Ibrohim Xalilning ramazon kulchalari
43 yashar novvoy ramazon paytida iftor uchun maxsus yumaloq kulchalar ëpadi.

Bu kulchalar odatdagidan mazali va odatdagidan arzon. Oddiy non bir lira 80 qurush bo‘lgan bu shaharchada Ibrohim Xalilning o‘tin ëqiladigan tandiridan chiqqan kulchaning narxi bor yo‘g‘i bir lira.
Shaharchadagi ro‘zadorlar o‘z iftor dasturxonida Ibrohim Xalilning “O‘tin ekmagi” bo‘lishini juda istashadi. Shu bois iftorga yaqin novvoyxona ichi “ekmaktalab”lar bilan liq to‘ladi.
Ibrohim Xalilning chiroqlari (shogirdlari) granit supa ustida zuvalani o‘qlov bilan ëyib novvoy tarafga irg‘itishadi. Samoda uchaëtgan non zuvalalarini epchillik bilan ilib olgan novvoy ularni ëg‘och kurakka qo‘yib tandir ichiga tiqadi.
Pishgan nonlarni ham kurak bilan chiqarib olib marmar lavh ustiga tashlaydi. Chaqqon shogirdlar issiq nonlarni oldin qog‘ozga o‘rab keyin esa to‘rvaga solib mijozlarga berishadi.
Tandirxonani liq to‘ldirgan mijozlar orasida bugungi Turkiyaning barcha qatlamlari vakillarini ko‘rish mumkin. Iste'fodagi turk harbiysi suriyalik qochqin bilan ënma-ën o‘tirib non chiqishini kutmoqda.
Ëg‘och o‘rindiqlarda kurd, gruzinlar bilan birga Iroq turkmanlari ham o‘tiribdi.

Surëni, alaviy va salafiylar ënida sotsial demokratlar ham non kutmoqda. Tandir olovida yanoqlari yal–yal ëngan Ibrohim Xalil ramazon kunlarida iftor dasturxoni uchun non yetkazib berish uchun shoshib qolaëtganini aytadi.
“Mijozlarni hammasi iftordan besh daqiqa oldin tandirdan chiqqan issiq non istashadi. Tandir bitta – odam esa ko‘p. Men non yetkaza olmayapman. Iftor dasturxonida issiq non bo‘lsin degan talab bir ritualga aylantirilgan. Aslida bir dona xurmo, bir kosa suv ëki tuz zarrasi bilan ham iftor ochiladi”, – deydi novvoy.
Ramazonning ilk kunida Istanbulda portlash sodir bo‘lganida Ibrohim Xalil o‘z davlatiga hamdardlik timsoli o‘laroq novvoyxonasi ustiga turk bayrog‘ini osib qo‘ydi.
“Bu portlashlar iqtidordagi oq partiya olib borgan bemaza siësat mevasi” der ekan, novvoy Turkiya prezidenti Erdo‘g‘onning asabiy ritorikalari bilan to‘lgan gazetalarni g‘ijimlab olovga tashlaydi.
“Bu gazetalar faqat tutantiriqqa yaraydi”, – deydi novvoy. Ayni paytda novvoy oq partiya saylov avtobusiga tosh otgan kurd shogirdlarini ishdan haydab yuborganini aytar ekan, toqat va sabr siësatda muhim omil ekanligini ta'kidlaydi.

Aslida Ibrohim Xalil siësatdan ko‘ra futbolni, futboldan ko‘ra og‘ir navo turk qo‘shiqlarini sevadi.
“Ichim to‘la qo‘shiq. Elliginchi yildan beri Turkiyada qanday qo‘shiq aytilgan bo‘lsa hammasini azbar bilaman” deydi novvoy. Rossiyada “Ugaday melodiyu” degan ko‘rsatuv bor. Qo‘shiqni bitta notasini eshitiboq qaysi qo‘shiq ekanligini topish o‘yini. Shunaqa o‘yin Turkiyada bo‘lsa Ibrohim Xalil birinchi o‘rinni olgan bo‘lar edi.
“Qo‘shiq odamlarni birlashtiradi futbol esa ularni taraflarga ajratadi” degan novvoy Eltuz.com mushtariylari uchun qo‘shiq hirgoyi qilib berdi.
Menimcha Turkiyaning Suriya bilan chegaradosh shaharcha ahlini qo‘shiq emas, Ibrohim Xalilning ramazon kulchalari birlashtirmoqda.
Abdujamil Do‘stmuhammad
Eltuz.com
