Asosiy mavzular
11 may 2020

Muhammad Solih prezident Shavkat Mirziyoevdan iste'foga chiqishni talab qildi

1994 yildan beri surgunda yashaëtgan muxolifat lideri Muhammad Solih 10 may kuni o‘zining feysbuk sahifasida O‘zbekiston prezidenti iste'fosini talab qilib chiqdi.

Muhammad Solih o‘z murojaatini “Xo‘sh, siz nima berdingiz xalqqa?” degan ritorik savol ustiga quradi.

70 yashar Solihga ko‘ra, Shavkat Mirziyoev iqtidorga kelganidan beri o‘zbek xalqiga “va'da va balandparvoz so‘zlardan boshqa hech narsa” bergani yo‘q.

Shu bilan birga, taniqli siësatchi Muhammad Solih O‘zbekiston prezidenti sabab bo‘lgan 12 ta salbiy holatni birma-bir sanab o‘tadi:

1. Mirziëev iqtidorga kelib, va'da qilgani butun islohotlardan voz kechdi.

2. Ochko‘z, yuho hokimlarni xalq boshiga o‘tqazdi.

3. Odamlarning uylarini tortib olib, ularni kapalarga joylashtirdi.

4. Tanqid etgan jurnalistlarni “avariya” tusi berib o‘ldirdi.

5. Sardoba suv omborini xalqning boshiga ag‘dardi.

6. O‘zbekistonni chetdan olingan qarz botqog‘iga botirdi.

7. Tashqi siyosatda O‘zbekistonni Rusiyaning vassal davlatiga aylantirdi.

8. O‘zbek xalqini “eshaksevar” deb haqorat qilgan Jirinovskiyni chaqirib, oyog‘i ostiga qo‘y so‘ydi.

9. 1865 yil Toshkent ishg‘olida o‘lgan rus bosqinchilari xotirasiga qurilgan butxonani qayta tikladi.

10. O‘zbekistonda xalqning aksariyati qarshi bo‘lgan atom elektrostantsiyasi qurishni boshladi.

11. Endi tinkasi qurigan yurtni “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi” degan zindonga tashlash payida.

12. I.Karimov paytida jonsarak bo‘lgan davlat tili – o‘zbekchani butunlay o‘ldirdi.

Matn davomida Muhammad Solih O‘zbekiston prezidenti Sardoba fojiasining “bosh sababchisi”, degan ayblovni ilgari suradi:

“Kreditni o‘zim topaman, deb Islom Karimovni ishontirgan va bu omborni qurishni boshlagan siz edingiz,” deya ta'kidlaydi Muhammad Solih.

Shuningdek, u Shavkat Mirziyoevni suv  ombori qurilishi smetasida ko‘rsatilgan 404 (to‘rt yuz to‘rt) million dollarni Xitoydan olib, pulni ham, ombor qurilishini ham yaqin kishilariga topshirganlikda ayblaydi.

“O‘zbek va qardosh qozoq xalqlarining boshiga balo bo‘lgan Sardoba fojeasi ombor qurilishida juda katta o‘g‘irliklar sodir bo‘lganini fosh qildi. Endi xalqning aybdorlarni jazoga tortish talabiga javoban, siz o‘g‘irlikda hamtovog‘ingiz, fojea sababchisi Abdug‘ani Sanginovni Sardobada halokat taftish komissiyasiga kiritdingiz. Ya'ni bu kimsa o‘z jinoyatini “o‘rganib”, sizga raport yozadi. Raport o‘g‘ri tarafidan yozilib, o‘g‘riga beriladi, shundaymi?

Ha, poraxo‘rlaringizdan voz kechish qiyin bo‘layapti. Chunki ular sizning qon tomirlaringizdir”, deydi Muhammad Solih o‘z murojaatida.

Murojaat yakunida Muhammad Solih mamlakat prezidentiga qarata “Darhol prezidentlikdan iste'fo qiling! O‘zbek davlatchiligini xavf ostiga qo‘ymang! Keting!» deydi.

Muhammad Solih 2018 yili «Eltuz» muxbiri bilan suhbatda O‘zbekistonning yangi rahbari Shavkat Mirziëevning islohotlari samara berishidan umid bildirgan edi.

Muhammad Solih O‘zbekistonni 1989 yildan 2015 yilgacha, ya'ni o‘lguniga qadar boshqargan diktator Islom Karimovning asosiy tanqidchisi va muxolifi bo‘lgan.

Sovet O‘zbekistonida shoir sifatida tanilgan Muhammad Solih 1988 yilda O‘zbekistonda tashkil etilgan ilk norasmiy muxolif harakat – “Birlik”ning asoschilaridan biri edi.

U muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasini 1990 yilda tashkil etdi.

Muhammad Solihning nomzodi O‘zbekistonda 1991 yil dekabrida bo‘lib o‘tgan prezident saylovida Islom Karimovga raqib sifatida ilgari surilgan, rasman 12,7 foiz ovoz to‘plagani rasman xabar qilingan.

O‘zbekistonda muxolifatga qarshi boshlangan tazyiqlar 1993 yilda Muhammad Solihni vatanni tark etishga majbur qildi.

O‘zbekiston hukumati Muhammad Solihni 1999 yilgi 16 fevral portlashlarining tashkilotchilaridan biri deb ayblagan, lekin O‘zbekiston Oliy sudida ko‘rsatma bergan va keyin qamoqxonada hayotdan ko‘z yumgan Zayniddin Asqarov Muhammad Solih haqidagi ko‘rsatmalarini qiynoqlar natijasida olinganini aytgan.

2017 yilning sentyabr oyida O‘zbekiston muxolifati lideri Muhammad Solihning nomi Interpol qidiruv ro‘yxatidan olib tashlangan edi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
15 september 2017
15 sentyabr kuni Toshkentdagi «Zeroline» galereyasi «Qochish» (Pobeg) deb nomlangan tasviriy san'at ko‘rgazmasida, mamlakatni tark etgan rassom Shuhrat Bobojon ...
15 january 2019
O‘zbekistonda Vatan himoyachilari kuni nishonlandi… bu esa bolalar bog‘chasida olingan surat… Nimaga bolalarga armiya formasini kiygizishmoqda, men bilmayman, biroq ...
29 march 2017
Mirziyoevning kuyovi Otabek Shaxanov, O‘zbekiston prezidentining Qozog‘istonga rasmiy safari chog‘ida o‘zbek delegatsiyasi tarkibida ko‘rindi. 22-mart kuni tasvirga olingan prezident ...
26 may 2023
«Kel, haët ajdarxosiga yem bo‘lishdan oldin bir selfi qilaylik!» – Yarim million bola o‘qishni bitirdi. Ularni nima kutmoqda? Bu ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...