ham mavjud. Quyi oqimda joylashgan hududlarda suv sathining sun'iy boshqarilishi ekologik muvozanatni buzishi mumkin.
Suv ombori atrofida sizib chiquvchi suvlar grunt suvlari sathini ko‘tarib, atrofdagi ekin maydonlarining sho‘rlanishiga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Amudaryoning quyi oqimidagi tabiiy ekotizimlar, jumladan to‘qayzorlar, suv oqimining o‘zgarishiga juda sezuvchan hisoblanadi.
Transchegaraviy “nozik muvozanat”
Rasmiy nashrlarda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi kelishuv mintaqaviy do‘stlik ramzi sifatida ko‘p ta'kidlansa-da, bu borada nozik ziddiyatlar ham mavjud. Xalqaro ekspertlar fikricha, har qanday transchegaraviy suv inshooti kelajakda “suv uchun raqobat” manbaiga aylanishi mumkin.
Turkmaniston ham o‘z hududida yirik suv omborlariga, jumladan «Oltin asr» ko‘liga ega. Ikki davlatning suv zaxiralarini ko‘paytirishga bo‘lgan intilishi Amudaryoning Orol dengiziga borib quyiladigan so‘nggi tomchilarini ham kamaytirib yuborishi mumkin.
Yuqoridagi fikr va argumentlardan kelib chiqib, “Ro‘ziboy” suv omborining kengaytirilishi qisqa muddatli yechim sifatida muayyan darajada zarur, deya baholash mumkin. Ushbu loyiha mintaqadagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash yo‘lida muhim qadam bo‘lishi mumkin.
Turkmaniston bilan chegaradosh hududda bunday inshootning kengaytirilishi ikki qo‘shni davlatning suv resurslaridan birgalikda foydalanish borasidagi o‘zaro ishonchini aks ettiradi. Ammo strategik jihatdan bu chora faqat vaqtinchalik yechim bo‘lib qolishi ehtimoli ham inobatga olinishi lozim.
Haqiqiy barqarorlikka erishish uchun O‘zbekiston Suv omborlarida suv yo‘qotilishini kamaytirish maqsadida zamonaviy qoplamalardan foydalanishi, bunga parallel ravishda dehqonlarni suvni tejaydigan texnologiyalarga o‘tkazishni rag‘batlantirishi lozim.
