Asosiy mavzular
18 january 2021

Quvada o‘g‘irlab ketilib, uch kishi bir oy zo‘rlagan qiz tug‘di

2020 yil 16 mart kuni Farg‘ona viloyatining Quva tumanida yashovchi 18 yashar Roziyaxon Sodiqova Farg‘ona shahrida o‘g‘irlab ketilganini «Eltuz»ga aytib berdi. Otasining Quva tumani IIBga xabaridan salkam bir oy o‘tib ichki ishlar xodimlari qizni uyiga qaytarib olib keldi. 

– Qizim Farg‘ona shahridagi bir xolavachchasining yoniga mehmonga ketgan edi, – deydi Roziyaning otasi “Eltuz”ga. – 16 mart kuni dugonasi qo‘ng‘iroq qilib, Roziyani ikkita o‘g‘il bola majburlab mashinaga mindirib, ikkalasini olib ketganini aytdi. Keyin biz uni qidiruvga berdik.  

Roziya tutqunlikdagi bir oy davomida boshidan kechirganlarini “Eltuz”ga gapirib berdi: 

“Tohir ismli shaxs mashinasiga o‘tqazib, meni Quva tumani Go‘zal MFYda yashovchi Diyor Jo‘raev degan bolaning uyiga qamab, bir oy mobaynida jinsiy aloqa qilishga majburladi. 

U yerda bir bola va bir qiz ham bor edi. Meni Tohir Sotvoldiev zo‘rlab, o‘rtog‘i va qo‘shnisi bilan jinsiy aloqa qildirmoqchi bo‘ldi. Ko‘nmaganimdan keyin menga qo‘l ko‘tardi va zo‘rlab jinsiy aloqa qildirdi. 

Jinsiy aloqa paytida o‘rtog‘i prezervativda edi, Diyorda esa yo‘q. Majburan o‘sha uyda bir oy yashadim. Yashash mobaynida qochib ketishga imkon bo‘lmadi. Ikkinchi kuni kechga Tohir chiqib, Dilorom va meni har ikki kunning birida jinsiy aloqa qilishga majburladi, unamaganimda urdi. 

Men Diyor bilan bir oy mobaynida jinsiy aloqada majburan bo‘lgan paytimda undan homilador bo‘lib qoldim. Shu bir oy mobaynida Tohir bizni videoga va rasmga olgan ekan. 

“Agar bu yerda bo‘lganingni va bo‘lgan ishlarni birovga aytsang, video va rasmlarni internetga tarqatvoraman”, dedi Tohir va 25 aprel kuni meni militsiyaga topshirdi”. 

Uyiga qaytib kelganidan so‘ng Roziya zo‘rlaganlardan biridan homilador bo‘lib qolgani ma'lum bo‘ldi. 

“Mana shundan keyin qizimga kollejni bitirganlik haqida diplom ham berishmadi, unga hech kim yaxshi munosabatda bo‘lmadi. Hamma qarindoshlarimiz bizdan yuz o‘girishdi. Men ham jahl bilan uni uydan haydab yubordim. Ammo o‘z bolam ekan, yana o‘zim uni bir qarindoshimiznikidan topib olib keldim. Mana, qiz farzand ko‘rdi”, deydi Roziyaning otasi. 

Roziya zo‘ravonlar ustidan IIBga, Xalq qabulxonasiga, “Mahalla” jamg‘armasiga, prokuraturaga ariza yozganini, biroq o‘zi kutgan xulosani olmaganini bildirdi. 

“Hammalari bo‘lgan ishlarni o‘zimdan to‘nkab, o‘zimni aybdor qilishdi. Ular boyligi sababli hamma narsani bosti-bosti qilib qo‘yishibdi. Meni majburlab olib ketib zo‘rlash jinoyat emasmi? IIBdagilar buni jinoyat emas, deb xulosa yozishibdi”, deydi Roziya. 

21 dekabrda Roziya qiz tug‘di. O‘zining ta'kidlashicha, bolasining otasi uni zo‘rlaganlardan biri, Diyor ismli voyaga yetmagan yigitdir. Bu yigit chaqaloqning otasi ekanini tan olgan, hatto bola tug‘ilgandan so‘ng bir necha bor Roziyani ko‘rgani kelgan. 

Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i E.Haydamatov imzolagan xatda yozilishicha, fuqaro Tohir Sotvoldiev va voyaga yetmagan Diyor Jo‘raevning xatti-xarakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmagani sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atilishini rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. 

Bu voqeada eng ajablanarlisi huquq-tartibot idoralarining shunday og‘ir jinoyatni xaspo‘shlayotganidir. Xuddi yosh qizni o‘g‘irlash, guruh bo‘lib zo‘rlash, kaltaklash e'tibor qaratishga arzimaydigan oddiy ishdek. 

 “Eltuz” uch kun davomida viloyat IIB matbuot xizmatidan voqea yuzasidan munosabat olishga urindi. Ammo IIB savollarga javob bermadi.

eltuz.com

Tag‘in o‘qing
31 august 2017
Qudrat Bobojon 1965 yil Urganch shahrida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan. Bi-Bi-Si, Ozodlik radiolarining mintnaqaviy muxbiri bo‘lgan. «Urush va ...
23 march 2018
Keyingi paytlarda o‘qituvchi va bog‘cha xodimlari obodonlashtirish boshqarmasining “qo‘l-oyog‘i”ga aylangan. Ko‘chalarni supurib tozalash, ko‘chatlar ekish va oqlash, yo‘l belgilarini ...
15 august 2025
Bir kuni Majnun (asl ismi Qays) yo‘lda Laylining itini ko‘rib qoldi. Sevgilimning itini bir erkalay deb Majnun itning ëniga  ...
7 april 2016
2005 yilning may oyidagi Andijon shahrida yuz bergan voqealar xaqida xikoya qiluvchi “Sotqin” filmi shu kunlarda Jizzax viloyatida keng ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...